12:06 27 Aprel 2017
Efir
Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi

Mirziyoyev Samarqand rahbarlariga zoʻr takliflar kiritdi

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Siyosat
Havola olish
71140

Shavkat Mirziyoyev 14-15-aprel kunlari Samarqand viloyatida boʻldi. Bu tashrifdan soʻng viloyatning ikki tumani hokimi ishdan olindi. Xoʻsh, koʻhna va hamisha navqiron Samarqandda qanday oʻzgarishlar roʻy beradi?

TOSHKENT, 18 apr — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida  joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishdi hamda xalq bilan muloqotda boʻldi, deb xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.

Ulkan sayyohlik salohiyatiga ega viloyat

Mirziyoyev viloyatga tashrifining ikkinchi kuni Samarqand shahridagi "Alpomish" masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.

Bu yerda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi.  Turizmni rivojlantirish, sayyohlik xizmati koʻrsatish sifatini oshirish va yoʻnalishlarini kengaytirish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.

Bu boradagi salohiyatni yanada oshirish va sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida Samarqand shahrida erkin turistik hudud barpo etish boʻyicha 2017-2019-yillarga moʻljallangan loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu loyihalarga koʻra shaharning Amir Temur koʻchasida sayyohlik-koʻngilochar mehmonxona kompleksi, Samarqand eshkak eshish kanali boʻyida qishki dam olish maskani barpo etish moʻljallanmoqda.

Mirziyoyevga mazkur yangi sayyohlik markazlarining imkoniyatlari, sayyohlarga koʻrsatiladigan xizmatlar, koʻngilochar maskanlarda xalqimizning milliy anʼana va qadriyatlarini namoyish etish boʻyicha tashkil etiladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi.

5,5 ming yangi ish oʻrinlari yaratiladi

Oʻzbekistonning barcha hududlari kabi Samarqand viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarning erkin faoliyat koʻrsatishini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mirziyoyevning shu yil 12-yanvardagi "Urgut", "Gʻijduvon", "Qoʻqon" va "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida"gi farmoni soha uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Mazkur hujjatga muvofiq "Urgut" erkin iqtisodiy zonasining Urgut tumanida "Urgut-1", Nurobod tumanida "Urgut-2" va Pastdargʻom tumanida "Urgut-3" hududlari tashkil etildi. Ushbu hududlar uchun jami 816 gektar yer ajratilib, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash ishlari boshlab yuborilgan.

Bugungi kunda "Urgut-1" hududida yengil sanoat, maishiy texnika, tibbiyot jihozlari, farmatsevtika, charm-poyabzal, kantselariya mollari, qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 2017-2018-yillarga moʻljallangan 83 loyiha tayyorlangan, ularning 20 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.

Prezidentdan zoʻr taklif

Mirziyoyev ushbu loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqqan. Umumiy qiymati 250 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalar tijorat banklari krediti va taʼsischilarning mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada 5,5 ming yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Prezident ushbu strategik hududni tashkil etish borasidagi ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Hududga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish, xorijdagi industrial zonalar faoliyatini oʻrganish va ilgʻor tajribalarni amaliyotga tatbiq etish lozimligi, Urgut tumanida muayyan kollejni tanlab, iqtisodiy zonada faoliyat koʻrsatadigan kadrlar tayyorlash, bunday tajribani "Qoʻqon", "Gʻijduvon", "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalariga ham joriy etish kerakligi qayd etildi.

Tadbirkorlar bilan muloqotda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanish, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini rivojlantirish, tashqi bozorlarni oʻrganish va xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Eski binolar koʻchiriladi

Prezident Samarqand shahrining Dahbed koʻchasidan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi Nurafshon koʻchasini obodonlashtirish loyihasi bilan tanishdi.

Nurafshon koʻchasida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, atrofdagi eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan binolar oʻrnida shaharsozlik talablari asosida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy obektlar quriladi.

Davlat rahbari shaharning Jomiy koʻchasidagi Yoshlar markazini rekonstruktsiya qilish, hayvonot bogʻi qurish loyihalarini koʻzdan kechirar ekan, bu boradagi ishlarni aholining fikri va takliflari asosida amalga oshirish, milliy meʼmorlik va zamonaviy arxitektura anʼanalarini hisobga olish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

125ta investitsion loyiha

Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2018-yillarda sanoat sohasida 125 investitsion loyiha amalga oshiriladi.

Oziq-ovqat va yengil sanoat, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebel va qogʻozni qayta ishlash, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-kimyo va boshqa sohalarda koʻzda tutilayotgan loyihalar viloyatni izchil rivojlantirishga, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi 6 ming 300 dan ortiq kishining ishli boʻlishiga xizmat qiladi.

Viloyatda "Oʻzqurilishmateriallari" aktsiyadorlik jamiyati tomonidan 163 loyiha amalga oshirilmoqda.

Nurobod tumanida "Navoiy metallmash" va Xitoyning "Gezhouba Group sement Co.LTD" korxonalari hamkorligida tsement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yiliga 2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxonada 530 yangi ish oʻrni yaratiladi.

Pastdargʻom tumanida quriladigan "Samarqand Afrosiyob tsement" korxonasi foydalanishga topshirilgach, 300 kishi ish bilan taʼminlanadi. Korxonani 2018-yilda ishga tushirish moʻljallangan.

Maishiy texnika — turmush darajasi koʻrsatkichi

Shavkat Mirziyoyev "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi hududida maishiy texnikalar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni koʻzdan kechirdi.

"O‘zeltexsanoat" aktsiyadorlik jamiyati va "Ideal Elektro Lyuks" masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiyaning "Odu" kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz plitalar, elektr duxovka, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 million dollarni tashkil etadi. Tovarlarning maʼlum qismi eksport qilinadi.
"Coven Elektro" masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 30 ming dona zamonaviy changyutgich ishlab chiqarish moʻljallanmoqda.

Prezident mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, aholining maishiy texnikalar bilan taʼminlangani uning turmush darajasining asosiy koʻrsatkichlaridan biri ekanini taʼkidladi. Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, "Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan" brendini yanada keng ommalashtirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.

Xalq qabulxonalari ishi nazorat qilindi

Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib koʻrdi.

Samarqand shahri, Dahbed koʻchasi, 32-uyda joylashgan ushbu qabulxonada fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etish uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Prezident Xalq qabulxonalari xalq bilan muloqot uchun erkinlik va qulaylik yaratgani, endi asosiy eʼtiborni odamlarni rozi qilishga qaratish zarurligini taʼkidladi.

Mirziyoyev tramvay yoʻlovchisi boʻldi

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Samarqand shahrida transport tizimini yanada yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi va tramvay liniyalarini barpo etish zarurligini taʼkidladi. Oʻtgan qisqa vaqtda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shahar koʻchalarida poʻlat izlar yotqizildi.

Prezident 15-aprel kuni Samarqand shahrida Temir yoʻl vokzali – Sartepa yoʻnalishi boʻyicha tramvay qatnovi yoʻlga qoʻyilishiga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari bir guruh samarqandliklar bilan "Tarix muzeyi" bekatidan "Temir yoʻl vokzali" bekatigacha tramvayda birga keldi. Samimiy muloqot chogʻida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor haqida soʻz bordi.

Ikki tomonlama qatnovga moʻljallangan yoʻlda elektr bilan taʼminlovchi toʻrtta podstantsiya va bitta depo qurildi. Temir yoʻl vokzali bilan Sartepa oraligʻidagi 7,2 kilometrlik yoʻnalishda 8 tramvay harakatlanadi. Samarqand shahrida toʻrtta yoʻnalish boʻyicha 20 tramvay qatnovi yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.

Shuning bilan Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Ushbu tashrif 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar ijrosining amaliy ifodasi boʻldi.

Tashrif davomida belgilab berilgan keng koʻlamli vazifalar, muhokama qilingan yirik loyihalar viloyat taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi.

Odamlar bilan samimiy muloqotlar viloyat ahliga kuch-quvvat, katta xursandchilik bagʻishladi.

Oʻzbekiston va jahondagi eng soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlishni istasangiz, Sputnik Oʻzbekistonning Telegram-kanaliga obuna boʻling.

Asosiy mavzular