04:46 24 Sentyabr 2017
Efir
Oʻzbek militsionerlari

Samarqand viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurash kuchaytirildi

AP Photo / Mikhail Metzel
Yangiliklar
Havola olish
58910

Samarqand viloyati jinoyatchilik sodir etilishi boʻyicha respublikada yetakchi oʻrinni egallab kelmoqda. Viloyat tumanlari orasida soʻnggi vaqtlarda Bulungʻur tumanida jinoyatning ogʻir turlari koʻp sodir etilmoqda

TOSHKENT, 14 sen — Sputnik. Joriy yil 22 iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qirqinchi sessiyasida viloyat hududida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi holati jiddiy tanqid qilingan edi.

Negaki viloyatda 2015-2016 yillarda umumiy jinoyatchilikning keskin kamayishiga erishilmagan. Jumladan, badanga qasddan ogʻir shikast yetkazish 8 %ga, oʻgʻirlik 18 %ga, firibgarlik 23,4 %ga oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida umumiy jinoyatlar soni 1,8 %ga koʻpaygan. Qasddan odam oʻldirish jinoyati 13 taga keskin ortib, 43 tani tashkil qilgan. 

Ayni vaqtda Samarqand viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurash kuchaytirilgan.

"Zarafshon" nashrining xabar berishicha, shu kunlarda Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston prezidenti davlat maslahatchisi O.Murodov tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan Samarqand viloyatida ishchi guruh ish boshlagan.

Ishchi guruh tomonidan shahar va tumanlarda jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish holati oʻrganilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi nashr.

Joriy yil 11 sentyabridan boshlangan profilaktik tadbirlar natijasida bir qator jinoyatlar aniqlangan va oldi olingan. Jumladan, Toyloq tumanidagi tadbirlarda xonadonlarning birida "kamaris" giyohvand moddasi yetishtirilayotgani aniqlangan. Xonadon yertoʻlasidan maʼlum miqdorda "marixuana" giyohvand moddasi topilgan.

Shuningdek, Bulungʻur tumani hududida haydovchiga nisbatan sodir etilgan bosqinchilik jinoyatini sodir etgan uch nafar shaxs aniqlanib, ushlangan.

Taʼkidlash joizki, viloyat tumanlari orasida soʻnggi vaqtlarda Bulungʻur tumanida jinoyatning ogʻir turlari koʻp sodir etilmoqda. Xususan, yaqinda yosh oilada sodir etilgan qotillik (er tomonidan xotinning pichoqlab oʻldirilishi va ushbu holatni yashirishga urinish) hamda ayollar oʻrtasida arzimas sabab bilan kelib chiqqan janjalda bir ayolning ikkinchisini pichoqlab qoʻyishi… Tuman aholisining soʻzlariga koʻra, yaqinda "Mehrjon" mahallasi raisi mahallada 1 oy ichida 25ta jinoyat sodir etilishi tufayli raislikdan ozod etilgan. 

Asosiy mavzular