15:19 25 Iyun 2017
Efir
Voditel avtobusa, arxivnoye foto

Oʻzbek migrantlari: bizni transport tizimidan asta-sekin siqib chiqarishmoqda

© Sputnik/ Vladimir Fedorenko
Migratsiya
Havola olish
74613

Rossiyada taksichi, avtobus va yuk mashinalari haydovchisi boʻlib ishlayotgan migrantlar milliy haydovchilik guvohnomasi asosida ishlash taqiqlanishi haqidagi xabarlarga oʻz munosabatlarini bildirishdi

TOSHKENT, 26 apr — Sputnik. Rossiya tez orada milliy haydovchilik guvohnomasi asosida ishlayotgan migrantlarga nisbatan qoidalarni qatʼiylashtirmoqchi. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri bu haqda oʻzbek migrantlari qanday fikrda ekanligi bilan qiziqdi

Taqiq haqida

Dastlab shu yilning 1 iyulidan migrantlarga milliy haydovchilik guvohnomasi asosida haydovchilik qilishni toʻliq taqiqlash rejalashtirilgandi. Ammo yaqinda davlat dumasi ushbu taqiqni bir yilga ortga surish haqida yangi qonun loyihasini tayyorlayotgani haqida xabar paydo boʻldi. Buning sababi nimada ekanligi RFning ichki ishi, lekin Rossiyada ishlayotgan oʻzbeklar hozircha bundan quvonishga shoshilishmayapti.

Sababi oddiy — Qozon, Novosibirsk, Krasnodar, Samara va Moskvada marshrut va oddiy taksi hamda turli transport kompaniyalarida haydovchilik bilan shugʻullanayotgan oʻzbekistonliklar bu jarayon besh yil oldin boshlangani va u haydovchilarning malakasizligi emas, balki migrantlarga nisbatan salbiy munosabat natijasi ekanligini taʼkidlashdi.

"Bu holatni migrantlarni transport sohasidan asta-sekinlik bilan siqib chiqarish deyish mumkin. Hozircha bunga faqatgina kompaniyalar xoʻjayinlari qarshilik qilishmoqda, chunki ularga migrantlarni ishga olish foydaliroq. Ular rossiyaliklardan farqli ravishda ish sharoitlari borasida talabchan emas. Masalan, men va sherigim sutkalab taksichilik qilganmiz, bu yerda oilamiz yoʻq, shu ishimizdan boshqa shugʻullanadigan narsamiz yoʻq. Rossiyaliklarning esa oilalari bor. Buning ustiga, ish beruvchi mahalliy aholiga nisbatan migrantga koʻproq bosim oʻtkaza oladi, chunki biz huquqiy jihatdan zaif himoyalanganmiz", — deydi Rossiyaning bir necha shaharlarida haydovchilik qilgan Alisher.

Uning aytishicha, bu taqiqda migrantlarni doimiy ravishda irkit va savodsiz deb koʻrsatgan Rossiya OAVlarining taʼsiri katta.

"Hozirda qator OAV faol yozayotgan Markaziy Osiyo fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlar haqidagi barcha seriallar uydirma", — deya suhbatga qoʻshiladi Vohid.

"Toʻgʻri, migrantlar orasida har xil odamlar bor. Yaxshisi ham, yomoni ham. Lekin afsuski, Rossiyadagi shaharliklar uchun biz hammamiz xuddi biror narsani oʻgʻirlab ketishni moʻljallab yurgan jinoyatchidek koʻrinamiz. Endi esa oxirgi vaqtda sodir boʻlgan teraktlardan soʻng hammamizni terrorchi deb eʼlon qilishdi. Rossiyaliklarga ularni marshrutkada manzillariga eltib qoʻyishimiz, yuklarini tashishimiz yoqmaydi, oʻzlari esa bu ishda ishlashmaydi, ular uchun bu ogʻir va maoshi kam ish hisoblanadi", — deydi u.

Novosibirskda ishlaydigan Javlonning aytishicha, aksariyat rossiyaliklar uchun har qanday migrant qandaydir maʼnoda aybdor.

"Bir voqea boʻlgandi, marshrut haydovchisi yoʻlovchiga qoʻpol muomala qildi. Ertasiga "kelgindi"ni urgani bir toʻp boʻlib kelishdi, keyin maʼlum boʻlishicha, u shu yerlik kishi ekan. Migrantlar uchun asosiy muammo til masalasi, madaniyatga keladigan boʻlsak, Oʻzbekistonda izzat-hurmat, ayniqsa kattalarga hurmat qatʼiy qoidaga aylangan", — deydi u.

Oʻzgacha fikr

Barcha migrantlarning fikri bir joydan chiqmagani ham bor gap. Bu taqiqni qoʻllab-quvvatlaydiganlar ham topiladi. Ularning fikricha, transport tizimida ishlayotgan migrantlarning koʻpchiligi oʻzlarini xuddi uylaridagidek tutishadi, yaʼni qoidalarga amal qilishmaydi.

"Toʻgʻrisini aytsam, Oʻzbekistonda qoidalar Rossiyadagichalik qatʼiy emas. Yoʻl harakati qoidalari mavjud, jarimalar ham yuqori. Ammo bizda qayerdadir qoidani buzish mumkin, qayerdadir amal qilish kerak degan fikr shakllangan. Gaichilar hamma joyni nazorat qila olishmaydi-da. Bizda masalan, yoʻlning oʻrtasida ham mashinani burib ketishaveradi. Rossiyada esa bu borada talab qatʼiy", — deydi Xurshid.

Uning aytishicha, u Rossiya shaharlarida yoʻl harakati qoidalarini buzgan, avariya holatini sodir etgan koʻplab migrantlarga duch kelgan.

"Shunday haydovchilardan voz kechish kerak, ularni deb barcha migrantlar yomonotliqqa chiqadi. Shuningdek, duch kelgan kishini sinovlarsiz ishga olaveradigan kompaniyalar egalarida ham ayb bor. Ular uchun asosiysi migrant bu pulni tejash, keyin nima boʻlishi ularni qiziqtirmaydi", — deydi u.

Amalda

Norozilik va turli fikrlarga qaramasdan, aksariyat migrantlar Rossiya haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga tayyorliklarini bildirishdi. Ularning fikricha, buni pul evaziga qilish mumkin, bu haqda transport kompaniyalarining egalari aytishibdi.

Yana bir muhim jihat esa agar davlat dumasi taqiqni bir yilga kechiktirsa, bu oʻzbekistonliklar uchun ijobiy rol oʻynaydi. Chunki mamlakatda 2017 yilning 1 oktyabridan yangi haydovchilik guvohnomalari berila boshlanadi. Oʻzbekistonliklar avval yangi guvohnomani oladilar, soʻngra RF guvohnomasi uchun imtihon topshiradilar.

Toshkent shahar IIB YHXB matbuot xizmatining Sputnik muxbiriga maʼlum qilishicha, yangi guvohnomalarni xalqaro deb atash notoʻgʻri.

"Bu avvalo milliy haydovchilik guvohnomasi boʻlib, barcha xalqaro qoidalarga javob beradi. Shuning uchun ushbu guvohnoma egasi dunyoning deyarli istalgan mamlakatida mashina minishi mumkin. Ilgarigi guvohnoma xalqaro qoidalarning barcha talablariga javob bermagani bois yangi haydovchilik guvohnomasi joriy etilmoqda. Yangi guvohnomani olishda muammo boʻlmaydi, uni bir soat ichida olish mumkin boʻladi", — dedi YHXB matbuot xizmati.

Xullas, mazkur taqiq haqida nafaqat rossiyaliklar, balki migrantlarning oʻzlari ham turli fikrda. Oʻzbekistonliklar Rossiya hukumatining bu tashabbusiga hozircha ehtiyotkorona yondashmoqdalar. Ular kutishni maʼqul koʻrishmoqda.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular