18:26 23 Oktyabr 2017
Efir
Tsentr sodeystviya migrantam

Sankt-Peterburgda ishlash uchun patentni Oʻzbekistonning oʻzida olish mumkin boʻladi

© Sputnik/ Kirill Braga
Migratsiya
Havola olish
110541

Mehnat migranti bu markazda oʻqiydi, imtihon topshiradi, tibbiy koʻrikdan oʻtadi va barcha hujjatlarni taxt qilib ish joyiga otlanadi. Sugʻurta, imtihon, tibbiy koʻrik va patent uchun toʻlov markazning oʻzida amalga oshiriladi

TOSHKENT, 5 may — Sputnik. Samarqand shahrida mehnat migrantlarini Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tanlab olish va jalb etish boʻyicha markaz ochiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston mehnat vaziri A.Abduhakimov va Sankt-Peterburgdagi "Mehnat resurslari markazi" davlat avtonom muassasasi direktori A.Chistyakov hamda uning maslahatchisi V.Shinkarenkolar oʻrtasidagi uchrashuvda ana shu xususda soʻz bordi.

Uchrashuvda tomonlar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini tashkiliy tanlab olish, tayyorlash va joʻnatish markazini ochish masalasini muhokama qilishdi.

Oʻzbekiston mehnat vaziri A. Abduhakimov ushbu markazda Rossiyada ishlashni xohlovchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, u Sankt-Peterburgdagi barcha ish beruvchilarning buyurtmalari kelib tushadigan joyga aylanishi lozimligini qayd etdi.

Mehnat migranti bu yerda oʻqiydi, imtihon topshiradi, tibbiy koʻrikdan oʻtadi va barcha hujjatlarni taxt qilib ish joyiga otlanadi.

Shuningdek, mazkur markazda migrantlarni Rossiyaga joʻnab ketishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazuvchi filiallar ochish boʻyicha Rossiya tibbiyot muassasalari bilan muzokaralar oʻtkazish taklif qilindi.

Xususan, Oʻzbekiston fuqarolariga patent olish jarayonini soddalashtirish, ularni sanitariya-gigiyena talablariga mos yashash joyi bilan taʼminlash, xavfsiz va mehnat muhofazasi taʼminlangan ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha fikr almashildi.

Vazir sugʻurta, imtihon, tibbiy koʻrik va patent uchun toʻlov ushbu markazning oʻzida erkin konvertatsiyalangan valyuta (AQSH dollari)da toʻlanishi, Oʻzbekiston banki orqali online rejimda tegishli manzilga oʻtkazib berilishi mumkinligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Sankt-Peterburgdagi "Mehnat resurslari markazi" davlat avtonom muassasasi oʻrtasida Oʻzbekiston fuqarolarini Sankt-Peterburgda vaqtinchalik ishlashlari uchun tashkiliy jalb etish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Tomonlar tez orada Oʻzbekiston mehnat vazirligi va Sankt-Peterburg hokimiyati Samarqandda "Mehnat resurslari markazi"ning vakolatxonasini ochish boʻyicha memorandum imzolashga kelishib oldilar.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular