IIBB mardikor ayollarni urib, shilayotgan militsiya xodimlari haqidagi xabarga raddiya berdi

Obuna bo‘lish
Mahalliy OAVlardan biri "Mardikor ayol nolasi" maqolasida Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari chekadigan sigareti va yeydigan kolbasalarini pulini mardikor ayollardan undirayotgani haqida xabar bergan. Toshkent IIBB ayni vaqtda ushbu xabar yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlab yuborgan

TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi "Xabar" axborot-tahliliy portalida "Mardikor ayol nolasi" sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqolaga rasman raddiya berdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Toshkent IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Sayfullayevning so‘zlariga ko‘ra, raddiya berilayotgan maqolada mardikor ayollarning Ichki ishlar xodimlari faoliyatidan shikoyati bayon etilgan.

Xususan, portal muxbirlari 2017-yilning 26-dekabr kuni Toshkent shahridagi Qo‘yliq dehqon bozori yaqinidagi Yashnobod tumani vaqtinchalik ishlarni tashkil etish burosiga kelishganida yollanib (kunbay) ishlovchi fuqarolar asosan ichki ishlar xodimlarining muomalasidan, qonunga zid hatti-harakatlari ustidan shikoyat qilishgan.

Migrantlar - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentdagi qonuniy "mardikor bozor"lar va u yerdagi shart-sharoitlar haqida
"Nashrning yozishicha hududdagi IIB xodimlari mardikor ayollardan sigaret, "Kola", tushlik yoki kechki ovqat uchun kolbasalarning pulini undirib olishlari, pul bermaganlarni avtobusga tiqib, "Panelniy"ga olib ketib, pasport rejimini buzganlik uchun eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha jarima yozib, keyin qo‘yvorish singari holatlar haqida yozgan", — dedi podpolkovnik.

Sayfullayev portalda e’lon qilingan maqola bo‘yicha Toshkent shahar IIBB o‘z xavfsizlik bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ayni vaqtda nashrning ushbu maqolani yozishiga asos bo‘lgan videorolik so‘rab olingani aytildi.

"Ikkita mp3 yozuvli, ovozli shakldagi fayl berishdi. Birinchi — 51 soniyalik faylda, "Ichki ishlar idoralari xodimlaridan iltimos, bizdan sigaret, "Kola", kolbasa talab qilmasalaringiz. Sizlardan iltimos, pul ham talab qiladi, "Panelniy"ga tushgandan keyin 1 million sakkiz yuz so‘m uyimga jarima borgan. Ilojim yo‘q, men to‘lay olmayman pulni. Yana uradi, tepadi, kaltak yeyishimiz shartmi?", — deb yozilgan", — dedi Sayfullayev.

IIBB xodimi so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha olib borilgan surishtiruv davomida, yuqoridagi so‘zlarni aytgan shaxs topilgan, u 1991 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro Z. Mamadaliyeva ekanligi aniqlangan va u bilan bevosita suhbat o‘tkazilgan.

Suhbat davomida ayol "bitta fuqaro kelib so‘raganda, kimdandir eshitgan ma’lumotlarga tayanib shu ma’lumotni bergani" ma’lum bo‘lgan. Mamadaliyeva bu haqda yozma ma’lumot taqdim etgan.

Toshkent IIBB shu munosabat bilan bu singari ma’lumotlarni chop etishdan oldin tekshirishni, chunki bu kabi yolg‘on ma’lumotlar IIV tizimi sha’niga dog‘ tushiradigan holatligini eslatib o‘tdi.

Doska pozora: foto pyanix avto-ledi opublikovani na sayte GUVD Tashkenta - Sputnik O‘zbekiston
"Sharmandalar taxtasi": IIBB mast holatda mashina boshqarayotgan xonimlar suratini e’lon qildi
Sayfullayev, shuningdek, IIB xodimlari ustidan shikoyat qilgan Mamadaliyeva haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni keltirar ekan, ayol ikki yil davomida 6-marta ma’muriy javobgarlikka tortilganini qayd etdi. "Moddalarini ko‘radigan bo‘lsak, fohishalik qilgani, militsiya xodimi tomonidan qo‘yilgan qonuniy talablarni bajarmaganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi uchun bir necha martalab ma’muriy javobgarlikka tortilgan", — qo‘shimcha qildi podpolkovnik.

Toshkent IIBB ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kuch ishlatish, ta’magirlik yoxud boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilayotgani singari holatlarga duch kelgan fuqarolardan "02" raqami yoxud O‘zbekiston Respublikasi IIV rasmiy saytida ko‘rsatilgan ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lum qilishni so‘raydi.

Yangiliklar lentasi
0