06:43 20 Oktyabr 2017
Efir
Neft bilan ifloslangan suvdagi qush

Oʻzbekiston Parij bitimini imzoladi

© Sputnik/ Kirill Yasko
Siyosat
Havola olish
167 0 0

19-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida Parij bitimini Oʻzbekiston imzolashiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi

TOSHKENT, 20 apr — Sputnik. Oʻzbekiston Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimiga qoʻshildi, deb xabar qildi "Jahon" AA.

Joriy yil 19-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimini Oʻzbekiston imzolashiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, Parij bitimi iqlim oʻzgarishi, 2020-yildan atmosferada bugʻxona gazlari miqdorini kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlarni tartibga solish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining dastlabki konventsiyasi doirasida qabul qilingan hujjat hisoblanadi.

Mazkur bitim 2015-yil 12-dekabrda Parijda boʻlib oʻtgan Iqlim boʻyicha konferentsiyasi chogʻida Kioto protokolining rivoji sifatida qabul qilingan. Bitimdan koʻzlangan maqsad BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha dastlabki konventsiyasi "hayotga tadbiq etilishini faollashtirish", xususan, haroratning global oʻsishini Tselsiy shkalasi boʻyicha oʻrtacha 2°C darajadan past holatda ushlab turish va harorat oʻsishi Tselsiy shkalasi boʻyicha 1,5 darajada cheklanishi uchun saʼy-harakatlarni ishga solish bilan izohlanadi.

"Bitimni mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi Favqulodda va Muxtor elchisi Baxtiyor Gʻulomov imzoladi. Hujjatni imzolash marosimida BMT tomonidan Tashkilot Kotibiyati Huquqshunoslik boshqarmasining Shartnomalar sektsiyasi rahbari S.Villalpando ishtirok etdi", — deyiladi xabarda.

BMT vakili ushbu hujjatni imzolagani bilan Oʻzbekistonni qutladi. U iqlim oʻzgarishi masalalari hamisha tashkilotning va jahon hamjamiyatining diqqat markazida boʻlishini hamda mazkur bitimning hayotga tadbiq etilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ulkan ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Marosim chogʻida tomonlar havoga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmini qisqartirishga hamda iqlim oʻzgarishiga nisbatan barqarorlikni mustahkamlash imkonini beradigan Parij bitimi BMTga aʼzo davlatlar uchun oʻziga xos "yoʻl xaritasi" boʻlib xizmat qilishiga umid izhor etdi.

Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Parij bitimini imzolagan mamlakatlar roʻyxatiga kiritilgani haqida axborot materiali tayyorlanib, BMT Kotibiyati tomonidan tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida tarqatildi. Hujjat imzolanganidan soʻng Bitimning asl nusxasi saqlash uchun mazkur vazifa ijrosi tashkilot Bosh kotibi mutasaddiligida boʻlgan BMT Depozitariysiga taqdim etildi.

Asosiy mavzular