06:42 19 Yanvar 2018
Efir
Jizn v Respublike Uzbekistan

2018 yilda Oʻzbekistonni nimalar kutmoqda?

© Flickr/ Arian Zwegers
Siyosat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
5920200

Davlat tizimlari, shaharlar qiyofalari oʻzgaradi, davlat funktsiyalari kamaytiriladi, insonlar erkinroq nafas oladi, nihoyat bilim va aql ham oʻz qadrini topadi

Oʻzbekiston prezidentining parlamentga murojaatnomasidan kelib chiqqan holda yangi yilda Oʻzbekistonni kutayotgan oʻzgarishlar haqida fikrlarni bildirib oʻtamiz.

Demak, birinchi galda, davlat tizimlari, shaharlar qiyofalari oʻzgaradi, davlat funktsiyalari kamaytiriladi, insonlar erkinroq nafas oladi, nihoyat bilim va aql ham oʻz qadrini topadi;

- ichki ishlar, milliy xavfsizlik va mudofaa tizimlarining tashkiliy tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritiladi;

— bir necha agentliklar, qoʻmita, inspektsiya va markazlar qisqartirilib, ayrim vazirliklar tarkibiga kiritiladi;

— davlat xizmati xodimlariga haq toʻlash masalasi koʻrib chiqilib, ularning ijtimoiy taʼminot tizimini yaratish choralari koʻriladi;

— davlat ishtirokidagi biznes tuzilmalar tashkil etish cheklanib, bozor mexanizmlari rivojlantiriladi, davlatning ayrim funktsiyalari xususiy sektorga oʻtkaziladi (avtomobillarni texnik koʻrikdan oʻtkazish kabi);

— mamlakatda mahalliy hokimliklar organlarining vakolatlari va masʼuliyati oshiriladi, davlat boshqaruvidagi haddan ortiq markazlashtirishdan voz kechiladi;

— davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlariga oʻzgartirish kiritiladi, ularning ochiqligi taʼminlanadi va ushbu xaridlarni amalga oshirish maqsadida internetda yagona portal yaratiladi;

- tintuv oʻtkazish va jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning telefondagi muloqotini eshitishga sanktsiya berish huquqi sudlarga oʻtkaziladi;

— hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarni qiynoqqa solish, ularga bosim oʻtkazishni bartaraf etish choralari koʻriladi. Xususan, vaqtincha saqlash hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalariga videokuzatuv oʻrnatiladi, yoʻl-patrul va patrul-post xizmatining barcha xodimlari videokuzatuv bilan taʼminlanadi;

— viloyatlar orasidagi yoʻl-patrul xizmati postlari olib tashlanadi;

— tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi 10 mlrd. kub metrga oshiriladi;

— tadbirkorlik subʼyektlari 2 yilga barcha tekshiruvlardan ozod qilinadi;

— soliq siyosatini amalga oshirishda keskin choralar koʻrilmaydi;

- soliq imtiyozlarini berishda individual yondashuvdan ovoz kechilib, ularni maʼlum tarmoqlar uchun qoʻllash amaliyoti joriy etiladi;

— Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish borasida muzokaralar oʻtkaziladi;

— genetik modifikatsiya qilingan mahsulotlarni yetishtirmaslik choralari koʻriladi;

— "Toshkent — Urganch — Xiva" tezyurar poyezdi va "Toshkent — Samarqand — Buxoro — Urganch — Xiva" turistik poyezdi yoʻlga qoʻyiladi;

— 2 mingta ijtimoiy dorixona qurilib, ishga tushiriladi;

— 46 ta perinatal markaz tashkil etiladi;

- 2 ming kilometrlik shisha-tolali aloqa tizimi yotqiziladi;

— intellektual va madaniy salohiyatga alohida eʼtibor qaratiladi, bunda nodir qobiliyat egalari qoʻllab-quvvatlanadi, intellektual mulkka milliy boylik sifatida eʼtibor qaratiladi;

— xorijdagi vatandoshlar bilan oʻzaro hamkorlik sohasida davlat siyosati kontseptsiyasi ishlab chiqiladi, bunda ularning Vatanga bemalol kelib-ketishi va mamlakat taraqqiyotida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish koʻzda tutiladi;

— arzon va sifatli uylar qurish ishlari 2017 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshiriladi;

— 2018 yildan boshlab, shahar va qishloqlarning qiyofasi oʻzgara boshlaydi. Har bir bino va inshootni loyihalashtirishga innovatsion yondashuv talab etiladi, bunda eski qoliplardan ovoz kechiladi.

2018 yilda shu va shu kabi boshqa qator oʻzgarishlar koʻzda tutilmoqda. Hech boʻlmaganda ushbu oʻzgarishlar uchun zamin hozirlanadi. Bir soʻz bilan aytganda, yangi yil Oʻzbekiston uchun inqilobiy oʻzgarishlar yili boʻlishi kutilmoqda.

Asosiy mavzular