18:25 29 May 2017
Efir
Meva va sabzavotlar yarmarkasi

Oʻzbekiston tez orada yirik eksportchiga aylanadi - Xitoy OAV

Sputnik / Stringer
Yangiliklar
Havola olish
115050

Ayni paytda, Xitoyning yirik shaharlarida serquyosh Oʻzbekistonning yuqori sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlariga talab ortib bormoqda

TOSHKENT, 20 apr — Sputnik. Xitoyning eng ommabop nashrlaridan biri — "Jenmin jibao" gazetasining veb-saytida Oʻzbekistonning qishloq xoʻjalik salohiyatiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar berdi "Jahon" AA.

Maqolada Oʻzbekistonda yetishtirilgan sabzavot va mevalar nafaqat ichki ehtiyojni qondirayotgani, balki yuqori sifatli mahsulotlar xorijiy davlatlarga ham yetkazib berilayotgani qayd etilgan. Maqola muallifining fikriga koʻra, betakror taʼm va yoqimli mazaga ega boʻlgani tufayli Oʻzbekistonning qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksporti yildan yilga soni jihatidan ham, bahosi va turi ham ortib bormoqda, ular yetkazilayotgan hududlar geografiyasi ham kengaymoqda.

"…Hozirgi kunda Oʻzbekistondan 180 dan ziyod turdagi sabzavot va mevalar dunyoning 50 dan ortiq davlatiga eksport qilinadi, — deb yozadi "Jenmin jibao" gazetasi. — Shu bilan birga soʻnggi uch yil davomida qishloq xoʻjalik mashulotlari eksporti hajmi 3 baravarga oshdi. Oxirgi yillarda AQSH, Ispaniya, Avstriya, Polsha, Italiya, Yaponiya, Shveytsariya kabi davlatlar Oʻzbekistonning importchilariga aylanishdi".

Oʻzbekistonning agrar sanoati rivojini yuqori baholar ekan, gazeta Oʻzbekiston yaqin kelajakda dunyodagi yangi yetishtirilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining yirik eksportchisiga aylanishiga ishonch bildirgan.

Oʻz oʻquvchilarini mazkur sohaning istiqbollari bilan tanishtirar ekan, "Jenmin jibao" 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishga yoʻnaltirilgan 434 ta loyihani amalga oshirish nazarda tutilganini taʼkidlaydi.

Dasturda asosiy eʼtibor oziq-ovqat sanoatining xomashyo bazasini kengaytirish, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini keng qayta ishlashni rivojlantirish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini koʻpaytirish masalalariga qaratilgani aytilgan.

Shuningdek, maqolada qoʻyilgan maqsadlarga erishish uchun Oʻzbekistonning tijorat banklari mablagʻlari va xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining umumiy hajmi 650 million AQSH dollariga teng boʻlgan imtiyozli kreditlari jalb etilgani taʼkidlanadi.

Maqola yakunida muallif Oʻzbekiston va Xitoyning mazkur yoʻnalishdagi hamkorligi, xususan, XXRga oʻzbek oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va Oʻzbekistonning ushbu sohasiga sarmoya kiritish borasida olib borilayotgan ishlarga toʻxtalgan.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular