04:42 18 Yanvar 2018
Efir
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga tabrigi

Press-slujba prezidenta RUz
Siyosat
Havola olish
376 0 0

Oʻzbekiston rahbari 2017 yilda Oʻzbekiston taraqqiyotning yangi davri, yangi bosqichiga qadam qoʻyganini eʼtirof etdi

TOSHKENT, 1 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor onlayn tarzda Oʻzbekiston aholisini kirib kelgan Yangi yil ayyomi bilan tabrikladi.

Quyida prezidentning bayram nutqini keltirib oʻtamiz. 

"Aziz va muhtaram vatandoshlar! Qadrli doʻstlar!

Jonajon Vatanimizga Yangi — 2018 yil kirib kelmoqda.

Siz azizlarni, moʻʼtabar nuroniylar, mehribon opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, koʻp millatli butun xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.

Ming shukrki, turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, 2017 yil mamlakatimiz uchun tinch, har tomonlama omadli va barakali boʻldi.

Biz taraqqiyotimizning yangi davri, yangi bosqichiga qadam qoʻydik. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalarni bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etdik.

Xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2017 yilni barcha sohalarda yorugʻ yuz bilan yakunlashga erishdik.

Eng muhimi, davlatning xalqqa munosabati oʻzgarmoqda. Xalq degan tushunchaning qadri yuksalmoqda. El-yurtga xizmat qilish hayotimiz mazmuniga aylanmoqda.

Bularning barchasi odamlarimizning kundalik hayotida oʻz amaliy ifodasini topmoqda. Ularning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkam boʻlmoqda.

Tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimiz ham, aytish mumkinki, gʻoyatda samarali boʻldi. Ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarimiz yangicha ruh va mazmun kasb etmoqda.

Bu esa mintaqamizda oʻzaro ishonch, doʻstlik va hamkorlik muhitini yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin boʻlmoqda. Biz bu strategik yoʻlni 2018 yilda ham izchil va faol davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin barcha mamlakatlar xalqlarini ham, Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ularga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

Aziz yurtdoshlar!

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev
Press-slujba prezidenta RUz
Biz Yangi — 2018 yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb nom berdik.

Biz buyuk kelajagimizni aynan mana shunday yuksak maqsad va gʻoyalar asosida barpo etamiz.

Xalqaro maydonda keskin raqobat kuchayib borayotgan hozirgi vaqtda bu eng toʻgʻri va samarali yoʻldir.

Shu maʼnoda, 2018 yil Oʻzbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil boʻladi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Yangi yilda ham xalqimiz hayot darajasi va sifatini, barcha toifadagi aholimiz daromadlarini oshirishga alohida ahamiyat beramiz.

Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar oʻrtasidagi totuvlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.

Chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kengaytirishga yanada katta eʼtibor qaratamiz.

Ishonaman, 2018 yilda barchamiz birgalikda, oʻzimizni ayamasdan mehnat qilib, oʻz oldimizga qoʻygan vazifalarni bajarishga albatta erishamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Mana shu nurafshon daqiqalarda hammamiz ezgu orzu-umidlar bilan Yangi — 2018 yilga qadam qoʻymoqdamiz.

Mening niyatim, tilagim shuki, har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin!

Barchangizga dunyodagi eng katta baxt — oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini koʻrish nasib etsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Asosiy mavzular