05:17 25 Noyabr 2017
Efir
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev oliy taʼlimning maʼnaviy-ahloqiy mazmunini kuchaytirishni buyurdi

AP Photo / Anvar Ilyasov
Siyosat
Havola olish
25230

Prezident imzolagan yangi qaror oliy taʼlimning maʼnaviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, talaba-yoshlar qalbi va ongiga milliy istiqlol gʻoyasini, oʻzbek xalqining yuksak maʼnaviyati va insonparvarlik anʼanalariga sadoqat tuygʻusini chuqur singdirish, begona gʻoyalarga nisbatan ularda mustahkam immunitet va tanqidiy munosabatni shakllantirishni nazarda tutadi

TOSHKENT, 21 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni "Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.

Ushbu hujjat Oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta koʻrish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishni taʼminlashga qaratilgan.

Qabul qilingan qarorga koʻra, quyidagilar oliy taʼlim tizimini kelgusida kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari etib belgilangan:

har bir oliy taʼlim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-taʼlim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yoʻlga qoʻyish, oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, taʼlim dasturlari va oʻquv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el oʻqituvchilari va olimlarini jalb etish;

oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy taʼlim muassasalaridagi ixtisoslik yoʻnalishlari va mutaxassisliklarni hududlar va sohalar boʻyicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish istiqbollarini inobatga olgan holda optimallashtirish;

yangi avlod oʻquv qoʻllanmalarini yaratish va oliy taʼlim tizimiga keng tatbiq etish, oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlash, jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlarni sotib olish va tarjima qilish negizida axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;

pedagog kadrlarning kasb malakasi va mahoratini sifat jihatdan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan oʻtishini yoʻlga qoʻyish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida oʻqitish;

oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etish;

oliy taʼlimning maʼnaviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, talaba-yoshlarning qalbi va ongiga milliy istiqlol gʻoyasini, xalqimizning yuksak maʼnaviyati va insonparvarlik anʼanalariga sadoqat tuygʻusini chuqur singdirish, biz uchun mutlaqo yot va begona boʻlgan gʻoyalarga nisbatan ularda mustahkam immunitet va tanqidiy munosabatni shakllantirish;

oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini ularning oʻquv va ilmiy-laboratoriya binolarini, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruktsiya qilish orqali yanada mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan sohalarining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-ilmiy laboratoriyalar bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash;

oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlash, talabalar, oʻqituvchi va yosh tadqiqotchilarning jahondagi ilgʻor taʼlim resurslari, ilmiy adabiyotlar va maʼlumotlar bazasi boʻyicha elektron kataloglarga kirish imkoniyatini kengaytirish.

Asosiy mavzular