FVV Andijondagi muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish haqida rasmiy ma’lumot berdi

© AFP 2023 / GABRIEL BOUYSMorojenoe
Morojenoe - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yuz bergan ovqatdan zaharlanish holatining kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida, tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda

TOShKENT, 17-may — Sputnik. Andijon viloyatining Shahrixon tumanida muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish holati yuz bergani haqida xabar bergandik. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi saytida mazkur holat yuzasidan maxsus xabarnoma joylashtirildi.

Xabarnomaga ko‘ra, 2017-yilning 15-may kuni davomida Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasiga va Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qayt qilish va ich ketish kabi ovqatdan zaharlanish belgilari bilan 212 nafar fuqarolar murojaat qilgan.

Muzqaymoq - Sputnik O‘zbekiston
Ommaviy zaharlanishdan so‘ng Shahrixondagi barcha muzqaymoq kafelari yopildi

Murojaat qilgan barcha fuqarolarga shifoxonada belgilangan tartibdagi tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, 186 nafari statsionar holatda davolanish uchun yotqizilgan. Bemorlarning barchasi tuman markazida joylashgan "Maks" kafesida muzqaymoq iste’mol qilishganini aytishgan va kasallanishlarini shu bilan bog‘lashgan.

Yuzaga kelgan keskin epidemik vaziyatni yumshatish va zarur maslahat hamda amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida, 15-may kunidan boshlab tumanda Davlat Bosh sanitar vrachi — Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari S.Saydaliev rahbarligida respublika ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.

Bemorlarga ko‘rsatilgan barcha zarur davolash muolajalari samarasi o‘tgan sutkalar ichida, ya’ni 17-may soat 8.00 holatiga 153 nafar fuqaroning holati yaxshilanib, uyiga javob berilgan. Qolgan 33 nafar bemorning holati qoniqarli, kundan-kunga yaxshilanib bormoqda.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan bemorlar iste’mol qilgan muzqaymoq hamda ichimlik suvi manbalaridan bakteriologik va kimoviy tahlillar o‘tkazish uchun namunalar olingan, ularni tekshirish ishlari davom etmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi va viloyat hokimiyatining bir guruh mutaxassislari tomonidan Shahrixon tumanida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarni muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yuz bergan ovqatdan zaharlanish holatining kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida, tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0