13:08 22 Sentyabr 2017
Efir
Vrach

"Shifokor nega xojatxonaga tushdi?" - Namangan viloyati FVV boshqarmasi izohi

Sputnik / Aleksandr Kryajev
Hodisalar
Havola olish
438304

Hozirda tarqalayotgan gap-soʻzlarga qaraganda, qimmatbaho telefonni olib chiqish uchun xojatxona ichiga tushib ketganlar pastdan turib yordam soʻragani uchun hodisa joyiga yetib kelgan shifokor ham xojatxona ichiga tushishga majbur boʻlgan. Nahotki oliy maʼlumotli vrach ushbu harakati bilan oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyayotganini bilmagan boʻlsa?

TOSHKENT, 17 iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Eng ogʻir, inson hayoti uchun oʻta ogʻir boʻlgan gaz — axlat gazi hisoblanadi. Buni yoshu-qari birdek bilishi kerak", — deb taʼkidladi Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga Namangan viloyati FVV boshqarmasi matbuot-xizmati vakili.

Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida bir gadjet tufayli uch insonning hayotiga nuqta qoʻyildi.

Samsung-Galaxi-J7 telefonini xojatxonaga tushirib yuborgan fuqaro G.Musaboyeva yollangan ishchilar A.Qirgʻizboyev va O.Murzaliyevlardan yordam soʻragan. Ikki ishchi xojatxona tubiga narvon yordamida tushishgan va ogʻir gazdan zaxarlanib, xushdan ketishgan. Shundan soʻng ayol shifokorni chaqirtirgan. Yollanma ishchilarni qutqarish uchun xojatxona tubiga tushayotib, vrach ham xushidan ketgan.

Yangiqoʻrgʻon tumanida yuz bergan bu ayanchli hodisa hatto jahon matbuotlarini aylanib chiqishga ulgurdi.

Aytish joizki, aksariyat oʻzbekistonliklar bu fojiaga odamzotga xos illatlardan biri — ochkoʻzlik sabab, degan fikrni bildirishayotgan boʻlsa-da, shifokor nega hojatxonaga tushgan, degan savol barchani qiziqtirmoqda.

Ammo shifokor nima sababdan hojatxonaga tushgan, degan savol esa hozirga qadar ochiqligicha qolyapti.

Namangan viloyati FVV boshqarmasi vakilining soʻzlariga koʻra, shifokor hodisa joyida telefon egasi boʻlgan ayolning oʻziga hojatxonaga tushish mumkinmasligini tushuntirishi va oʻsha joyning oʻzidayoq tegishli tashkilotlarga xabar berishi kerak edi.

"Doktor — oʻqimishli, oliy maʼlumotli odam nega bunday qilganiga izoh bera olmaymiz. Hozir turli gap-soʻzlar tarqalyapti, masalan, xojatxona ichiga tushib ketganlar pastdan turib yordam soʻragani uchun vrach ham xojatxona ichiga tushishga majbur boʻlgan deyilyapti. Lekin bu shunchaki taxmin", — deb taʼkidladi suhbatdosh.

FVV xodimining soʻzlariga koʻra, hozirda bu kabi holatlar koʻpayib ketgani uchun Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi doimiy ravishda mana shunaqa ogʻir gazlardan zaharlanishning oldini olish boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlarida suhbatlar tashkil etib kelyapti.

"Mahalli ahlini yigʻib, musulmonlar, koʻzingizni oching, xojatxonaga tushib boʻlmaydi, deb ochiq-oydin gapirib, ularni hushyorlikka chorladik. Yana bir bor eslatib oʻtamiz, xojatxonaga tushish aslo mumkin emas — u yerda eng ogʻir gaz, inson hayoti uchun juda xavfli boʻlgan gaz mavjud. Farzandlarga ham hushyor boʻlib, ularni iloji boricha nazoratdan chiqarmaslik kerak", — taʼkidladi suhbatdosh.

Eslatib oʻtamiz, kuni kecha FVV matbuot-xizmati mazkur holat yuzasidan tegishli xizmatlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edi. Surishtiruv tafsilotlari hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.

Asosiy mavzular