20:09 23 Noyabr 2017
Efir
Jizzaxdagi Sharof Rashidov haykali

Shavkat Mirziyoyev: Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy yurtparvar rahbar edi

© president.uz
Siyosat
Havola olish
Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi (19)
321 0 0

Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy yurtparvar rahbar edi. Ming afsuski, hayot bu insonga shunday murakkab qismatni ravo koʻrdiki, u yuragidagi barcha orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish, oʻz mehnatining hosilidan toʻla bahramand boʻlish imkoniga ega boʻlmadi.

TOSHKENT, 7 noya — Sputnik. Oʻzbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi va benazir inson Sharof Rashidov 1917 yilning 6 noyabrida Jizzax shahrida tavallud topgan.

Kuni kecha Sharof Rashidovning 100 yilligi butun Oʻzbekistonda keng nishonlandi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida Sharof Rashidov haykalining ochilishi marosimida ushbu tadbir "jonajon Vatanimiz hayotidagi ulkan voqea", deya taʼrif berdi.

Soʻng Oʻzbekiston rahbari Sharof Rashidov bosib oʻtgan murakkab hayot yoʻli haqida nutq soʻzladi.

"Sharof Rashidov oʻzining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki uzoq-yaqin oʻlkalarda ham katta obroʻ-eʼtibor qozonganligini taʼkidlab oʻtdi.

Bu ulugʻ inson, sobiq mustabid tuzum davrida turli tazyiq va sinovlarga bardosh berib, xalqimiz va millatimizga sadoqat bilan, halol va fidokorona xizmat qildi.

Umrining soʻnggi daqiqalarida ham dalaga borib, zahmatkash oʻzbek dehqonlari orasida boʻlganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy yurtparvar rahbar edi.

Ming afsuski, hayot bu insonga shunday murakkab qismatni ravo koʻrdiki, u yuragidagi barcha orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish, oʻz mehnatining hosilidan toʻla bahramand boʻlish imkoniga ega boʻlmadi.

Aksincha, mustabid tuzum oʻziga sadoqat bilan xizmat qilgan shunday ulugʻ insonni oxir-oqibatda turli tuhmat va malomatlarga duchor qildi.

Sharof Rashidov vafot etishi bilan uning xotirasini xoʻrlab, qabrini koʻchirdilar, oila aʼzolari, qarindosh-urugʻlarini, doʻstlari va shogirdlarini quvgʻin qildilar. "Paxta ishi", "Oʻzbek ishi", "Rashidovchilik" degan boʻhton gaplar bilan u kishining aziz nomini, butun xalqimizni yomonotliq qildilar.

Faqatgina mustaqillik davriga kelib, Birinchi Prezident Islom Abdugʻaniyevich Karimov tomonidan tarixiy adolat tiklandi — Sharof Rashidovning pok nomi oqlandi va 75 yillik tavallud sanasi yurtimizda keng nishonlandi.

Biz bugun yaqin tariximizda boʻlgan ana shunday ayanchli voqealarni eslar ekanmiz, mustaqilligimizning qadr-qimmatini yanada teran anglab yetishimiz, uni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz shart.

Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, oʻzi butun borligʻi bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi.

U oʻzining betakror isteʼdodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, sheʼr va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratdi.

Rus tilini mukammal egallagan, bu tilda badiiy asarlar yozish salohiyatiga ega boʻlgan bu ulkan adib aynan oʻzbek tilida ijod qildi. Shu tariqa, oʻsha paytdagi murakkab ideologik tazyiqlarga qaramasdan, milliy adabiyotimiz, avvalambor, ona tilimiz rivojiga qoʻshgan katta hissasi har tomonlama ibratga munosibdir.

Sharof Rashidovning "Ikki dil dostoni" degan goʻzal asarini hammamiz sevib oʻqiganmiz. Mening nazarimda, chinakam sevgi va sadoqat dostoni boʻlmish bu asarda Sharof aka va u kishining mehribon rafiqasi, oqila va munis oʻzbek ayoli Xursanoy opaning ibratli hayoti va taqdiri mujassam boʻlgandek tuyuladi.

Haqiqatan ham, bu matonatli ayol umr boʻyi Sharof Rashidov bilan hamnafas boʻlib, hayotning barcha sinovlariga bardosh berib, eng ogʻir damlarda ham umr yoʻldoshiga sodiq boʻlib yashadi. Bunday bebaho fazilatlari bilan bu mushtipar opamiz xalqimiz oʻrtasida chinakam vafo va sadoqat timsoliga aylandi.

Shu oʻrinda yana bir masalaga alohida toʻxtalib oʻtishni oʻrinli, deb bilaman: Sharof aka va Xursanoy opaning bergan taʼlim va tarbiyasi, shaxsiy namunasi tufayli ularning oilasi, farzandlari oʻz ota-onalariga munosib boʻlib, el-yurtga fidoiyligi bilan bu qutlugʻ xonadon nomini doimo pok saqlab kelmoqda. Bunday xislatlar koʻp millatli xalqimiz, yurtimizdagi barcha oilalar uchun har tomonlama oʻrnak va ibratga loyiq boʻlgan maʼnaviy hodisadir.

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun biz oʻzbek xalqining buyuk farzandi Sharof Rashidovich Rashidovning xotirasiga hurmat bajo keltirar ekanmiz, uning nomi va hayoti Vatanimiz, xalqimiz tarixi bilan chambarchas bogʻliq ekaniga yana bir bor amin boʻlmoqdamiz.

Sharof Rashidovning murakkab, shu bilan birga, sharafli hayot yoʻlida oʻzbek xalqining XX asrdagi taqdiri oʻzining yorqin ifodasini topdi.

Ulugʻ Vatan urushi boshlanishi bilan u birinchilar qatorida frontga otlandi va dushman bilan kurashda haqiqiy mardlik va qahramonlik koʻrsatdi. Ogʻir yaralanganidan soʻng Oʻzbekistonga qaytib, bor kuch va gʻayratini ayamasdan, turli lavozimlarda ishladi.

Sharof Rashidov oʻta mashaqqatli yillarda Oʻzbekistonga qariyb chorak asr davomida rahbarlik qildi. Uning rahnamoligida respublikamiz iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi.

Minglab gektar qarovsiz yerlar oʻzlashtirildi. Oʻzbekiston xaritasida yangi shahar va qishloqlar paydo boʻldi, yuzlab zavod va fabrikalar qurildi, bogʻu rogʻlar barpo etildi. 1966 yildagi koʻplab vayronagarchiliklar keltirgan zilziladan soʻng qisqa muddatda zamonaviy Toshkentning mustahkam poydevori yaratildi.

Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlaridan Sharof Rashidov bilan uzoq yillar davomida birga ishlagan vakillar ishtirok etayotgani bu tadbirga alohida ruh va maʼno-mazmun bagʻishlamoqda. Ularning orasida atoqli davlat va jamoat arboblari, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari borligini taʼkidlash lozim.

Biz, shuningdek, Sharof Rashidovni yaxshi tanigan va yaqindan bilgan muhtaram mehmonlarimizni samimiy qutlashdan mamnunmiz.

Bular uchuvchi-kosmonavtlar — vatandoshimiz Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov, taniqli selektsioner olim Ivan Kuzmin, Sharof Rashidov haqidagi qator kitoblar muallifi, yozuvchi Farhod Razzoqov va boshqalardir.

Qadrli mehmonlar, Sharof Rashidovning xotirasiga boʻlgan hurmat va ehtiromingizni biz avvalo butun Oʻzbekiston xalqiga boʻlgan hurmat va ehtirom ifodasi sifatida qabul qilamiz.

Barchangizga samimiy minnatdorlik bildirib, chin qalbimdan mustahkam sogʻlik, baxt va omad tilayman".

Mavzu:
Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi (19)

Asosiy mavzular