07:04 23 Noyabr 2017
Efir
Imzo

Oʻzbekistonda al-Xorazmiy nomidagi maktab tashkil etiladi

Sputnik / Mixail Palinchak
Yangiliklar
Havola olish
70330

Ushbu maktabga oʻquvchilar 5-sinfdan boshlab yozma va ogʻzaki sinov natijalariga koʻra tanlov asosida qabul qilinadi

TOSHKENT, 14 sen — Sputnik. Oʻzbekistonda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi PQ-3274-son qarorida aytildi.

Hujjatda maktab "Ulugʻ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, oʻquvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga koʻmaklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida"tashkil etilgani aytilgan.

Maktabning asosiy vazifalari:

— umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur oʻqitilishini tashkil etish;

— oʻquvchilarda dasturlash asoslarini, maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi koʻnikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;

- yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan pedagoglarni jalb etgan holda oʻquvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini taʼminlash;

— oʻquvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro eʼtirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;

oʻquv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan uzviyligini taʼminlash maqsadida 10-11-sinf oʻquvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishidagi yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti oʻtashlarini tashkil etishdan iborat boʻladi, deyiladi Oʻzbekiston prezidenti matbuot-xizmati xabarida.

Ixtisoslashtirilgan maktabga oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va ogʻzaki sinov natijalariga koʻra tanlov asosida qabul qilinadi.

Asosiy mavzular