12:13 18 Dekabr 2017
Efir
Konferentsiya po obespecheniyu bezopasnosti i ustoychivogo razvitiya v Tsentralnoy Azii

Samarqand anjumani va Mirziyoyev doktrinasi – xolis nazar

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Siyosat
Havola olish
Igor Nikolaychuk
77550

Samarqandda 10-11 noyabr kunlari "Markaziy Osiyo: Yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik" mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi

TOSHKENT, 21 noya — Sputnik, Igor Nikolaychuk. Samarqand anjumanida jahonning 20 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan siyosatchilar, diplomatlar va ekspertlar Markaziy Osiyoda bugungi kunda toʻqnash kelayogan muammolarni va tahdidlarni, shuningdek, mintaqada va uning tashqarisidagi kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilishdi.

Ushbu hodisaga mening munosabatim shunday tadbir juda qiziqarli va muhim, lekin Rossiya xavfsizligiga hech qanday aloqasi yoʻq. Shuning uchun, xolis nazar. Befarqlik yoki bir chekkadan turib qarash emas.

Shundan boshlash mumkinki, bugungi kunda Oʻzbekiston kuchli diplomat kadrlariga ega. Men hech kimni hafa qilishni istamayapman, lekin na madaniyat arboblari, na iqtisodchilar hattoki harbiylar ham hozircha bunchalik koʻzga koʻrinishmayapti. Diplomatlar esa yaqqol koʻzga tashlanishmoqda. Ular bunga loyiq.

Xususan men oʻzim, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xodimlarini juda yaxshi koʻrib qoldim. Ular oʻsib borayotgan mukammal kollektivga aylangan. TIV va unga yaqin boshqa tuzilmalar ham ildam qadamlar tashlamoqda. Ularning oldiga har qanday keng koʻlamli jiddiy vazifalar qoʻysa ham boʻladi. Masalan, Markaziy Osiyo geosiyosatning mustaqil va yaxlit birligi — degan siyosiy tamoyilni joriy qilish.

Shu bilan bir vaqtda, shuni anglash kerak-ki, Markaziy Osiyo xalqlari rivojlanish, madaniyat, iqtisod, geosiyosat nuqtai nazaridan yagona birlikni tashkil qiladi. Hudud xavfsizlik muammolari ham umumiydir. Bu mavzuda esa, muhokama qiladigan narsa koʻp va shuning uchun ham u muhimdir. Buni "Mirziyoyev doktrinasi" yoki "Markaziyosiyochilik" desa ham boʻladi.

Bu doktrinani (siyosiy nuqtai nazarni) maʼlum diplomatik bosqichlar natijasida amalga oshirish mumkin. Dastlab davlat tomonidan oliy darajada jahon sahnasida uni eʼlon qilish kerak. Bu Mirziyoyev tomonidan BMT minbaridan turib amalga oshirildi. Prezident soʻzlagan nutqi kuchli va muhim boʻlgani haqida men oldin ham aytib oʻtgan edim. Bu muvaffaqiyatli qadam boʻlgan edi. keyingi bosqichda esa, muvaffaqiyatni mustahkamlab olish uchun — turli mamlakatlar ekspertlari yordamida muhokama qiladigan xalqaro anjuman oʻtkazish kerak edi. Bu ham amalga oshirildi, 20ta mamlakatdan ekspertlar keldi. Bu juda yaxshi.

Boshida anjuman BMT shafeligida oʻtkaziladi deyilgan edi, lekin aslida esa BMT juda sust harakat qildi. Toʻgʻri BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiyasi boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German mintaqada davlatlar oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha xalqaro anjuman tarixiy mohiyatga ega ekanini eʼtirof etdi. Shuningdek, BMTning Markaziy Osiyoda narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal bu xalqaro anjuman yana bir bor mintaqadagi davlatlarning narkotrafikka, odam savdosi qarshi kurashish, barqarorlikni taʼminlash yakdil qarashlarni namoyon qilganligi haqida gapirib oʻtdi.

Shuningdek, Mittal konferentsiyada bildirilgan takliflar va tashabbuslar kelgusi muzokaralar uchun asos sifatida xizmat qilishi va BMTning barcha tuzilmalari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidladi. Toʻgʻrisini aytish kerak, buni juda katta vaʼda deb boʻlmaydi. Shu sababdan boʻlsa kerak, oʻzbek OAVlaridan boshqa OAVlar Samarqand konferentsiyasi "BMT shafeligi" ostida oʻtkazilganiga unchalik katta urgʻu berib oʻtishmadi.

Anjumanda ishtirok etgan amerikaliklar soʻzlagan nutqlariga koʻra, AQShning Markaziy Osiyoga munosabatini befarqroq desa ham boʻladi. Ular aytishiga qaraganda, AQShning ushbu hududga diqqatini jamlash istagi yoʻq. Oddiy soʻz bilan aytganda, ushbu hudud mamlakatlari bilan umumiy (hududiy)asosda emas, yakkama-yakka tartibda belgilanadi. Albatta, AQSH uchun Markaziy Osiyo rahbarlari bilan Afgʻoniston borasida muzokaralar olib borish muhim, lekin AQSH Davlat Departamenti uchun "S5+1" koʻrinishdagi muzokaralar ushbu hududda siyosat olib borishning yagona uslubi emasga oʻxshaydi. Xususan, AQSH uchun bu yerda yanada "qiziqroq" imkoniyatlar boʻlishi mumkin. Masalan, Afgʻoniston muammosini Hindistonga topshirib, shunday yoʻl bilan uni Xitoy va Pokiston zarbasi ostiga qoʻyish. Afgʻoniston hukumatiga esa bugungi kunda faqat bir narsa kerak — pul, xavfsizlik emas!

Ushbu hududning siyosiy yagona boʻlish rejalarini ikki qoʻli bilan qoʻllab-quvvatlovchi kuch bu — Yevropa Ittifoqi boʻlishi mumkin. Oxirgi vaqtlarda YEI dunyoda iqtisodiy "yirtqichga" aylanib bormoqda. Markaziy Osiyodagi 70 millionli isteʼmolchilar bozori uning uchun yaxshigina sovgʻa boʻlishi mumkin. YEI uchun ushbu millionlarni, albatta, besh boʻlakka boʻlib emas, yoppasiga olgan maʼqul. YEI xavfizlik siyosati boʻyicha komissari Federika Mogerini oʻz nutqini oʻlgan sherni bir tepib oʻtish bilan boshladi. Xususan, u Markaziy Osiyo xalqlari sobiq Ittifoq tarkibida bir necha oʻn yilllar davomida boʻlishiga qaramasdan Markaziy Osiyo xalqlari oʻz madaniyati va urf-odatlarini yoʻqotmaganligini aytib oʻtdi.

Men oʻsha vaqtlarning tirik guvohi sifatida, Mogerini xonimga eʼtiroz bildirishim mumkin. Oʻsha vaqtlarda Moskva koʻchalarida doʻppi kiygan oʻzbek erkaklar yoki chiroyli atlas koʻlakli oʻzbek qizlar juda mos koʻrinar edi, chunki SSSRda har qanday milliy oʻziga xoslik qoʻllab-quvvatlanar edi. Bugun ham Moskva koʻchalarida oʻzbekistonlik mehmonlar juda koʻp. Lekin ularning asosiy "madaniyati" arzon yevropa sport kiyimlari-yu xitoy kurtkalari bilan belgilanadigan boʻlib qolgan. Chiroyli milliy choponlar esa bozorlarda qiziq sovgʻa sifatida sotilmoqda. Men buni shunchaki gap oʻrnida aytayapman, xolos.

Federika Mogerini buni ochiqchasiga aytdi ham. Uning soʻzlariga koʻra, YEI Markaziy Osiyo bilan savdo-sotiq sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor, bu ularga 70 millionli bozorga chiqish imkonini beradi. Lekin buning uchun MO hududida iqtisodiy va huquqiy islohotlar olib borish kerak. Ushbu ishlar aynan hozir faollik bilan olib borilmoqda desa ham boʻladi.

Samarqandda aʼlo darajada tashkillashtirilgan anjuman yana bir muhim holatni namoyish qildi. Oʻzbekiston rahbariyati dunyodagi vaziyatni yaxshi anglab tushungan va oʻz tashabbusiga ega. Ular oʻzining ijobiy siyosiy niyatlarini ham namoyish qilmoqda.Shuningdek, yaxshigina diplomatik resurslar ham bor. Qoʻshni mamlakatlarning ushbu tashabbusga boʻlgan hamjihatligi hozircha nomaʼlum boʻlsada, lekin bu katta yoʻlning boshi. Xoʻsh, nima ham derdik, qimirlagan qir oshar. Hamrohlar esa ertami kechmi yoʻlda uchraydi yoki qoʻshiladi. Ushbu yoʻlda nafaqat qaysi tomonga borish, balkim kim bilan borish ham muhimdir.

Asosiy mavzular