06:12 18 Dekabr 2017
Efir
Femida - odil sudlov maʼbudasi, arxiv surat

Viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi

© Flickr/ Rae Allen
Siyosat
Havola olish
49312

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 7-yanvarda Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi

TOSHKENT, 10 yanv — Sputnik. Viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.

Ilgariroq, 8-yanvar Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilanganligi haqida xabar qilgan edik. Bu prokuratura organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 7-yanvarda Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, hukumat aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, prokuratura organlari masʼul xodimlari va faxriylari ishtirok etgan.

"Prokuratura organlari xodimlarining ishi katta masʼuliyat, fidoyilik, halollikni talab qiladi. Qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida inson taqdiri turadi. Shunday ekan, yetti oʻlchab bir kesish bu borada asosiy mezon boʻlmogʻi shart", — deb taʼkidlagan Mirziyoyev soʻzlagan nutqi davomida.

Prezident shuningdek, qonunchilik bazasini har tomonlama mustahkamlash va qonunlarni soʻzsiz ijro etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik huquqiy davlatni rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlik taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash hamda uning ishonchli himoya qilinishini taʼminlashda prokuratura organlarining roli kattaligini taʼkidlab oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktyabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmonida tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va toʻsqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz toʻxtatib qoʻyganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi oshirilgan.

Mirziyoyev tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishida prokuratura organlarining roli haqida gapirar ekan, "Tadbirkor boy boʻlsa, davlat boy boʻladi. Buning uchun ishbilarmonlarga keng sharoit yaratib berishimiz lozim. Prokuror tadbirkorga koʻmakchi boʻlishi, u bilan hamkorlikda ishlashi darkor. Prokuratura organlari kundalik hayotimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi zarur", — deya taʼkidladi.

"Hozirgi kunda Oliy Majlis Senati tomonidan har yili Bosh prokurorning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi prokurorlarning hisobotini kim eshitadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi. Ularning faoliyatiga reyting natijalari asosida baho beriladi".

"Oʻtgan yili tashkil qilingan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga fuqarolardan 311 ming murojaat kelib tushdi. Murojaatlar orasida prokuratura sohasiga tegishlilari ham talaygina. Bu juda achinarli holdir", deb taʼkidlagan  Mirziyoyev. — Barchamiz oʻzimizga bir savol beraylik: odamlarda nima uchun muammolar bunchalik koʻpayib ketdi, ularning dardini kim eshitadi? Murojaatlarning aksariyati adolatsizlikdan, ularni hech kim eshitmaganidan boʻlmoqda. Agar prokuratura organlarining eshigi aholi uchun ochiq boʻlganida, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bu qadar koʻp murojaat tushmas edi".

Oʻzbekiston prezidenti "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da mazkur soha xodimlari ham gʻoyat masʼuliyatli vazifalarni bajarishlari lozimligi hamda bironta ham murojaat eʼtibordan chetda qolmasligi kerak, deya eslatib oʻtdi.

Uchrashuvda qatnashganlar Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, inson manfaatlarini toʻla taʼminlash uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilishini taʼkidladilar, — deb yozgan nashr.

Asosiy mavzular