01:04 19 Avgust 2017
Efir
Imzo

Mirziyoyev farmoni bilan yangi qoʻmita tuzildi

Pixabay
Siyosat
Havola olish
332 0 0

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni eʼlon qilindi

TOSHKENT, 18 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 18 aprel kuni "Oʻzbekiston Respublikasining xususiylashtirilgan korxonalar va raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha Davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi, deb xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.

Farmonga koʻra, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xususiylashtirilgan korxonalar va raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha Davlat qoʻmitasiga aylantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:

tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari boʻyicha muttasil yangilanib turuvchi maʼlumotlar bazasini hamda xususiylashtirilgan obektlar reyestrini, shuningdek, davlat aktivlari reyestrini shakllantirish;

xususiylashtirilgan korxonalar faoliyati moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini soliq, iqtisodiyot va statistika organlari bilan birgalikda doimiy asosda tahlil qilib borish, buning asosida faoliyat koʻrsatmayotgan, past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarni, boʻsh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan obektlar hamda yer uchastkalarini aniqlash;

ilgari xususiylashtirilgan korxonalar samaradorligining pastligi hamda ishlamayotganligi sabablari va omillarini, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, boʻsh yotgan va qurilishi tugallanmagan obektlarni aniqlash;

yangi ish joylarini yaratish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish va modernizatsiyalash hamda raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda, kommunikatsiyalarga ulanishda va tijorat banklaridan kreditlar ajratilishida ularga koʻmaklashish maqsadida aniq xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni taʼminlash;

Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xususiylashtirilgan obektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga biznes yuritish va biznes-rejalarni ishlab chiqish asoslari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa fanlarni kasb-hunar kollejlari bazasida oʻtkaziladigan kurslarda oʻqitishni tashkil qilish, bunda tajriba almashish uchun respublikamizda ishlayotgan katta muvaffaqiyatlarga erishgan tadbirkorlar va xorijiy mutaxassislarni jalb etish;

bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ularning faoliyat samaradorligini oshirish va yangi investorlarni jalb etish dasturlarini ishlab chiqish va roʻyobga chiqarishda ishtirok etish;

davlat aktivlarini boshqarish, davlat ulushiga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari faoliyatini monitoring qilish va tahlil etish, ularda korporativ boshqaruvning zamonaviy halqaro standartlari va metodlarini joriy etish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiy mulkdorlarga, shu jumladan, "nol" xarid qiymati boʻyicha sotishning ochiq-oydinligi va shaffofligini taʼminlash, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi ustidan monitoring olib borish;

monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshirish, raqobatni va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini muhofaza qilish, baholash, rieltorlik va birja faoliyatini litsenziyalash, reklama bozorini tartibga solish;

kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbar va mutaxassislar, shu jumladan, idoraviy tuzilmalar rahbarlari hamda mutaxassislarining ish shakllari va uslublarini takomillashtirish, zimmasiga yuklangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun ularning masʼuliyatini oshirish.

Farmonda taʼkidlanishicha, yangi qoʻmitaning eng muhim vazifasi xususiylashtirilgan korxonalarni tiklash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga koʻmaklashish hamda shu asosda yangi ish oʻrinlarini yaratishdir.

Asosiy mavzular