16:38 21 Noyabr 2017
Efir
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Rahbarlik tajribasi yetishmadi: Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimini ishdan oldi

Siyosat
Havola olish
149251

Oʻzbekiston prezidenti Samarqand viloyat hokimi va uning oʻrinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat idoralari rahbarlari oʻrtasida amaliy va sogʻlom munosabatga putur yetgani Samarqandning bugungi taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini aytib, Himmat Oqboʻtayevni ishdan oldi

TOSHKENT, 13 iyun — Sputnik. Toshkent shahrida 12 iyun kuni videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda joriy yilning birinchi yarim yilligi boʻyicha kutilayotgan natijalarni oldindan tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etgan holda, barcha soha va tarmoqlarda belgilangan prognoz koʻrsatkichlari va maqsadli parametrlarga erishishni taʼminlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferentsiya aloqasi orqali yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari, vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari, joylardagi korxonalarning rahbarlari, jamoatchilik vakillari va tadbirkorlar qatnashdi.

Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqardi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha belgilab olingan strategik vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilning oʻtgan davrida erishilgan ijobiy natijalar eʼtirof etilib, bugungi islohotlar jarayonidagi kamchilik va muammolar, ularni hal etish yoʻllari, ijro intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha tahlil qilindi.

Jumladan, davlat boshqaruvi organlari tizimida toʻplanib qolgan muammolarni hal etish, ushbu tizimni tubdan takomillashtirish va samarasini oshirish boʻyicha keyingi paytda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu borada, ayniqsa, 22 vazirlik, davlat qoʻmitasi, kompaniya, uyushma va boshqa tuzilmalar yangidan yoki qayta tashkil etilgani, Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi oʻnlab idoralar tuzilmasi oʻzgartirilib, ularning asosiy vazifa va funktsiyalariga aniqliklar kiritilgani muhim amaliy qadam sifatida qayd etildi.

Ayni paytda mazkur oʻzgarishlar hamma sohada ham kutilgan natijalarni bermayotgani, baʼzi yangi vazirlik va idoralar oʻz faoliyatini hanuzgacha samarali yoʻlga qoʻymagani, bu esa 2017 yil uchun belgilangan dasturlar ijrosini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani tanqid qilindi. Jumladan, tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganiga bir necha oy oʻtganiga qaramasdan, "Oʻzagroeksportbank" va "Poytaxtbank"ning muassislari tomonidan ushbu banklarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish haligacha taʼminlanmagani sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda, ayniqsa, iqtisodiyotni boshqarish sohasida eski qolipdagi, real hayotdan uzoq, yuzaki yondashuvlarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi, bugungi shiddatli taraqqiyot hamma sohalarda vaziyatni tanqidiy baholab, ularni rivojlantirishda yangicha usul va samarali tizimlarni, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni, yuksak masʼuliyat va tashabbuskorlikni talab etishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbari Hukumatning shu davrdagi faoliyatini tahlil qilib, hududlar bilan ishlash, har bir muammoni joylarga borgan holda, chuqur va puxta oʻrganib, izchil hal etish, samara va natijadorlik Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari faoliyatini baholashda muhim mezon boʻlishini taʼkidladi.

Mirziyoyev iqtisodiyotning ayrim soha va tarmoqlarida birinchi yarim yillik yakuni boʻyicha kutilayotgan natijalar haqida soʻz yuritib, bu borada qator komplekslar, vazirlik va tarmoqlar rahbarlariga jiddiy eʼtirozlar borligini qayd etdi. Masalan, "Oʻzbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasining qoʻshma korxonalarida gaz qazib chiqarishda qoloqlikka yoʻl qoʻyilmoqda. Yengil, oziq-ovqat, charm-poyabzal sanoatining ayrim korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish yetarli darajada taʼminlanmagan.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, joylarga borib, har bir viloyatning oʻzida qoʻshimcha rezerv va imkoniyatlar izlab topish, shu asosda istiqbolli loyihalar ishlab chiqish amaliyoti ijobiy natija bermoqda. Bugungi kungacha umumiy qiymati 23 trillion soʻmdan ortiq 1260 loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha yangi imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga, hududlarni rivojlantirish, ichki bozorni mahsulotlar bilan toʻldirish, eksport hajmini koʻpaytirishga, eng muhimi, odamlarni ish bilan taʼminlash, ularning hayot darajasi va sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan ushbu muhim loyihalarni amalga oshirishda ham, afsuski, oqsoqlik va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.

Prezident hududlarni rivojlantirish borasida davlat organlarining oʻrni va masʼuliyati haqida soʻz yuritar ekan, oʻtgan haftada Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ayrim rahbarlarning befarqligi va harakatsizligi oqibatida bu hududda juda koʻplab jiddiy muammolar toʻplanib qolgani maʼlum boʻlganini qattiq tanqid qildi. Ayniqsa, viloyat hokimi va uning oʻrinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat idoralari rahbarlari oʻrtasida amaliy va sogʻlom munosabatga putur yetgani Samarqandning bugungi taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Viloyat hokimining jamoatchilik va rahbarlar fikrini inobatga olmasdan ish tutishi, ijrochilar oldiga sayoz oʻylangan vazifa va topshiriqlarni qoʻyishi, unda jurʼat va tashabbuskorlik, masʼuliyatni dadillik bilan oʻziga olish fazilatlari yetishmasligi hozirgi vaqtda viloyatda oʻta jiddiy va dolzarb vazifalarni hal etish imkonini bermayapti. Xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot mavjud emas, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarda uzilish paydo boʻlgan.

Mazkur hududda barpo etilayotgan obʼyektlarni qurish, investitsiya mablagʻlarini oʻzlashtirish ishlari oqsamoqda, eksportga chiqariladigan mahalliy mahsulotlar hajmini koʻpaytirish taʼminlanmayapti. Shahar va tumanlarda obodonchilik, odamlar uchun qulay, toza-ozoda muhit yaratish masalalari ham oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Viloyat moliya va soliq idoralari soliq bazasini kengaytirish imkoniyatlarini izlash va ularni toʻliq ishga solish ishlari bilan yetarli darajada shugʻullanmayapti. Ana shu muammolarni hal etish, bu yoʻlda butun Samarqand ahlini birlashtirish va oʻz ortidan ergashtirish uchun viloyat hokimi H.Oqboʻtayevda bilim va salohiyat, rahbarlik tajribasi yetishmadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Samarqand viloyati hokimi H.Oqboʻtayev ish faoliyatida yoʻl qoʻygan ana shunday jiddiy kamchilik va nuqsonlar uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Yigʻilishda mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohot va davlat dasturlarining pirovard maqsadi aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga, ularning ogʻirini yengil qilish va xalq dasturxonining toʻkin-sochin boʻlishini taʼminlashga yoʻnaltirilgani alohida taʼkidlandi. Shuning uchun ham joylarda xalq bilan muloqot, aholini oʻylantirayotgan tashvish va muammolarni har tomonlama oʻrganish asosida qabul qilinayotgan har bir qonun, farmon va qaror ijrosi qattiq nazoratga olinishi va soʻzsiz bajarilishi lozimligi uqtirib oʻtildi.

— Bu bizning doimiy, qatʼiy siyosatimiz va uni albatta oxiriga yetkazamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlarining hisobotlari atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Asosiy mavzular