20:09 23 Noyabr 2017
Efir
Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyeyev, pribыvshiy s gosudarstvennыm vizitom, vo vremya tseremonii vstrechi v aeroportu Vnukovo-2

Oʻzbekiston prezidenti nega Dushanbe va Bishkekka bormayapti

© Sputnik/ Aleksey Kudenko
Siyosat
Havola olish
6647183

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri nima uchun Shavkat Mirziyoyevning xorijga tashriflari roʻyxatida hozircha Tojikiston va Qirgʻiziston yoʻqligi haqida mulohaza yuritdi

TOSHKENT, 27 may — Sputnik, Anton Kurilkin. Shavkat Mirziyoyev ikki oy ichida yettita xorijiy tashrifni amalga oshirdi: ikki martadan Qozogʻiston va Turkmanistonga bordi, bir martadan Rossiya, Xitoy va Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi.

Biroq Oʻzbekiston prezidenti ikki qoʻshni davlat — Tojikiston va Qirgʻizistonga hozircha bormadi. Mirziyoyev nega qoʻshni davlatlarga tashrif buyurmagani haqida Sputnik Oʻzbekiston muxbiri mulohaza yuritadi.

Iqtisodiyot siyosatdan ustun

Oʻzbekiston rahbarining barcha xorijga tashriflarida iqtisodiy masalalar muhim oʻrin tutadi —Turkmaniston va Qozogʻistonga amalga oshirilgan tashriflarda davlatlar rahbarlari oʻzaro hamkorlik, savdo va oʻzaro loyihalar haqida kelishib olishgan boʻlsa, Pekin va Moskvaga tashriflarda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar haqida soʻz bordi.

Xitoy va Rossiya kiritadigan investitsiyalar miqdori tahsinga sazovor: bu davlatlar oʻzbek iqtisodiyotiga bir necha oʻn milliardlab dollar mablagʻ kiritishni rejalashtirishgan. Va bu faqatgina investitsiyaning oʻzi, bundan tashqari, harbiy hamkorlik va xavfsizlik sohasida kelishuvlar imzolandi.

Pekinda ham, Moskvada ham investitsiya kiritish uchun imkoniyat yetarli — bu davlatlar dunyodagi eng yuqori YAIM koʻrsatkichlariga ega va investitsiya uchun yetarli mablagʻlar mavjud — ayniqsa Xitoyda.

Qoʻshni davlatlar bilan esa vaziyat birmuncha murakkab. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻiston YAIM darajasi boʻyicha dunyoda 50-oʻrinda, Oʻzbekiston 69-, Turkmaniston esa 92-oʻrinda.

Biroq Tojikiston va Qirgʻizistonning holati anchagina ayanchli — ular mos ravishda 142- va 147-oʻrinlarni egallashgan.

Agarda aniq raqamlarga murojaat qilinadigan boʻlsa, qirgʻiz va tojik iqtisodiyoti oʻzbek iqtisodiyotidan qariyb 10 baravar orqada. Taqqoslash uchun: Oʻzbekiston YAIM 66,7 milliard dollar, Tojikistonniki 7,8 milliard, Qirgʻizistonniki esa 6,5 milliard.

Bundan tashqari, logistik yoʻnalishlar va resurslar nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, Bishkek va Dushanbening Toshkentga taklif qiladigan tayinli narsasi yoʻq, deb hisoblaydi MDH mamlakatlari institutining Markaziy Osiyo boʻlimi mudiri Andrey Grozin.

"Toshkent Bishkek va Dushanbe bilan oʻta zarur yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikka muhtoj emas. Nazariy jihatdan, yagona energetika halqasi yaratilishi, iqtisodiy makon birlashishi yuz berishi mumkin", — deydi u.

Lekin hozircha bunga yuqori darajada ehtiyoj yoʻq. Grozinning aytishicha, Oʻzbekiston iqtisodiyoti Dushanbe va Bishkekning moliyaviy imkoniyatlariga qarab qolmagan.

RFA sharqshunoslik institutining Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ural-Volgaboʻyini oʻrganish markazi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Stanislav Pritchin ham shu fikrda.

"Faollik asosan Oʻzbekistonga yangi transport yoʻnalishlari ochishga imkon beradigan, energetik sheriklik boʻyicha kelishish mumkin boʻlgan hamkorlarga qaratilgan… Har bir tashrif yakunida Oʻzbekistonga investitsiya va texnologiyalar olib keladigan qator investitsion kelishuvlar imzolandi", — dedi ekspert.

Mazkur vaziyatda Toshkent u yoki bu siyosiy yoʻnalishning qay darajada manfaatli va istiqbolli ekanligidan kelib chiqadi, qolgan narsalar esa ikkinchi darajali hisoblanadi.

Muloqot bor

Shu bilan birga iqtisodiy masalalardan tashqari xavfsizlik, chegara va mintaqaviy hamkorlik masalalari ham mavjud boʻlib, bu yoʻnalishlar boʻyicha ham oʻtgan yilning sentyabridan buyon vazirliklar darajasida ish olib borilmoqda.

Oʻtgan sakkiz oy davomida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegara masalalari boʻyicha kelishib oldi, hamkorlik masalasida bir nechta mintaqaviy shartnomalar imzolandi. Bundan tashqari, Atambayev va Mirziyoyev oʻtgan yilning kuzida Qirgʻiziston prezidenti Oʻzbekistonga kelganida suhbatlashishgan.

Andrey Grozinning fikricha, hozircha Bishkekka borishga hojat yoʻq — oktyabrda Qirgʻizistonda saylovlar boʻlib oʻtadi va amaldagi prezident bu saylovlarda qatnashmasligini maʼlum qilgan.

Tojikiston borasida esa Dushanbe va Toshkent oʻrtasidagi munosabatlarga "muz joyidan koʻchdi" degan ibora ishlatilmoqda — ikki davlat transport aloqasini tiklashni boshladi, mamlakat rahbarlari esa musulmon davlatlari sammitida suhbatlashishdi.

Stanislav Pritchinning fikriga koʻra, davlatlar oʻrtasida muloqotlar bor, lekin ular oʻrtasidagi munosabatlar tarixini eʼtibordan qochirmaslik lozim. Oʻtgan 25 yil davomida Oʻzbekistonning Tojikiston va Qirgʻiziston bilan bir nechta muammolari paydo boʻlgan.

"Qator masalalar, masalan, Qirgʻiziston bilan chegara borasida muloqotlar oʻtkazildi, oldinga siljish va ijobiy holat koʻzga tashlanmoqda, lekin Oʻzbekiston Qirgʻiziston va Tojikiston bilan munosabatlarni birdaniga oʻzgartirib yuborishi haqida gapirishga hozircha erta… Oʻzbekistonning ushbu davlatlar bilan munosabatlari qayta shakllanmoqda, ehtimol, tashriflar amalga oshirilmayotgani oʻziga xos bosim boʻlishi mumkin", — deb taxmin qiladi Pritchin.

Hayratlanarli superfaollik

Andrey Grozinning eʼtirof etishicha, barcha siyosiy va iqtisodiy maqsadlar ortida turgan bir narsani unutmaslik zarur — xorijiy tashriflar juda koʻp vaqtni oladi va jismoniy jihatdan ogʻir kechadi.

"Bunday qisqa davr ichida shuncha tadbirlarni oʻtkazish uchun prezident ish jadvali choʻziluvchan emasligini anglash lozim. Prezidentning mamlakat ichida ham bajaradigan ishlari juda koʻp va meni bu insonning tashqi siyosatdagi superfaolligi hayratga solmoqda — u bularning bariga qanday ulgurmoqda. Bunga katta kuch kerak" — deydi ekspert.

U hali Bishkek va Dushanbega ham navbat kelishini, faqat bir oz kutish lozimligini qoʻshimcha qildi. Shu bilan birga Grozinning aytishicha, agarda Mirziyoyev Dushanbega yoki Rahmon Toshkentga tashrif buyursa ham bu qandaydir oʻziga xos yon berish boʻladi. Bir martalik tashrif bilan barcha muammolarni birdaniga hal qilishning ham imkoni yoʻq. Lekin Oʻzbekiston tashqi va mintaqaviy siyosat bilan faol shugʻullana boshlaganligi esa ayni haqiqatdir.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular