20:08 23 Noyabr 2017
Efir
Gulnara Karimova

Bosh prokuratura Gulnora Karimova ustidan ochilgan jinoyat ishlari boʻyicha xabar berdi

Sputnik / Valeriy Levitin
Yangiliklar
Havola olish
Gulnora Karimova ishi (15)
8889250

Gulnora Karimovaga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan ayblov eʼlon qilingan

TOSHKENT, 28 iyul — Sputnik. Bosh prokuratura Gulnora Karimova ustidan ochilgan jinoyat ishlari boʻyicha xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 2013 yil 24 oktyabrda "Terra Group" MCHJ, "Prime Media" MCHJ, "Gamma Promotion" MCHJ faoliyatida soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash holatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Karimova Gulnora Islamovna, 1972 yil 8 iyulda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, Siyosiy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida ishlagan, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, YA.Gʻulomov koʻchasi, 77"a"-uyda roʻyxatda turgan, 2001-2012 yillarda N.Sodikov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar R.Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita koʻmaklashib kelganligi aniqlangan.

Jumladan, G.Karimovaning nazorati ostida va koʻmagida uyushgan jinoiy guruh aʼzolari 2001-2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:

— fuqarolar va tadbirkorlarning 54,1 mlrd. soʻmlik pul mablagʻlari, aktsiyalari, ulushlari va mulkiy obʼyektlarini tovlamachilik yoʻli bilan egallash (G.Gaibnazarovning "Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi" OAJ va "Angren-tsement" MCHJdagi 4,1 mlrd. soʻmlik aktsiyalari, 4 mln. AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari, 17,3 mlrd. soʻmlik 2 ta kvartirasi, 4 uy-joyi (hovli) va 8 ta avtomashinasi, SH.Axmedovning "KOLORPAK" va "NASHRIYOT UYI TASVIR" MCHJdagi 1,9 mlrd. soʻmlik ulushi va boshqalar);

— turli korxonalardagi davlatga tegishli aktsiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy obʼyektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd. soʻmlik davlat mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish ("Oʻzdunrobita" QKdagi 131,9 mlrd. soʻmlik (49%), "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD" MCHJ shaklidagi QKdagi 14,6 mlrd. soʻmlik (67,1%), "Rubicon Wireless Communication" MCHJ shaklidagi QKdagi 9,6 mlrd. soʻmlik (30%) davlat ulushi, 20,4 mlrd. soʻmlik 50 ta koʻchmas mulk obʼyektlari va boshqalar);

— daromadlarni (1 trln. 570,3 mlrd. soʻm), koʻrsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 mlrd. soʻm) kamaytirib koʻrsatish, imtiyozlarni noqonuniy qoʻllash (266,2 mlrd. soʻm), tekinga xizmat koʻrsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yoʻllar bilan (994,3 mln. soʻm) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trln. 91,4 mlrd. soʻmlik soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash;

— jinoiy javobgarlikdan boʻyin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish va ularni yashirish.

Ushbu epizodlar boʻyicha G.Karimovaga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov eʼlon qilingan.

G.Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh aʼzolari N.Sodikov, R.Madumarov, SH.Sabirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning koʻrsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish boʻyicha toʻplangan boshqa dalillar bilan oʻz tasdigʻini topgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qoʻyidagi jinoyatlarni sodir etishga koʻmaklashish holatlari boʻyicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda:

— davlat organlari vakolatlarini asossiz oʻzlashtirgan holda, radiochastota resurslari va yer uchastkalarini noqonuniy realizatsiya qilishda firibgarlik (595 mln. AQSH doll. yoki 866,7 mlrd. soʻm), xizmatlarga haq toʻlashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qoʻshimcha toʻlovlarni asossiz undirish (390 mlrd. soʻm) yoʻli bilan oʻzganing 1 trln. 256,7 mlrd. soʻmlik mol-mulkini egallash;

— turli shaxslarning manfaatlarini "ilgari surish" uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga "boʻnaklar" olish (869,3 mln. AQSH doll. va 29 mln. yevro), radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish (520 mln. AQSH doll.), ulushlarni sotish va dividendlarni toʻlash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish (439,6 mln. AQSH doll.), naqd pul mablagʻlarini noqonuniy olib chiqib ketish (98 mln. AQSH doll.), naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilmaslik (11,2 mln. AQSH doll.), eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik (4,6 mln. AQSH doll.), tovarlarni sunʼiy oshirilgan narxlarda import qilish (129,7 ming AQSH doll. va 45,8 ming yevro) yoʻli bilan 1 mlrd. 942,8 mln. AQSH doll. va 29,1 mln. yevro miqdoridagi xorijiy valyutani yashirish;

— deklaratsiyalarda import qilingan tovarlar miqdorini toʻliq koʻrsatmaslik va ularning narxini kamaytirib koʻrsatish (386,3 mlrd. soʻm), olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish (98 mln. AQSH doll. yoki 209,4 mlrd. soʻm), eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib koʻrsatish (11,9 mlrd. soʻm) yoʻli bilan jami 607,6 mlrd. soʻmga bojxona qonunchiligini buzish;

— tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassatsiya qilmaslik (294,9 mlrd. soʻm), pul mablagʻlarini noqonuniy naqdlashtirish (278 mlrd. soʻm) yoʻli bilan jami 572,9 mlrd. soʻmga savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish;

— hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish;

— turar va noturar obʼyektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar oʻrtasida soxta kontraktlar boʻyicha pul oʻtkazmalarini amalga oshirish yoʻli bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.

Ushbu holatlar boʻyicha G.Karimovaga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov eʼlon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

G.Karimovaga ayblov ish boʻyicha toʻplangan dalillar, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruh aʼzolari, guvohlar, jabrlanuvchilarning koʻrsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 14 ta firma va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari asosida eʼlon qilingan.

Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi boʻyicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. soʻm, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSH doll., 26,1 mln. yevro (milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. soʻm)ni tashkil etadi.

Tergov materiallari boʻyicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 mln. AQSH doll., 63,5 mln. yevro, 27,1 mln. funt va 18,5 mln. frank miqdordagi legallashtirilgan mablagʻlari aniqlangan, shu jumladan:

Shveytsariyada — 777,8 mln. AQSH doll. miqdorida pul mablagʻlari va Koloni shahrida narxi 18,5 mln. frank boʻlgan koʻchmas mulk (villa);

Shvetsiyada — 30 mln. AQSH doll. miqdorida pul mablagʻlari;

Buyuk Britaniyada — 4,2 mln. funt miqdorida pul mablagʻlari, London shahrida umumiy narxi 22,9 mln. funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;

Frantsiyaning Parij shahrida — kvartiralar va "Shato de Grussi" qasri, Santrope shahrida — villa (umumiy narxi 52,5 mln. yevro);

Latviyada — 16,5 mln. AQSH doll. miqdoridagi pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 mln. yevro boʻlgan koʻngilochar markaz;

Irlandiyada — 300 mln. AQSH doll. miqdoridagi pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlar;

Malta orolida — narxi 48,8 mln. AQSH doll. boʻlgan samolyot;

Germaniyada — 2 mln. yevro miqdoridagi pul mablagʻlari;

Ispaniyada — 82 ming AQSH doll. miqdoridagi pul mablagʻlari;

Rossiyada — 6 mln. AQSH doll. miqdoridagi pul mablagʻlari, umumiy narxi 2 mln. AQSH doll. boʻlgan Moskva shahri "Kamelot" turar joy kompleksidagi "pentxaus", "Rublevka" massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi;

Gonkongda — 67 mln. AQSH doll. miqdoridagi pul mablagʻlari, "The Arch" osmonoʻpar binosida narxi 15 mln. AQSH doll. boʻlgan "pentxaus";

Birlashgan Arab Amirligida — 32 mln. AQSH doll. miqdoridagi pul mablagʻlari, 31,5 mln. AQSH doll. miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 mln. AQSH doll. boʻlgan "pentxaus", 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.

Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash toʻgʻrisidagi qarorlari yuborilgan.

Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining
Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga
qarshi kurashish boshqarmasi

Mavzu:
Gulnora Karimova ishi (15)

Asosiy mavzular