03:23 17 Dekabr 2017
Efir
Oʻzbekiston hukumati binosi

Vazirlar hisobot berdi: Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi majlisi boʻlib oʻtdi

© Flickr/ Stefan Munder
Siyosat
Havola olish
73941

Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari boʻyicha 2017-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini soʻzsiz taʼminlash yuzasidan mavjud zaxiralarni safarbar etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi

TOSHKENT, 18 apr — Sputnik. 2017-yil 18-aprelda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 14-yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2017-yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor vazifalari bajarilishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.

Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlari, tarmoqlar va hududlarni yanada kompleks rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, ishlab chiqarish korxonalari va mintaqalarning eksport salohiyatini rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning roli va ahamiyatini kuchaytirish, aholining daromadlari va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilgan dasturiy choralar har tomonlama va mufassal koʻrib chiqildi.

Qayd etib oʻtildiki, qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini tizimli amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilishi, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyat koʻrsatishi "Inson manfaati – har narsadan ulugʻ" degan ezgu gʻoyaning hayotga izchil va samarali joriy etilishini taʼminladi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J.Ramatov, Gʻ.I.Ibragimov, R.S.Azimov, U.U.Rozukulov, T.K.Narbayevaning, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va viloyatlar hokimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yil 14-yanvarda Vazirlar Mahkamasi majlisida hamda joriy yilning yanvar-aprelida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlariga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarni amalga oshirish boʻyicha hisobotlari eshitildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatovning, Davarxitektqurilish qoʻmitasi raisi B.I.Zakirovning, "Oʻzbekenergo" aktsiyadorlik jamiyati raisi F.I.Salomovning, “Oʻzqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati raisi B.K.Zaripovning, Toshkent viloyati hokimi SH.X.Boboyevning eʼtibori hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tasdiqlangan oʻrtacha muddatli dasturlarini, shu jumladan, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani, qishloq joylarda va shaharlarda arzon uylar qurishni jadallashtirishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishning zarurligiga qaratildi.

Davarxitektqurilish qoʻmitasi raisi B.I.Zakirovga shaharsozlikdagi eskirgan normativlarni tubdan qayta koʻrib chiqishni va kapital qurilishdagi nomutanosibliklarni bartaraf etishni nazarda tutgan holda qoʻmitaning butun tizimini tubdan qayta tashkil etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar turkumi paketini ishlab chiqishni tugallashni tezlashtirish va tasdiqlash uchun kiritish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Mamlakat Prezidentining shu yil 12-aprelda poytaxtning Chilonzor tumaniga tashrifi davomida aniqlangan meʼmoriy qiyofani, yoʻl-transport tizimini va uy-joy-kommunal infratuzilmani yaxshilash, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ishi samaradorligini oshirish bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Eng avvalo, xorijiy investitsiyalar jalb etilgan investitsiya loyihalarining loyiha hujjatlarini oʻz vaqtida ishlab chiqishni taʼminlash, shuningdek, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida yirik strategik investitsiya loyihalari boʻyicha ishlab chiqarish obektlarini belgilangan muddatlarda soʻzsiz ishga tushirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I.Ibragimovning, "Oʻzbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi raisi A.S.Sultanovning, "Oʻztransgaz" aktsiyadorlik kompaniyasi raisi E.R.Shoismatovning va "Oʻzkimyosanoat" aktsiyadorlik jamiyati raisi A.A.Abdullayevning hisobotlari eshitildi. Muhokamalar davomida mamlakat Prezidentining Turkmaniston, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasiga yaqindagi davlat tashriflari davomida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha imzolangan bitimlar va kontraktlarni oʻz vaqtida bajarishni taʼminlashga doir qoʻshimcha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimovning, moliya vaziri B.A.Xoʻjayevning, iqtisodiyot vaziri G.K.Saidovaning, Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari S.S.Xodjayevning, shuningdek, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hokimlari Z.SH.Roʻziyev va X.X.Bozorovning hisobotlari eshitildi.

Ular oldiga hududiy, moliya-byudjet va soliq rejalashtirilishini takomillashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini oshirish amaliy chora-tadbirlarini bajarish, tumanlar va shaharlarning subvensiya darajasini pasaytirish va ularni subvensiyadan chiqarish, naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish hisobiga makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini saqlashni taʼminlaydigan kechiktirib boʻlmaydigan kompleks chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan aniq vazifalar qoʻyildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha birinchi oʻrinbosarlarining shaxsiy masʼuliyati alohida qayd etib oʻtildi. Ularning ishlari samaradorligi aniq mezonlari boʻyicha baholanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.K.Sharapovning eʼtibori turizm sohasini rivojlantirishning yaxlit kontseptsiyasini izchil amalga oshirish, turizm industriyasi subektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, turizmni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan barcha toʻsiqlar va gʻovlarni olib tashlash, turizm xizmatlari bozorida raqobatni tashkil etishga yoʻnaltirilgan dasturiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni tezlashtirish zarurligiga qaratildi.

Majlisda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini yanada kengaytirish va safarbar qilishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarishni taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U.Rozukulovning, tashqi savdo vaziri E.M.Gʻaniyevning, Jizzax va Buxoro viloyatlari hokimlari U.Y.Uzoqov va Oʻ.I.Barnoyevning, shuningdek, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ishi natijadorligi batafsil tahlil qilindi.

Mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni koʻpaytirishni taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi raisi O.B.Rustamovga, “Oʻzagrotexsanoatxolding” kompaniyasi raisi N.S.Otajonovga, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan Oltinkoʻl (Karimov), Buloqboshi (Maxsudov), Qoʻrgʻontepa (Ergashev), Xoʻjaobod (Ismailov), Buxoro (Esonov), Vobkent (Javodov), Baxmal (Safarov), Sariosiyo (Joʻrayev), Sirdaryo (Nazarov) va Quva (Rahmonov) tumanlari hokimlariga shaxsiy baho berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U.Rozukulovga, tashqi savdo vaziri E.M.Gʻaniyevga, "Oʻzbekoziqovqatxolding" kompaniyasi raisi O.B.Rustamovga, "Oʻzagroeksport" kompaniyasi raisi J.A.Xolmuxamedovga, barcha darajalardagi hokimliklarga logistikaning zamonaviy tizimini rivojlantirishni jadallashtirish, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini, shu jumladan, Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi oʻtkazilishi davomida tuzilgan shartnomalar doirasida eksportga yetkazib berishning kafolatlangan hajmlarini taʼminlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K.Narbayeva, "Mahalla" xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi SH.S.Javlonov hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga oilalarda, xotin-qizlar va yoshlar oʻrtasida ularni har xil halokatli tahdidlardan, yot diniy va ekstremistik taʼsirlardan himoya qilish, shuningdek, xotin-qizlarning, shu jumladan, tadbirkorlik sohasida oqilona mashgʻul boʻlishini taʼminlash maqsadida maʼnaviy-axloqiy va targʻibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar qoʻyildi.

Majlisda 2017-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini hamda tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan maqsadli parametrlarini muvaffaqiyatli bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha mamlakat prezidentining joriy yil 11-apreldagi qarori talablari amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari boʻyicha 2017-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini soʻzsiz taʼminlash yuzasidan mavjud zaxiralarni safarbar etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston va jahondagi eng soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlishni istasangiz, Sputnik Oʻzbekistonning Telegram-kanaliga obuna boʻling.

Asosiy mavzular