14:57 23 Oktyabr 2017
Efir
Molotok sudi v zale suda

Islom Toʻlaganov: Jasurni oʻldirmaganman

© Sputnik/ Maksim Bogodvid
Hodisalar
Havola olish
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)
322154

Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimovning oʻlimida ayblanayotgan Islombek Toʻlaganov oʻz kursdoshini urganini tan oldi. Men Jasurni urganman, lekin oʻldirmaganman, deb oʻziga qoʻyilayotgan ayblovni inkor etdi Toʻlaganov

TOSHKENT, 29 sen — Sputnik. Bugun Mirobod tuman sudida shafqatsizlarcha kaltaklangan va koʻp vaqt oʻtmay olingan jarohatlar tufayli kasalxonada olamdan oʻtgan Jasurbek Ibrohimov ishi boʻyicha ikkinchi sud majlisi boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Sud halok boʻlgan yigitni kaltaklaganlikda ayblanayotgan Islombek Toʻlaganovning dalillarini tingladi. Tergov tomonidan keltirilayotgan barcha isbot-dalillarga qaramasdan, Toʻlaganov oʻzini aybdor deb bilmayapti. Toʻlaganov jabrdiyda va oʻzi oʻrtasida mojaro yuz berganini, buning oqibatida Jasur jiddiy jarohatlar olganini inkor etgani yoʻq. Islombekning soʻzlariga koʻra, ular oʻrtasidagi mojaro ikkisi tahsil olgan Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji hududidayoq boshlangan. Islomning soʻzlariga koʻra, urush Jasurning aybi bilan roʻy bergan. "Men bujanjaldan oʻzimni olib qochishga uringanman", — deb taʼkidlagan sud zalida Toʻlaganov.

"Kollejda men oʻrtogʻim Dilshod va Jasur nima haqdadir surishishayotganini koʻrib qoldim. Ularning yoniga borib, nima gapligiga qiziqdim. Dilshod esa menga Jasur uning singlisiga SMSlar yuborganini, va bu narsa unga yoqmaganini aytdi. Men doʻstimga Jasur lat yeganini aytib, u bilan tenglashib oʻtirmaslikni va urishmaslikni maslahat berdim. Jasurga men bu haqda Dilshodga aytganim yoqmadi. U menga buni bildirib iddao qildi va hatto musht tushirdi", — deb hikoya qilgan sud zalida ayblanuvchi.Ayblanuvchining soʻzlariga koʻra, shundan soʻng yigitlar kollejning boshqa talabalari bilan oʻquv muassasasi hududidan tashqariga otlanishgan va oʻzaro munosabatlarga yakkama-yakka toʻqnashuvda oydinlik kiritganlar.

Islom Toʻlaganovning aytishicha, Jasur birinchi boʻlib hamla qilgan va u oʻzini himoya qilishga majbur boʻlgan.

Ayblanuvchining taʼkidiga koʻra, hodisaning qolgan barcha ishtirokchilari u yerda tomoshabin boʻlishgan, xolos.

Urush boshlangach, qaysidir onda Jasur va Islom yerga yiqilishgan, bunda Islom kursdoshining ustiga tushgan, shu bois ham u raqibidan farqli oʻlaroq deyarli jarohat olmagan.

Sud tomonidan berilgan "Jasurning qorin qismiga berilgan kuchli zarbalarni qanday izohlaysiz?", degan savoliga Toʻlaganov raqibining oʻzi jang davomida unga qarab yugurganini va u Jasurni toʻxtatish, yaʼni oʻzini himoya qilish maqsadida oyogʻini koʻtarganini aytgan.

Mana shu zarba natijasida, deyiladi tergov materiallarida, jabrlanuvchining ichki organlari jiddiy lat yegan, xususan, taloq yorilishi qayd etilgan.Sud muzokaralari chogʻida, prokuror va Ibrohimovlar oilasi yollagan advokat savollariga javob berar ekan, Toʻlaganov bir necha bor koʻrsatmalarida adashgan va hatto yolgʻonja fosh etilgan.
Xususan, misol uchun u boshida oʻsmirlar urushgan joy qisman oʻt bilan qoplangan degan boʻlsa, keyin esa u yerda shogʻol toʻkilganini aytgan.

Shu bilan birga, u mojaro boʻlib oʻtgandan soʻng Jasurni qoʻllab-quvvatlash va uning davolanishida qisman boʻlsa ham yordam berish uchun otasi bolnitsaga kelganini va tibbiyot xodimlari bilan suhbat davomida Jasurni MRTga yetkazishi lozim boʻlgan kasalxona mashinasi buzilib qolgani haqida soʻzlab berdi.

"Otam Jasurni oʻzining mashinasida olib borishga qaror qildi. U Jasurni qoʻlidan ushlab, avtomobilga oʻtqazdi. Biz har tomonlama yordam berishga harakat qildik", — degan sudga Islom Toʻlaganov.

Ammo sud izoh soʻrab halok boʻlgan yigitning onasi Nilufar Aliyevaga murojaat qilganida, Jasur umuman mustaqil harakatlana olmasligi, barcha muolajalarga uni bemorlar olib yuriladigan nosilkalarda olib borishgani va oxirgi, Islom soʻzlab bergan holatda ham, nosilka ishlatilgani maʼlum boʻldi.

"Bir tomondan u olgan ogʻir jarohatlari tufayli oʻzini oʻta yomon his qilardi, ikkinchi tomondan — unga bu vaqt oraligʻida tinmay kuchli ogʻriq qoldiruvchi ukollar qoʻyilgani bois, bu ham uning mustaqil harakatlanishini qiyinlashtirib qoʻygan edi", — deb hikoya qilgan marhumning onasi.Bu ishda, yaʼni ayblanuvchining koʻrsatmalarida yana bir gʻalati holat kuzatilgan. Toʻlaganovning soʻzlariga koʻra, Jasur bilan toʻqnashuvdan soʻng u miya chayqalishi va oʻng qoʻli barmogʻi sinishi kabi jarohatlarni olgan.

Ammo bularning barchasiga qaramay, hodisadan soʻng u darslarda qatnashishda davom etgan va militsiya, hamda kollej rahbariyatiga bir nechta tushuntirish xatlarini yozib bergan. Eslatib oʻtamiz, hodisa 2017 yilning 3 may sanasida roʻy bergan, Islom Toʻlaganov esa yuqorida koʻrsatilgan holatlar yuzasidan arz qilib, tibbiy muassasalarga oradan besh kun oʻtgach — 8 may kuni murojaat qilgan.

Sud Toʻlaganovga "Bunday jarohatlar bilan uzoq muddat davomida qanday qilib kollejga bora oldingiz?", deb savol berganida, Islom, hammasiga chidashga majbur boʻlganini, tushuntirish xatlarini esa shaxsan yozmaganini, faqat ularga imzo chekkanini aytgan.

"Men ota-onamdan jarohat olganimni yashirgan edim, ammo keyinchalik ular bundan xabar topishdi va meni davolanishga joʻnatishdi. Men kasalxonada 8-dan-20(may, tahr.)gacha yotdim", — deb tushuntirgan sudlanuvchi.

Islom Toʻlaganov oʻz koʻrsatmalarida Jasur bilan faqat oʻzi urushganini, mojaroga boshqa hech kim aralashmaganini taʼkidlagan. Ammo Ibrohimov birgina Islom tomonidan yetkazilgan jarohatlar oqibatida vafot etganiga hech kim ishongani yoʻq. Chunki Jasurbek, boʻlib oʻtgan hodisadan soʻng oʻzini normal his qilgan va hodisa joyidan uyigacha oʻzi yetib borgan.

Eslatib oʻtamiz, urib oʻldirilgan oʻsmir ishi boʻyicha boshlangan sudning birinchi majlisida sudya jabrdiydaning oilasi va advokati keltirgan dalillarni tinglagan edi. Bolaning ota-onasi Jasurbek bir guruh oʻsmirlar tomonidan kaltaklanganini, demakki bu ishda bir kishi jazolanmasligi kerak, degan fikrni bildirishmoqda.

Mavzu:
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)

Asosiy mavzular