06:41 19 Yanvar 2018
Efir
Vыstupleniye Shavkata Mirziyoyeva pered deputatami Oliy Majlisa

"Elchi boʻlsa-yu": Mirziyoyev elchilarga mudrab yotmaslikni maslahat berdi

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Siyosat
Havola olish
63540

"Faoliyati bizni qoniqtirmaydigan, oʻz lavozimida uzoq oʻtirib qolgan, "mudrab yotgan" diplomatlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularni uyqudan uygʻotishning oʻzi amrimahol. Bu meni qattiq tashvishga solmoqda", - dedi prezident

TOSHKENT, 12 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatning chet davlatlardagi elchilari bilan yigʻilish oʻtkazdi. Prezident oʻz chiqishi davomida 2017 yilning oʻzida tashabbusi va natijadorligi yoʻqligi, sustkashligi hamda yoʻl qoʻygan xatolari uchun 10 nafar elchi vazifasidan ozod etilganini maʼlum qildi.

"Mudrab yotgan" diplomatlar

Oʻzbekiston prezidenti nutqi avvalida diplomatlar faoliyatiga batafsil toʻxtaldi.

"Ming afsuski, bugungi kunda barcha elchi va diplomatlarimiz birdek samarali faoliyat koʻrsatmoqda, deb aytolmaymiz. Qayd etish kerakki, oʻz faoliyatini tubdan oʻzgartirib, yangicha ruhda ishlayotgan elchilarimiz ham yoʻq emas. Ular aniq amaliy natijalarga erishmoqda.

Ammo faoliyati bizni qoniqtirmaydigan, oʻz lavozimida uzoq oʻtirib qolgan, "mudrab yotgan" diplomatlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularni uyqudan uygʻotishning oʻzi amrimahol. Bu meni qattiq tashvishga solmoqda", — dedi prezident.

Mirziyoyev faqat 2017 yilning oʻzida tashabbusi va natijadorligi yoʻqligi, sustkashligi hamda yoʻl qoʻygan xatolari uchun 10 nafar elchi, jumladan, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Malayziya va boshqa davlatlardagi elchilar vazifasidan ozod etilganini aytdi va majlis natijalari boʻyicha ham oʻzgarishlar boʻlishini qoʻshimcha qildi.

Elchi qanday boʻlishi kerak?

Mirziyoyev elchi Prezidentning xorijdagi rasmiy vakili ekanligini, u davlatning tashqi siyosatini samarali amalga oshirish uchun toʻliq masʼul va javobgarligini qayd etdi.

"Shuning uchun elchi barcha xodimlaridan koʻproq ishlashi, oʻzining aql-zakovati, tashabbuskorligi va talabchanligi, bilim va salohiyati bilan boshqalarga namuna boʻlishi lozim. U har kuni chuqur asoslangan yangi-yangi takliflar ishlab chiqib, taqdim etishi shart.

Oʻzi ishlayotgan mamlakat hududlariga bevosita borib, ularning bozor siyosatini chuqur oʻrganishi, biznesmenlar bilan uchrashib, oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tashkil etishi darkor", — dedi prezident.

Mirziyoyev Elchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakili sifatida chet davlatlarda va elchixona xodimlari orasida obroʻ-eʼtibor va hurmatga sazovor boʻlishi kerakligi barcha diplomatlar, oʻzining idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, elchining xizmat topshiriqlarini soʻzsiz bajarishga majburligini aytdi.

Soʻz bugungi oʻzbek diplomati haqida

Elchining xalq, Vatan oldidagi burchi va vazifasi, uning kasb malakasi, maʼnaviy dunyosi haqida gapirar ekan, Mirziyoyev bugungi oʻzbek diplomati, elchisi qanday xususiyat va fazilatlarga ega boʻlishi kerak, degan savolni oʻrtaga tashladi.

"Buning uchun avvalo "elchi" degan soʻzning maʼnosiga eʼtibor qaratish oʻrinli boʻladi. Bu soʻz elning, xalqning vakili, mamlakatlarni bir-biriga bogʻlaydigan inson, degan maʼnoni anglatishi oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdi.

Maʼlumki, bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi.

Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng eʼtirof etilgan.

Bizning ajdodlarimiz orasidan mashhur va mohir diplomatlar, elchilar yetishib chiqqani haqida koʻplab tarixiy maʼlumotlar mavjud.

Dunyodagi diplomatiyaga oid eng zoʻr kitoblar ham aslida Sharqda, jumladan, bizning zaminimizda yaratilgan desak, adashmagan boʻlamiz.

Shu oʻrinda bir misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Samarqand shahridagi qadimiy Afrosiyob davlati joylashgan makondan topilgan noyob devoriy rasmlarni hammangiz yaxshi bilasiz. Ana shu rasmlarda Samarqand hukmdorining Xitoy, Koreya, Hind, Chagʻaniyon kabi davlatlardan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi aks ettirilgan.

Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borganimda muhtaram Prezident Mun Chje In janoblari Seuldagi muzeyda shu rasmning nusxasini menga katta iftixor bilan koʻrsatdi.

Bundan necha ming yil avval yaratilgan bu surat qadim zamonlardayoq yurtimiz zaminida diplomatik anʼanalar shakllanganidan, ota-bobolarimiz uzoq-yaqin mamlakatlar bilan doʻst va hamkor boʻlib yashashga intilib kelganidan dalolat beradi.

Yoki Amir Temur bobomiz va temuriylar saltanatini oladigan boʻlsak, ushbu sulola hukmronlik qilgan yillarda oʻlkamizda diplomatik munosabatlar naqadar yuksak darajaga koʻtarilganiga guvoh boʻlamiz.

Tashqi ishlar vazirligi bunga eʼtibor qaratib, ushbu masalaning tarixiy ildizlari, mustaqillik davrida oʻzbek diplomatiyasining shakllanish jarayonlari haqida alohida bir kitob tayyorlab chiqarsa, bu soha xodimlari, avvalo, yosh diplomatlar uchun muhim qoʻllanma boʻlardi.

Bu vazirlikka qancha odam rahbarlik qildi. Lekin ulardan birontasi ham bunga ahamiyat bermagani ularning faqat vaqtinchalik kayfiyat bilan ishlaganidan dalolat beradi.

Vaholanki, diplomatiya, diplomatlik — oddiy kasb emas, balki insondan juda koʻp fazilatlarni talab etadigan noyob sanʼatdir.

Haqiqiy diplomat boʻlish uchun faqat bilim va tajriba, chet tillarni bilish yetarli emas, buning uchun avvalo tugʻma talant kerak. Eng muhimi, diplomat haqiqiy vatanparvar boʻlishi, oʻz xalqi, oʻz yurtining chinakam fidoyisi boʻlishi zarur.

Shu maʼnoda XVII asrda yashab oʻtgan ulugʻ vatandoshimiz Xoja Samandar Termiziyning "Dastur ul-muluk" yaʼni, "Mamlakat dasturi" degan kitobida elchilik sanʼati haqida shunday fikrlar bayon etilgan:

"Elchi ikki masalada nihoyatda hushyor boʻlishi zarur. U oʻz davlatiga sadoqatini namoyon etish uchun mamlakatning obroʻsi va shaʼnini, shon-shuhratini, saltanatning ulugʻvorligini har jihatdan ehtiyot qilishi lozim.

Shuning bilan birga, u chet mamlakatlar bilan boʻladigan munosabatlarda u yerdagi doʻstlarning xayrixohligi va gʻanimlarning makr-hiylasidan doimo ogoh va hushyor boʻlib turishi darkor".

Bu dono gaplarga hech qanday qoʻshimcha qilishning zarurati yoʻq, deb oʻylayman".

Elchi boʻlsa-yu…

"Lekin, oʻzingiz ayting, elchi degan odam oʻzbek xalqining boy tarixini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmasa, ularni yuragidan oʻtkazmasa, qanday qilib Oʻzbekistonni dunyoga tanitishi mumkin? Deylik, Alisher Navoiydan, Boburdan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovdan ikki qator sheʼr ayta olmasa, eng yomoni, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi boʻlishi mumkin?

Men shu maʼnoda Janubiy Koreyadagi elchimiz Vitaliy Vasilyevich Fenga alohida rahmat aytishni oʻzimning burchim, deb bilaman.

Bu odam shuncha yildan buyon elchilik lavozimida samarali ishlayotgani, Janubiy Koreya bilan iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni jadal rivojlantirayotgani albatta eʼtiborga loyiq, lekin uning xalqimizga juda katta hurmat bildirib, oʻzbek tilida ravon gapirishi barcha elchilarimizga oʻrnak boʻlishi kerak.

Oʻzingiz ayting, Oʻzbekistonning chet eldagi elchisi boʻlsa-yu, oʻzbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz bu borada hali juda koʻp ish qilishimiz lozim. Birinchi navbatda milliy diplomatiyamizni buyuk ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy merosiga asoslangan holda, dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasi, diplomatiya fani va sanʼatining eng ilgʻor yutuqlari bilan boyitishimiz zarur.

Ayni paytda bugun zamon oldimizga qanday keskin talablar qoʻyayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar toʻqnashuvi, geopolitik ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda.

Bunday gʻoyat murakkab va tahlikali sharoitda biz kuchli tashqi siyosat olib bormasdan turib, koʻzlagan maqsadlarimizga erisholmaymiz.

Kuchli, samarali tashqi siyosat olib borish uchun esa avvalo kuchli diplomatlar korpusiga ega boʻlishimiz kerak.

Biz xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda muhim bir masalaga eʼtibor qaratishimiz kerak. Ming afsuski, ushbu masalaga biz koʻpincha ikkinchi darajali ish, deb qarashga oʻrganib qolganmiz.

Misol uchun, agar Italiyadagi elchimiz shu mamlakat ishbilarmonlarining vakillarini yigʻib, buyuk italyan shoiri va mutafakkiri Aligyeri Dantening "Ilohiy komediya" asarini bizning ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripov tarjima qilganini aytib, oʻzbekcha dantexonlik uyushtirsa, bilasizlarmi, nima boʻladi? Ularda Oʻzbekistonga hurmat, qiziqish, hamkorlik qilishga intilish paydo boʻladimi-yoʻqmi? Men, oʻylaymanki, albatta paydo boʻladi.

Men Abdulla akaning bir kitobida shunday gaplarni oʻqiganman. U kishi Italiyaga borganida "Oʻzbekistondan Dantening tarjimoni kelibdi", deb turli partiyalarning vakillari bir joyga toʻplanib, shoirimiz bilan suhbatlashgan ekan.

Oʻshanda bir siyosatchi Abdulla akaga:

"Hurmatli mehmon, biz aslida bir-birimizga ashaddiy raqibmiz. Partiyalarimiz, mafkuralarimiz har xil. Bir-birimiz bilan doim keskin raqobatdamiz. Lekin mana bugun buyuk Dantening hurmati, Sizning sharofatingiz bilan bir dasturxon atrofida ahil-inoq toʻplanib turibmiz. Sizga katta rahmat", degan ekan.

Mana, odamning yuragiga qanday yoʻl topish mumkin! Inson qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va sanʼatiga, milliy qadriyatlariga hurmat-ehtirom koʻrsatish orqali zabt etish mumkin".

Asosiy mavzular