13:53 16 Dekabr 2017
Efir
Tabletki tramadola

Oʻzbekistonda kuchli taʼsir qiluvchi dorilar sotuvchi yirik guruh qoʻlga olindi

CC BY 2.0 / frankieleon / my back has caught up with the rest of me
Hodisalar
Havola olish
103131

Maxsus tadbir chogʻida jami boʻlib 5208 dona "lirika" va 1043 dona tramadol tabletkalari musodara qilindi

TOSHKENT, 12 okt — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati vrach retseptisiz sotish taqiqlangan kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni tarqatish bilan shugʻullangan bir guruh shaxslarni qoʻlga olish boʻyicha maxsus operatsiya oʻtkazdi.

Kuch ishlatish tizimi vakilining Sputnik muxbiriga maʼlum qilishicha, fargʻonalik fuqarolar – ilgari sudlangan Zohid Masodiqov, uning onasi, ilgari toʻrt marta sudlangan Orzu Masodiqova va ularning sherigi Baxtiyor Ahmedov 1208 dona "lirika" va 1000 dona tramadol tabletkalarini 14 million soʻmga sotayotganida qoʻlga olindi.

Surishtiruv chogʻida Zohid Masodiqov va Orzu Masodiqova mazkur dorilarni Baxtiyor Ahmedovdan keyinchalik sotish uchun sotib olishgani maʼlum boʻldi. Baxtiyor Ahmedovning oʻzi esa tergovni chalgʻitish maqsadida kuni kecha Qoʻqondan kelganini, dorilarni Zohid Masodiqovning iltimosi bilan Toshkentda Temur ismli shaxsdan sotib olganligini aytdi.

"Tezkor xodimlar Ahmedov ancha vaqtdan buyon Toshkentda yashashini va poytaxtga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini yetkazib beruvchilardan ekanligini aniqlashdi. Uning Mirobod tumanidagi yashash joyi koʻzdan kechirilganida, u yerda yana 4 ming dona "lirika" tabletkasi, 43 dona tramadol tabletkasi, 96,9 million soʻm hamda hisob-kitob yuritilgan ikkita daftar topildi", — dedi kuch ishlatish tizimi vakili.

Maxsus tadbir chogʻida jami boʻlib 5208 dona "lirika" va 1043 dona tramadol tabletkalari musodara qilindi. Ularning umumiy qiymati 80,2 million soʻmdan oshadi. Surishtiruv chogʻida Baxtiyor Ahmedov bu dorilar uchun sertifikat va ularni Oʻzbekistonga olib kirishga ruxsat beruvchi hujjatlarni koʻrsata olmadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman boʻlimi mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 246- (kontrabanda) va 251- (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) moddalari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatdi.

Asosiy mavzular