15:22 25 Iyun 2017
Efir
Migrantlar

Migrantlar endi Rossiyaga "spetszakaz" boʻyicha boradimi?

© Sputnik/ Aleksey Filippov
Migratsiya
Havola olish
2511145

Ayni kunda Moskva shahar migratsiya markazi oʻzbekistonlik mehnat migrantlari Rossiyaga maxsus buyurtma orqali borishlari haqida xabar tarqatdi. Xabarga koʻra, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida fuqarolarni vaqtinchalik ishga tashkiliy yollash boʻyicha maxsus bitim kuchga kirgan

TOSHKENT, 10 apr — Sputnik. Endilikda Oʻzbekistondan Rossiyaga yoʻl oladigan ishchilar Rossiyada qayerda ishlashlari haqidagina emas, balki qancha maosh olishlari va hatto qayerda yashashlari haqida ham oldindan maʼlumotga ega boʻlishadi, deb xabar qilingan Moskva migratsiya markazining Feysbukdagi sahifasida.

Xabarda aytilishicha, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida fuqarolarni vaqtinchalik ishga tashkiliy yollash boʻyicha maxsus bitim kuchga kirgan. Hujjatda Rossiyada ishlash istagida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari qay tartibda tanlab olinishlaridan tortib, markazlashgan mehnat migratsiyasini tashkillashtirish boʻyicha ikki mamlakat vazirlik va idoralari vazifalari belgilab berilgan. Bu mehnat muhojirlarini Rossiyada firibgarlar qoʻliga tushib qolishdan yoxud qullikka sotilishdan himoyalaydi, deyilgan xabarda.

Yangi xalqaro bitimga muvofiq, Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun eʼlon qilingan tanlovda 18 yoshdan katta fuqarolar qatnashish huquqiga ega. Shuningdek, hozirda amalda boʻlgan barcha qonun-qoidalar oʻz kuchini saqlab qolishi aytilmoqda. Yaʼni Rossiyaga ishlashga kelayotgan migrant tegishli tartibda patent rasmiylashtirishi lozim.

Ishga yollash boʻyicha tashkiliy masala Oʻzbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi agentlik tomonidan boshqarilishi aytilmoqda. 

Oʻzbekiston IIV zimmasiga esa Rossiyaga ishga yuboriladigan har bir fuqaroni tekshirish vazifasi yuklatilgan. Vazirlik fuqaro xalqaro yoki davlat miqyosida qidiruvda boʻlgan-boʻlmaganini tekshirishi aytilmoqda.

Rossiya hududida mehnat migrantlari Mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.

Vazirlik rossiyalik ish beruvchilardan boʻsh ish oʻrinlari, ish xarakteri, maosh, ishchilardan talab etiladigan malaka(koʻnikma)lar haqida maʼlumotlarni toʻplab boradi. Va bu maʼlumotlarning barchasi Oʻzbekistondagi hamkorlarga joʻnatiladi. Hamkorlar oʻz navbatida, ushbu vakansiyalarga mos ishchilarni qidirish bilan shugʻullanadilar.

Hujjatda, shuningdek, Oʻzbekistondan mehnat muhojirlarini ishga taklif qilayotgan ish beruvchilarga hamn alohida yondashilgan. Rossiyalik ish beruvchilar, Oʻzbekistondan mehnat muhojirlarini ishga taklif qilgudek boʻlsa, tashrif buyuruvchilar uchun yotoqjoylar hozirlashi shartligi koʻrsatilgan. Bunday yotoq-joylar Rossiyadagi sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtilgan. Migrantlarga toʻlanadigan ish haqi miqdori esa eng kam ish haqi miqdoridan kam boʻlmasligi lozimligi aytib oʻtilgan.

Shuningdek, ish beruvchi ishga taklif qilayotgan migrant uchun tibbiy sugʻurtani ham oʻz zimmasiga olishi lozimligi qayd etilgan. Hujjatga koʻra, endilikda ishlab chiqarish jarayonida migrant sogʻligʻiga shikast yetadigan yoki u vafot etadigan taqdirda ish beruvchi migrant jasadini vataniga yetkazilishi uchun ketadigan harajatlarni oʻz zimmasidan qoplab berishi kerak boʻladi.

Asosiy mavzular