04:48 19 Yanvar 2018
Efir
Oliy Majlis

Qonunchilikni xalqqa yaqinlashtiradigan institut oʻz faoliyatini boshladi

© Flickr
Siyosat
Havola olish
22120

Institutning har bir boʻlimi xalq bilan, keng jamoatchilik bilan ishlaydi. U hozirda bilim, malaka, saviya va tegishli xorijiy tillarni bilish jihatidan har tomonlama yetuk amaliyochilar va olimlar bilan toʻldirilmoqda

TOSHKENT, 8 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi, deb xabar qildi mamlakat Qoununchilik palatasi matbuot-xizmati.

Institut zimmasiga bir necha yoʻnalishdagi vazifalar yuklatilgan.

Institut birinchidan, qonunchilik muammolarini, normativ-huquqiy hujjatlarni va huquqni qoʻllash amaliyotini, yaʼni qonunlarning hayotga qanday tatbiq etilayotganini oʻrganadi, Oliy Majlis palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlaydi.

Ikkinchidan, parlament palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi, ularning professionallik darajasini oshirishga koʻmaklashadi. Jumladan, deputat yoki senator buyurtmasiga koʻra biror-bir sohada kichik tadqiqot oʻtkazib, tegishli muammoning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan maʼlumotnomalar tayyorlab beradi. Yoki qonun loyihasini tayyorlash boʻyicha bergan taklifini amalga oshirishda metodik, amaliy koʻmak beradi.

Uchinchidan, huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda qonunchilikni rivojlantirishning ilmiy kontseptsiyalarini ishlab chiqadi.

Bugungi kunda jami 20 mingga yaqin qonun hujjatlari mavjud boʻlib, shundan atigi 2,1 foizi qonunlar. Institut mazkur koʻrsatkich salmogʻini, qonunlarning ulushini oshirish, eng muhimi toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish borasida tashabbuslar bilan chiqadi.

Institut oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun davlat hokimiyati organlaridan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, taʼlim va ilmiy muassasalardan, boshqa tashkilotlardan zarur boʻlgan hujjatlar, materiallar va maʼlumotlarni soʻrash hamda olish huquqiga ega. Bevosita davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlaridagi huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganadi.

Ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni, qonunlar loyihalarini tayyorlash, tadbirlar oʻtkazish hamda institut vakolatiga kiruvchi boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun olimlar, mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tuzadi.

Institutning har bir boʻlimi xalq bilan, keng jamoatchilik bilan ishlaydi, ular bilan muloqotda boʻlib, ularning fikrlarini olib, tadqiqot oʻtkazadi, maqsadga muvofiq takliflarni qonunchilikda aks ettirish boʻyicha ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishga qodir, bilim, malaka, saviya va tegishli xorijiy tillarni bilish jihatidan har tomonlama yetuk amaliyochilar va olimlar bilan toʻldirilmoqda.

Taʼkidlanishicha, institutni shakllantirish jarayonida jahon tajribasini, 50 dan ortiq mamlakat amaliyoti, yaʼni parlamentga ilmiy-ekspert, tahlil xizmatini koʻrsatadigan turli shakldagi organlar ishi oʻrganilgan.

Asosiy mavzular