09:39 21 Noyabr 2017
Efir
Jurnalist

OAV: Oʻzbekistonda jurnalistika sohasi islohga muhtoj

© Sputnik/ Ekaterina Chesnokova
Yangiliklar
Havola olish
34421

Oʻzbekistondagi OAV xodimlari jurnalistika sohasi islohga muhtoj, degan fikrni bildirishmoqda

TOSHKENT, 14 iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida "Soʻz masʼuliyati, grajdanlik pozitsiyasi, maʼnaviy jasorat-jurnalist faoliyatining bosh mezoni" mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtgan. Tadbirda Oʻzbekistondagi OAV tizimi muhokama qilingan. Bu haqda Feysbuk ijtimoiy tarmogʻi foydalanuvchilari xabar qilmoqda.

Jumladan, Vohid Luqmon tadbir ishtirokchilari "Jurnalist kadrlar tayyorlash tizimi jiddiy islohga muhtoj" degan toʻxtamga kelishganini yozib qoldirgan.

"Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda ishtirok etgan barcha jurnalistlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan OAV rahbarlarining xulosasi shunday. Jurnalistika sohasini, jurnalistlarni oʻzgartirish uchun kadrlar tayyorlash tizimini oʻzgartirish kerak. Jurnalistika sohasining barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan, zamonaviy, mustahkam moddidiy-texnik bazaga ega institut yoki universitet kerak bizga, deyishdi ishtirokchilar", deb qoʻshimcha qilgan FB foydalanuvchisi.

Feysbukda faol boʻlmagan jurnalist faoliyati davr bilan hamnafas emas! — tadbir xulosalaridan biri shunday boʻlgan.

Xalqaro press klub raisi Sherzod Qudratxoʻjayev esa yangi institut tashkil qilish kerak, degan fikrni bildirib oʻtgan.

"Jurnalistika institutini tashkil qilish kerak! Bakalavr, magistraturadan tashqari, malaka oshirish instituti ham ichida boʻlsin, deb aytdi Qudratxoʻjayev", deb izoh qoldirgan Dilfuza Sobirova.

Maqsud Jonixonov Qudratxoʻjayevning taklifini qoʻllab-quvvatlagan.

"Sherzod Qudratxoʻjayev jurnalist tayyorlaydigan alohida akademiyani tashkil qilish haqida fikr bildirdi. Yaxshi taklif… Chunki jurnalistlarni tayyorlaydigan universitet yoki akademiya tashkil etilsa, avvalo Milliy universitet va Jahon tillari universitetidagi jurnalistika fakultetlari yopilib, markazlashadi.

Qolaversa, jurnalistikaga qabul takomillashadi, haqiqiy intiluvchan, dilida dardi, qoʻlida qalami borlar bu dargohga intiladi.

Adashib oʻqishga kirib qolishlarga yoʻl qoʻyilmaydi, professional, gazeta va jurnallardan katta maktab yaratgan ustozlar bu dargohga kirishni istovchilar bilan suhbatlashadi, insho oladi. Shu tariqa savodsizlikka ham barham beriladi. TVda yulduz boʻlaman deganlarga esa jurnalistikada oʻqish shart emas. Ular sanʼat institutida oʻqisa ham boʻlaveradi. Bir soʻz bilan aytganda, jurnalistika islohga muhtoj", deb izoh qoldirgan Maqsud Jonixonov.

Asosiy mavzular