14:54 23 Oktyabr 2017
Efir
V Tashkente student skonchalsya ot izbiyeniya

Toshkentda kollej talabasi urib oʻldirildi: uning onasi prezidentdan yordam soʻradi

© Podrobno.uz
Hodisalar
Havola olish
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)
2862143

Borovskiy nomidagi Toshkent shahar tibbiyot kolleji talabasini shu kollej talabalari doʻpposlashgani oqibatida vafot etdi

TOSHKENT, 4 iyun — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqdagi oʻzbek guruhlarida bir guruh talabalar tomonidan urib oʻldirilgan Borovskiy nomidagi Toshkent shahar tibbiyot kolleji talabasining onasi murojaati paydo boʻldi. Bu haqda "Podrobno.uz" xabar berdi.

Murojaatda shunday deyiladi:

"Oʻgʻlim, 1999 yil 11 dekabr kuni tugʻilgan Ibrohimov Jasurbek Mahammadjon oʻgʻli, Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining 2-kursida, 213-guruhda taʼlim oladi. U toʻliq ijobiy bola, yaxshi oʻqiydi, ichmaydi, chekmaydi, sport bilan faol shugʻullanadi. Oilamiz toʻliq. U otasi va kichik farzandlarimiz bilan yaxshi munosabatda. Men va turmush oʻrtogʻim oliy maʼlumotli va barcha farzandlarimiz sogʻlom oilada, mehr va muhabbat ogʻushida voyaga yetmoqda.

3 may kuni soat 8:30 da ishga ketayotganimda, oʻgʻlim uyda qolgan edi, shu kuni uning kollejdagi darslari 13:20 da boshlanishi kerak edi. Kech soat 17:08 da oʻgʻlim Jasur menga uy raqamimizdan qoʻngʻiroq qilib, tezroq uyga kelishimni soʻradi, u goʻyoki yiqilib tushgani va burnidan toʻxtamay qon oqib, qorni juda qattiq ogʻriyotganini aytdi.

Uning ovozi, albatta, meni juda qoʻrqitib yubordi, chunki u soʻzlarni bazoʻr aytar va uning gaplarini zoʻrgʻa ilgʻab qoldim. Uyga qaytarkanman, "Tez yordam" mashinasini chaqirdim va shu zahoti erim Mahammadjon Tursunovga qoʻngʻiroq qilib, u ham uyga tezroq yetib kelishini, oʻgʻlimiz yiqilib tushganini aytib, Jasurning gʻalatiroq ovozda gapirganini tushuntirdim.

Biz erim bilan bir vaqtda uyga yetib keldik, podʼyezdda koʻrishib, uyga kirarkanmiz, kirish eshigi ochiqligini koʻrdik, Jasur baland ovozda ingrayotgani eshitilib turardi. Yugurib bolalar xonasiga kirdik va dahshatli manzaraga guvoh boʻldik: oʻgʻlimiz polda ichki kiyimda bukilib yotar va qattiq ingrayotgan edi. Uning oldiga yugurib borib, boshini oʻzimizga qaratib, holatidan dahshatga tushdik: burni, ogʻzi va quloqlaridan quyuq qon oqar, butun beli momataloq boʻlib ketgan, tirsaklari ham shilingan, har ikkala tizzasi singan, butun peshonasi yorilgan edi.

Uni shu zahoti karavotga yotqizdik, biroq u qorni qattiq ogʻriyotganini aytib, baqirishda davom etardi. Qornining oʻng tomoniga qarab, unda poyabzalning yaqqol izini, tomoq, jagʻ sohalarida barmoqlarning izlari borligini koʻrdik. Undan nima boʻlganini soʻraganimda, u Vestminster universiteti oldidagi lotokka tushib ketganini aytdi.

Karavot qonga belangan, gilamda qon quyqalari bor edi, bir chekkada Jasurning singan telefoni yotardi. Hoʻl sochiq olish uchun vannaxonaga kirganimda, vanna, rakovina, unitaz, pol qonga belangani, polda uning kiyimlari yotgani, shimining tizzalari yirtilib ketgani, ular chang ekani, shimi va koʻylagida qon izlari borligini koʻrdim.

17:40 da "Tez yordam" mashinasi yetib keldi va bizni Yunusoboddagi 17-shahar kasalxonasiga olib bordi, yoʻl boʻyi Jasur ogʻriqdan ingrab bordi. Shifokorlar UTT oʻtkazib, oʻgʻlimda buyrak va oshqozonosti bezi ishdan chiqishi yuz bergan boʻlishi mumkinligini, rentgen maʼlumotlari esa miya chayqalishi va burun qismida sinish borligini koʻrsatganini aytdi. Shifokor bizni 5-bolalar kasalxonasiga yubordi, chunki oʻgʻlimiz hali 18 yoshga toʻlmagan edi.

"Tez yordam" mashinasi Yunusoboddagi 5-bolalar kasalxonasiga yetib kelganida, oʻgʻlim qon qusa boshladi. Biroq 5-bolalar kasalxonasining navbatchi shifokori bolani bu yerda olib qola olmasligini, unda juda jiddiy ichki jarohatlar borligini aytib, bizni 14-bolalar kasalxonasiga yubordi.

19:00 da "Tez yordam" mashinasi bizni 14-bolalar kasalxonasiga olib keldi, u yerda Tohir ismli bosh shifokor oʻrinbosari koʻrikdan soʻng bolamizni zudlik bilan reanimatsiyaga joylashtirdi (buning uchun unga taʼzim qilaman). Shifokor Jasurning tanasidagi jarohatlar bir necha shaxs tomonidan amalga oshirilgan doʻpposlash oqibatida paydo boʻlganini aytdi. Vrachlar shu zahoti boladagi barcha tan jarohatlarini suratga tushirib olishdi.

Keyingi ikki kun davomida oʻgʻlimni koʻrikdan oʻtkazishdi, bu vaqt davomida unga kuchli ogʻriq qoldiruvchi preparatlar yuborildi, chunki u ogʻriqlardan qiynalayotgan edi. Biroq oʻgʻlimning ahvoli keskin yomonlashdi, 11:30 da bizni MRTga yuborishdi, natijalar olinganidan soʻng, 19:00 da rentgen qilib, undan soʻng zambilda operatsiya zaliga oʻtkazishdi. 5 may kuni soat 19:30 da qorin boʻshligʻida operatsiyani boshlashdi, operatsiya besh soatdan ortiq, 24:30 gacha davom etdi.

Operatsiyani uch vrach — bosh shifokor oʻrinbosari Tohir, bosh jarroh Norboʻta va navbatchi masʼul jarroh (ismini eslolmadim, rus erkak) oʻtkazdi. Operatsiya tugaganidan soʻng, oʻgʻlimning ahvoli ogʻirligini, operatsiyaning oʻzi murakkabligini, Jasurda oʻn ikki barmoqli ichak zararlangani, buyragini toʻla gematoma qoplab olgani, oshqozonosti bezi jiddiy lat yegani va boshqa organlari ham jarohatlangani, peritonit (yiringlash) boshlangani sabab qorin boʻshligʻi toʻqimasining bir qismi olib tashlanganini maʼlum qilishdi.

Shuningdek, shifokorlar oʻgʻlim bir necha kishi ishtirokida har tomondan kaltaklangani haqidagi taxminimni tasdiqladi, oʻgʻlimning oʻzi ham hushiga kelganidan soʻng birinchi zarbadan soʻng yiqilgani, soʻng turishga uringan vaqtida, tizzalab turgani holda turli tomonidan tepkilangani, keyin hushidan ketganini aytib berdi.

6-8 may kunlari oʻgʻlimning ahvoli ogʻirligicha qoldi, 8 may kuni soat 21:00 da uni yana operatsiya qilishdi. 18 may kuni ahvoli ogʻirligi sababli, oʻgʻlimni 16-shahar kasalxonasiga oʻtkazishdi, 19 may kuni boʻlgan operatsiyada esa, ahvol ogʻirligi sabab, oʻt pufagini olib tashlashdi. 20 may kuni takroran operatsiya qilishdi. Kecha, 28 may kuni qon ketishi boshlangani sabab, soat 23:00 da operatsiya qilishga majbur boʻlishdi. Hozir oʻgʻlim juda ogʻir ahvolda reanimatsiyada yotibdi.

5 may kuni soat 10:00 da, men kasalxonaga kelgan vaqtim, reanimatsiya oldida turgan Islomning otasini koʻrdim. Keyinroq reanimatsiya mudiri Mahfuza Toʻlqinovna ertalab soat 7:30 da Jasurni koʻrgani bobosi kelganini va u bilan gaplashganini aytib, Islomning otasini koʻrsatdi. Lekin u hech qanaqasiga oʻgʻlimning bobosi emas — u mening oʻgʻlimni urgan Islomning otasi!

Oʻgʻlim kasalxonada yotgan oʻtgan kunlar davomida nima boʻlganini oʻzim aniqlashga harakat qilib koʻrdim.

Mana, oʻgʻlimning guruh boʻlib doʻpposlanganiga aloqadorlarning ismlari roʻyxati.

Islom, 2-kurs, Oʻlmas, 2-kurs, Temur, 3-kurs, Hurmat, 3-kurs, Temur, 2-kurs, Bekzod, 2-kurs.

Buning ustiga, ularning ikki nafari bezori sifatida roʻyxatda ham turadi, aynan:
Temur, 3-kurs, Hurmat, 3-kurs.

Shuningdek, mushtlashuvda ishtirok etgani bilan maqtangan Borovskiyning boshqa oʻquvchilari aytgan gaplarga koʻra, Islomning otasi va onasi advokat, u militsiyani sotib olgan va bu ish, avval ham boʻlganidek, yopdi-yopdi boʻlib ketadi.

Mushtlashuv tafsilotini aytib berganlar Oʻlmas orqadan kelib kuch bilan oʻgʻlimni tepganini, soʻng oʻgʻlim yiqilgani, qolganlar esa uni har tomondan tepkilashni boshlagani, oxirida esa Oʻlmas yerda yotgan jabrlanuvchining ahvolini suratga tushirganini aytib berdi.

2-3 oy avval ham Borovskiy oʻquvchilari oʻrtasida shunga oʻxshash mushtlashuv boʻlgan, Islom va Oʻlmas 2-kursda oʻqiydigan Temurni doʻpposlagan, u yuzidan jarohatlar olgan (yuziga bir necha chok tushgan), shundan soʻng uni suratga olib, hammaga koʻrsatishgan, bolani esa uzoq vaqt masxara qilib yurishgan.

Biroq bu ishni imi-jimida tinchitilgan, Islom va Oʻlmas jabrlanuvchiga 200 dollardan pul bergan. Kollej oʻquvchilarining aytishicha, Islom va Oʻlmas nisbatan kuchsiz oʻquvchilarni uradi, buni suratga tushiradi, soʻng ularning ota-onalari jabrlanuvchilarga pul toʻlab, ishni tinchitadi, bu oʻsmirlar esa urib, jabrlanuvchini suratga tushirishdan va, albatta, jazoga tortilmasligidan zavq oladi.

Yuz bergan voqea haqida dekan Mariella Tulenovnadan soʻraganimda, u «hech qanday qoʻrqinchli narsa boʻlmagan»ini aytdi. Modomiki shunday ekan, unda nega 2-kursda oʻqiydigan Temur oʻzi bilan boʻlgan hodisa haqida aytishdan va uni ham oʻgʻlim, Jasurning koʻyiga solishlaridan qoʻrqadi?

3 maydagi tepkilash qayerda yuz berganini aniqladik — hammasi soat taxminan 12:00-16:00 oraligʻida Oʻzbekiston Harbiy prokuraturasi va 145-maktab hududlariga tutash joyda yuz bergan. Harbiy prokuratura binosida videokuzatuv kameralari bor va hodisa yuz bergan lahza videokuzatuv kameralariga yozib olingan boʻlishi mumkin. Garajlar yonida stomatologiya klinikasi joylashgan (Istiqbol koʻchasi, 25-uy), klinika xodimlari Nigina va Lena oq koʻylakdagi yetti oʻquvchini koʻrganini, ulardan biri qonga botganini, qolganlar unga nimadir deb ketayotganini tasdiqladi. Oʻquvchilar Niginaga qonga botgan bola oʻzi yiqilib tushganini aytgan, Nigina va Lena oʻgʻlimni yuvintirgan va unga birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan.

Biroq, sizga yoʻllayotgan murojaatimga qadar na biz, na mazkur oʻsmirlar «toʻda»si soʻroq qilindi, videoyozuvni olishga ham qiziqib koʻrishmadi. Nima uchun bu vaziyatga na Borovskiy kollejining pedagogik jamoasi, na bu oʻsmirlarning ota-onalari, na tuman ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirmayotgani biz uchun tushunarsiz. Aynan shunday yaramaslar voyaga yetgach, oʻz Vatanini sotadi va turli jinoiy guruhlarga, xususan, ISHID safiga qoʻshiladi.

Men doʻpposlashga aloqador olti oʻquvchining familiyalarini oʻqituvchilardan soʻraganimda, ular bu oʻquvchilarning familiyalarini bilmasliklarini aytishdi.
4 may kuni Islom haqida dekan Mariella Tulenovnadan soʻraganimda, u bu oʻquvchi darsda boʻlganini aytdi, oradan bir necha kun oʻtib esa Islomning oʻqituvchisi Janna Vorotnikova Shuhratovna oʻz darsini tashlab, ochiq darsda qatnashish uchun boshqa sinfga chiqqanini, qaytib kelganida Islom darsda boʻlganini aytdi.

Biroq 19 may kuni dekan oʻquvchilar tanaffus vaqtida tashqariga chiqqanini, Oʻlmas (2-kurs, 226-guruh oʻquvchisi) mushtlashuvda umuman qatnashmaganini aytishni boshladi. Agar Janna Vorotnikova Shuhratovna, shuningdek, «Shaxs va jamiyat» fani oʻqituvchisi va dekan Mariella Tulenovna yolgʻon gapirib, bezori oʻquvchilarni yashirayotgan ekan, kollej maʼmuriyati (direktori) Lutfi Yoʻldoshevna Yusupova qayerga qarayapti?

Umid qilamanki, adolat qaror topib, barcha aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi", deb yozgan ona.

Bundan tashqari, Jasurbekning onasi Oʻzbekiston prezidentiga ham murojaat qildi:

"Bevosita sizga ariza bilan murojaat qilish imkoniyati borligi uchun minnatdorlik bildirib, boshqa organlarga, aynan — Bosh prokuratura, IIV, Taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, shuningdek, Ombudsmanga murojaat qilib, hech qanday natijaga erishmaganimizni maʼlum qilmoqchiman…
2017 yilning 1 iyun kuni olgan jarohatlari sababli beshinchi marta operatsiyani oʻgʻlimning yuragi koʻtara olmadi va Jasurbek Ibrohimov vafot etdi! Ushbu vahshiyona tahqirlash uchun esa hech kim jazolanmayapti va bizni hamma inkor etmoqda. Toʻlaganov Islomning ota-onasi yurist ekanligi va oʻz mansablaridan foydalanayotganligi bunga sabab boʻlmoqda.

Bizning holatimizni his qilib koʻring — ardoqli oʻgʻilsiz qolish dardi tasvirlab boʻlmas darajada ogʻir, endi qandoq yashaylik?".

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Mavzu:
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)

Asosiy mavzular