02:02 29 Iyun 2017
Efir
Taymerli svetofor

Oʻzbekiston IIV: tanishing, qoidalarni pisand qilmaydigan "millioner" haydovchilar

© Sputnik/ Yevgeniy Biyatov
Yangiliklar
Havola olish
336030

Toshkent koʻchalarida videokuzatuv kameralari oʻrnatilganidan buyon qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan haydovchilarning ayrimlari katta miqdorda jarima toʻlashga majbur boʻlishmoqda. Oʻzbekiston IIV esa kameralar "nazariga" tushgan eng ashaddiy qoidabuzarlar reytingini eʼlon qilib bormoqda

TOSHKENT, 18 may — Sputnik. May oyining boshlarida Toshkent telekanalining "Poytaxt-Vaziyat" dasturida kameralar oʻrnatilganidan buyon eng koʻp qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi 9 million 435 ming 825 soʻm jarimaga tortilgani xabar qilingan edi. Qoidabuzar 32 marta svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlangan.

Oʻzbekiston IIV matbuot-xizmati eng ashaddiy qoidabuzar haydovchilarning yangi reytingini eʼlon qildi.

Demak, yoʻl qoidalariga bepisandlik bilan qaraydigan haydovchilar "reyting"da birinchi oʻrinni poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan "Gold Air Travel" MCHJga qarashli, davlat raqami 01 216 WDA boʻlgan "Malibu" haydovchisi egallagan. Haydovchi koʻp emas, oz emas — jami 17 marotaba yoʻl harakati qoidalarini buzgan.

Haydovchi 16 marta harakatlanish tezligi talablariga boʻysunmagani va 1 marotaba svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlangani uchun unga solingan jarima miqdori 8 million 87 ming 850 soʻmni tashkil qilgan.

Reytingning ikkinchi pogʻonasini Yunusobod tumanidagi "Bilol Myagkaya krovlya" korxonasiga tegishli, davlat raqami 01 305 YDA boʻlgan "Lasetti" egalladi. Avtomobil haydovchisi qoidabuzarliklari tufayli 13 marta kuzatuv kameralariga tushgan. Jumladan, manzilga judayam oshiqqan, shekilli, 11 marta tezlikni belgilangan meʼyordan oshirgan, 2 martasida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga boʻysunishni "xohlamagan".

Haydovchiga solingan umumiy jarima miqdori esa 2 million 845 ming 725 soʻmni tashkil etgan.

Toshkent shahar hokimligining maʼmuriy binolardan foydalanish direktsiyasiga tegishli "Epika" rusumli avtoulov haydovchisiga ham sovrinli oʻrin "nasib" etgan. Haydovchi davlat raqami 01 206 TVA boʻlgan mazkur transport vositasini boshqarayotib, "bor-yoʻgʻi" 12 marotaba yoʻl harakati qoidalarini buzgan va shubhasiz videokameralar "nigohi"dan chetda qolmagan. Aytgancha, "Epika" haydovchisi svetoforning taqiqlovchi ishorasini xush koʻrmaydiyov, aks holda, chorrahalarda 7 marta "qizil"da oʻtmasdi.

Epika haydovchisi qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun 2 million 845 ming 725 soʻm miqdorida jarima toʻlaydi.

Olmazor tumanidagi "Orange taxi" MCHJga qarashli "Neksiya" (davlat raqami 01 270 TTS) haydovchisi "reyting"ning toʻrtinchi oʻrnini "egalladi". U kuzatuv kameralari ishga tushganidan buyon 11 marta qoidabuzarliklar sodir etgan.

Neksiya sohibiga 2 million 96 ming 850 soʻm jarima solingan.

Va, nihoyat, soʻnggi beshinchi oʻrin "sohibi" bilan tanishing.

Sergeli tumanida joylashgan MCHJ "Global Building Machinery" korxonasining "Malibu" (davlat raqami 01 077 VDA) avtomashinasi haydovchisi 9 marta kuzatuv kameralariga tomonidan "suratga olingan". Haydovchi 8 marta belgilangan tezlik talablariga amal qilmagan. Bir holatda esa svetoforning qizil chirogʻini "koʻrmay qolgan". Unga 2 million 695 ming 950 soʻmlik jarima solingan.

Yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaydigan, eng yomoni qoidalarni pisand qilmaydigan bunday haydovchilarga nima deyish mumkin? Yoʻl qoʻygan qoidabuzarliklaringiz uchun jarima toʻlasangiz, sizni davlat kechirishi mumkindir, ammo avariyaga sabab boʻlib, kimningdir umriga zomin boʻlsangiz-chi? Balki, avtomobilni ehtiyotkorlik bilan boshqarish vaqti kelgandir?..

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Teglar:
kamera, IIV, jarima

Asosiy mavzular