14:55 23 Oktyabr 2017
Efir
Oʻzbek militsiyachilari

Talaba Ibragimovning oʻlimida kim aybdor: tergov mujmal ahvolda

AP Photo / Mikhail Metzel
Hodisalar
Havola olish
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)
3425191

Toshkent IIBB bu ishni alohida nazoratga olgan boʻlsada, mojaro ishtirokchilari bir-birini ayblashda davom etmoqda

TOSHKENT, 5 iyun — Sputnik. Toshkent shahridagi Borovskiy nomli kollejda yuz bergan fojia tafsilotlari borgan sari chigallashmoqda. Eslatib oʻtamiz, ushbu kollej talabasi Jasurbek Ibragimov ayovsiz kaltaklanish oqibatida halok boʻlgan edi. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri sodir etilgan mudhish hodisaga aniqlik kiritishga harakat qildi.

Muxbirga koʻra, "kalavaning uchi topilmayotganiga" bir tomondan mojaro ishtirokchilari, ikkinchi tomondan esa huquq-tartibot organlari xodimlarining oʻzlari sababchi. Shu tariqa, yakshanba kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan matbuot-anjumanida hodisa qatnashchilari va militsiya xodimlari oʻz pozitsiyalarini bayon etishgan.

Anjuman avvalida soʻzga chiqqan Abdujamil Rasulov (asosiy gumonlanuvchi — Islombek Toʻlaganovning otasi) oʻz farzandini hech qachon birovni kaltaklashga oʻrgatmaganini aytib, oʻgʻli aqlli va odobli bolaligini taʼkidlagan. Otaning aytishicha, ikki yigit oʻrtasidagi mojaro bir kun avval qiz bola tufayli roʻy bergan.

"Mening oʻgʻlim mushtlashuvdan bir kun avval kollej yaqinida Jasurbek Ibragimov va shu kollejning yana bir talabasi Dilshod Abdullayevni uchratib qolgan. Ular qattiq ovozda surishayotgan boʻlgan. Oʻgʻlim ular bilan salomlashib, nima gapligini soʻragan. Abdullayev Jasur uning singlisiga iltifot koʻrsatayotganini va bu holat unga maʼqul emasligini aytgan. Oʻshanda oʻgʻlim Dilshod Abdullayevga Jasur bilan tortishmaslik kerakligini, uning boshi lat yeganini eslatgan", — deb aytgan Abdujamil Rasulov.

Otaning soʻzlariga koʻra, aynan shu voqea kelasi kun janjal kelib chiqishiga sabab boʻlgan. Va bu mojaro ilgari kurash bilan shugʻullangan Ibragimov tufayli yuzaga kelgan.

"U oʻgʻlimni dast koʻtarib yerga agʻdargan va oqibatda uning qoʻlini sindirgan. Shundan soʻng ularni ajratishgan. Oʻgʻlim sal chekkaroq oʻtib turganida, bir kursdoshining Jasur u tomon yugurib kelayotgani haqidagi qichqirigʻini eshitgan. Shunda u qoʻl va oyoqlarini koʻtargan, Jasurbek Ibragimov esa shu tarzda unga kelib urilgan va shikastlangan. Shundan soʻng qoʻshni stomatologiyadagi hamshiralar Ibragimovga yordam koʻrsatishgan va hamma tarqalgan", — deb taʼkidlagan ota.

Shu tariqa, otaning soʻzlariga koʻra, halok boʻlgan bolani bir martagina urganini tan olgan bosh gumondor aslida aybdor emas, uni shunchagi shunga majbur qilishgan. Ota shuningdek, jabrlanuvchi mojarodan soʻng uyga yakka oʻzi yoʻl olganligi va ogʻir jarohatlarni yoʻlda, yaʼni janjaldan keyin olgan boʻlishi mumkinligiga shaʼma qilgan.

Bundan tashqari, Abdujamil Rasulov Ibragimovning ota-onasiga dagʻdagʻa qilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni ham inkor etgan. Uning soʻzlariga koʻra, u Jasurbekning ota-onasiga oʻgʻillarini davolatishlari uchun pul bergan va malakali shifokorlarni chaqirtirib, jabrlanuvchini MRTga olib borgan.

Ammo faktlar bu gaplarni tasdiqlamayapti. Jasurbek Ibragimovning oʻlimidan soʻng berilgan maʼlumotnomada uning qorin boʻshligʻidagi aʼzolari jiddiy shikastlangani, oʻn ikki barmoqli ichagida koʻp sonli yorilishlar borligi, oʻng buyragi lat yegani va boshqa organlari ham jarohatlangani, peritonit (yiringlash) boshlangani aytilgan. Bunday holat esa tasodifiy zarbalar yoxud polga yiqilish tufayli yuz bermasligi aniq.

Buni matbuot-anjumanida ishtirok etgan huquq-tartibot organlari xodimlari ham tasdiqlashgan.

Mirobod IIBB tergov boʻlimi rahbari Muzaffar Asqarovga koʻra, ayni vaqtda militsiya ushbu ish boʻyicha gumonlanayotgan olti talabani soʻroq qilmoqda. Shular orasida faqat Islombek Toʻlaganov oʻz aybiga iqror boʻlgan va raqibini bir marta urganligini tan olgan, qolganlari mushtlashuvda ishtirok etganliklarini rad etishmoqda.

Asqarovning soʻzlariga koʻra, olti nafar talabalarning hammasi ayni vaqtda Toshkentda. Va ular, ayrim saytlar xabar berganidek, hech qayerga chiqib ketmagan.

Halok boʻlgan talaba tomondan ushbu uchrashuvda Jasurbekning qiz bola kursdoshining onasi ishtirok etgan. Ayol umuman boshqacha hikoyani soʻzlab bergan. Uning soʻzlariga koʻra, ikki yigit oʻrtasidagi mojaro bir yildan buyon davom etib kelmoqda. Hammasi esa Jasurbek Islobek Toʻlaganov tinch qoʻymayotgan qizning yonini olgach boshlangan.

Mojaro kuni Islombek oʻz raqibini aldov bilan axlatxona yoniga chaqirib olgan. U yerda ikkisini Islombekning doʻstlari poylab turishgan. Avvaliga yigitlar birga-bir urush qilganlar, ammo sal keyin kimdir Jasurbekka zarba bergan, u yiqilib hushidan ketgan. Shundan soʻng yigitlar uni oyoqlari bilan tepa boshlaganlar.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bu hodisa yuzasidan jinoiy ish faqatgina 31 mayga kelib ochilganini maʼlum qilib, jurnalistlarni bir oz kalovlantirib qoʻydilar. Aytib oʻtish lozimki, hodisa 3 may kuni yuz bergan, yigitning onasi esa ichki ishlarga 5 may kuni murojaat qilgan. Militsiya xodimlarining soʻzlariga koʻra, 5 maydan 31 mayga qadar "tergovdan oldingi harakatlar" olib borilgan, ammo halok boʻlgan bolaning onasi oʻz maktubida ushbu masalada tuman IIBB harakatsizlik koʻrsatayotganini maʼlum qilgan.

Qiziqarli va tergovni toʻxtatib turgan faktlardan yana biri shuki — shifoxonada Jasurbekni koʻzdan kechirishgach, unga olgan jarohatlari oʻrtacha ogʻirlikdan past deb yozilgan maʼlumotnoma berishgan. Tergov ayni vaqtda bu shifokor xatosi yoxud ishga korruptsiya aralashganini aniqlashga urinishmoqda.

Ushbu ish ayni vaqtda Toshkent IIBB tomonidan alohida nazoratga olingan va umid qilamizki, aybdorlar jazosiz qolmaydi. Va aybdorlar deganda nafaqat urganlar, balki oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatmaganlar, qolaversa, oʻz talabalarini nazoratsiz qoldirgan pedagoglar va eng asosiysi, farzandlariga mana shunday tarbiya bergan ota-onalarni nazarda tutmoqdamiz.

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri voqea rivojini kuzatishda davom etadi.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Mavzu:
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)

Asosiy mavzular