06:06 18 Dekabr 2017
Efir
Oʻzbekiston Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov. Arxiv surat

"Oʻzbekistonga hech kim xalaqit bermasin!" yoxud Islom Karimovning eng yorqin fikrlari

© Sputnik/ Sergey Guneyev
Jamiyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
4425114

2016 yil 2 sentyabr sanasi oʻzbek xalqi xotirasiga qora harflar bilan yozilgan kun boʻldi. Buyuk xalq oʻz milliy yoʻlboshchisi, jahon hamjamiyati iqtidoriga tan bergan siyosiy arbob, vatanparvar Prezident - Islom Karimovdan ayrildi.

TOSHKENT, 14 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Mustaqillik hech bir xalq, hech bir millat tarixida osonlikcha qoʻlga kiritilmagan. Yurtboshimiz Islom Karimovning yengilmas qatʼiyati va jasorati bilan Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi va oʻz taraqqiyot yoʻlida ulkan muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritdi. Islom Karimov yozib qoldirgan asarlarni varaqlar ekansiz, ularning har bir jumlasida oʻzbek xalqining xohish-irodasi, qudrati va bunyodkorligi aks etganiga guvoh boʻlasiz.

Yurtboshimiz xotirasi qalbimizda barhayot. Islom Karimov tomonidan aytilgan eng yorqin iboralarni eʼtiboringizga havola qilamiz.

Vatan va xalq haqida

"Menga yuksak ishonch bildirgan ona xalqimga bosh egib, yana va yana bir bor taʼzim qilaman. Mana shunday olijanob, bagʻrikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish - men uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir!"

"Harakatlar deymiz, tashvishlar deymiz, qancha-qancha qiyinchiliklar boshimizdan oʻtdi. Hammasi nima uchun? Kim uchun? Inson uchun, millat uchun, kelajagimiz uchun!!!"

"Men hech narsadan qoʻrqmayman. Nega deganda, hayotimizni shunday relsga qoʻyamizki, uning oʻz manzili bor. Bu manzil — erkinlik, ozodlik va barqaror yashash…"

"Yana va yana bir bor aytishni oʻzimning burchim, deb bilaman — Oʻzbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qoʻshilmaydi, oʻz hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirishga, bizning harbiylarimizning mamlakatimiz tashqarisida boʻlishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaydi".

"Hammamiz bir yurtning farzandimiz, Oʻzbekiston — vatanimiz uchun jon kuydirib yashab, mehnat qilishimiz, muammolarni birgalashib hal qilishimiz zarur. Mahallalarni, qishloqlarni, tumanlarni, qolaversa, viloyatlarni bir-biridan ajratishga, "Mening kindik qonim falon mahallada yoki dahada toʻkilgan!" deb yurishga hech kimning haqqi yoʻq! Endi ana shu kasallikdan qutulish kerak!
Biz uchun Vatan bitta! Mamlakat bitta! Bizni bitta manfaat birlashtiradi: mustaqil Oʻzbekiston manfaatlari! Ana shu buyuk maqsad, oliy manfaat yoʻlida birlashib kurashishimiz kerak".

Amir Temur haqida

"Xalqimiz tarixida insoniy kamoloti va ijtimoiy faoliyati bilan dovruq qozongan, millatimiz faxri boʻlmish ulugʻ zotlar benihoya koʻp. Ammo ular qatorida yulduzlar aro quyoshday charaqlab turgan bir buyuk zot borki, u Vatanimiz kechmishi, buguni va ertasida behad yuksak oʻrin tutadi. Ul muhtaram inson sohibqiron Amir Temur hazratlaridir.

Amir Temur hayotining mazmuni, betakror faoliyatining asosiy maʼnosi — Vatan ozodligi, Vatanga muhabbat degan oliy qadriyatlardan iboratdir. U hatto umrining soʻnggi onlarida ham zurriyodlariga qarata "Istiqlol bilan mulku millat, lashkar va raʼiyatni boshqaringiz" deb vasiyat qilgan.

Chuqurroq oʻylab qarasak, bu vasiyat aynan bizlar uchun — buyuk sohibqironning bugungi avlodlari uchun aytilgan. Hamisha el gʻamini, yurt gʻamini oʻylab yashagan sohibqiron yovlar oyogʻi ostida toptalgan oʻlkani dunyoning eng qudratli saltanatiga aylantirgan edi. Kelinglar, aziz doʻstlar, barchamiz yakdil boʻlib, halol mehnatimiz, aqlu zakovatimiz, Vatanga muhabbatimiz bilan Oʻzbekistonni jahon havas qiladigan buyuk davlatga aylantiraylik! Bu yoʻlda bobokalonimizning: "Adolat va ozodlik — dasturingiz, rahbaringiz boʻlsin" degan dono oʻgitlari doimiy shiorimiz boʻlsin!

Ilohim, hazrati Amir Temur eʼzozlagan gʻoyalar — shijoat va mardlik, adolat va qatʼiyat har birimizga hamisha hamroh boʻlsin!

Jahonga Amir Temurdek buyuk dahoni bergan xalq mangu yashasin, baxtu saodati ziyoda boʻlsin!

Bu dunyoda xalqimiz, millatimiz, Oʻzbekistonimiz bor ekan, Amir Temur nomi barhayot!"

Rahbarlarga nasihati

"Agar har bir kishi oʻz joyida, oʻz xizmati doirasida qonunga amal qilib yashashni hayot tarziga, mehnatga munosabatning axloq normalariga aylantira olsagina ortiqcha nazoratga hojat qolmaydi".

"Men sizlardan faqat bir narsani iltimos qilmoqchiman: koʻproq odamlar orasida boʻlinglar, xalqning turmushidan, hol-ahvolidan xabar olib turinglar. Ayniqsa, muhtojlarning, yetim-yesir, beva-bechoralarning, ehtiyojmand oilalarning muammolari Navroʻz yoki Hayit kunlaridagina emas, doimiy eʼtiboringizda boʻlsin".

"Xudo bizga qoʻygan talab bitta — iymonli boʻlish, halol yashash va halol mehnat qilish. Har qaysi inson qayerda boʻlmasin va qaysi vazifani bajarmasin, u viloyat rahbarimi, tuman hokimimi, xoʻjalik yoki korxona rahbarimi, oddiy kosib yoki oddiy dehqonmi — martabasi va kasbidan qatʼi nazar, oʻzini harom-xarish ishlardan tiysin va oʻz joyida oʻz vazifasini halol bajarsin".

Vatanparvarlik tuygʻusi haqida

"Vatan hissi, Vatan tuygʻusi barcha narsadan qadrliroqdir. Biz farzandlarimiz ongiga va qalbiga ana shu tuygʻuni singdirishimiz lozim. Bizning barchamiz ota ekanligimizni, ona ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Har bir ota-ona uchun farzand kamoli, oilasining shon-shuhrati muqaddas orzu-havas hisoblanadi. Shunday ekan, biz kelgusi avlod barkamolligi uchun, oʻgʻil-qizlarimizning ulugʻ ajdodlarimizga xos oqil va yuksak madaniyatli kishilar boʻlishlari uchun doimo eʼtibor bermogʻimiz kerak.

Ulugʻ ajdodlarimizdan muqaddas meros boʻlib kelayotgan vatanga muhabbat tuygʻusi, farzandlarimiz, bugungi va kelajak avlodlarimiz uchun chinakam eʼtiqodga, chinakam aqidaga aylansin".

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haqida

"Ikkinchi jahon urushiga qanday qaralmasin, bu urush qaysi gʻoya ostida va kimning izmi bilan olib borilgan boʻlmasin, oʻz vatani, el-yurtining yorugʻ kelajagi, begʻubor osmoni uchun jang maydonlarida halok boʻlganlarni, oʻz umrlarini bevaqt xazon qilgan insonlarni doimo yodda saqlaymiz".

Jasurlik haqida

"Xalqimizda dono bir naql bor: "Ota rozi — Xudo rozi, ona rozi — paygʻambar rozi". Bizni dunyoga keltirgan aziz insonlarni qanchalik ulugʻlasak, bu ham yaratganimizning nazariga tushadi va shubhasiz, farzandlarimizning mehr-oqibati sifatida yana oʻzimizga qaytadi.

Bir soʻz bilan aytadigan boʻlsak, har bir inson yurtimizni obod qilishga ulush qoʻshib, shu obod yurtda savob ishlari bilan oʻzidan yaxshi nom va yaxshi iz qoldirib, Alloh va el-yurt oldidagi muqaddas burchini bajarishi shartdir.
Biz andisha, oʻzbekchilik, musulmonchilik degan ezgu tushunchalarni oʻziga niqob etgan ana shu qusurdan butunlay xoli, butunlay xalos boʻlishimiz kerak. Andisha oʻz yoʻli bilan, lekin inson, eng avvalo, jurʼatli va jasur boʻlishi lozim. Dard yashirilsa, oqibati yomon boʻladi, madda boylab ketadi. Oʻz dardimizni oʻzimiz oshkor etishimiz, oʻz vaqtida chora topishimiz, tuzatishimiz, bu har kunlik oddiy odatimizga aylanishi zarur".

Istiqlol haqida

"Oʻzbekistonga hech kim xalaqit bermasin! Oʻz kelajagini oʻz qoʻllari bilan barpo etayotgan boshqa respublikalarga ham xalaqit berilmasin!"

Alisher Navoiy haqida

"Oʻzbekiston istiqlolga erishgan 1991 yilni "Navoiy yili" deb eʼlon qilganimiz, oʻsha unutilmas kunlarda bobomiz ruhini shod etish maqsadida azim poytaxtimiz Toshkentda ul zotning tabarruk nomida milliy bogʻ barpo etib, uning toʻrida shoirga muazzam haykal oʻrnatganimiz bu boradagi xayrli ishlarimizning debochasi boʻlgan edi.

Alisher Navoiy xalqimizning ong va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning gʻururi, shaʼnu sharafini dunyoga tarannum qilgan oʻlmas soʻz sanʼatkoridir.

Agar bu zotni avliyo desak, u — avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak — mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak — shoirlarning sultonidir.

Ona tiliga muhabbat, uni ulugʻlash, beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuygʻusi ham bizning ongu tafakkurimizga, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelgan.

Hazrat Navoiy shunday buyuk zot ekan, uning tafakkur durdonalari boʻlmish boqiy asarlari zamonlar osha yashab kelayotgan ekan, bu ulugʻ merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik koʻp bahramand etsak, maʼnaviyatni yuksaklikka koʻtarishda, insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli maʼrifiy qurolga ega boʻlamiz".

Terrorchilik balosi haqida

"Odam qiyofasini yoʻqotgan bu kallakesarlarning na dini, na millati bor, binobarin, ularning islom olamiga, musulmon dunyosiga hech qanday aloqasi yoʻq. Hammamiz yaxshi bilamizki, Qurʼoni Karimda birovning qonini nohaq toʻkish gunohi azim, deyilgan. Oʻzini musulmon deb daʼvo qiladigan, lekin qilmishi qoʻporuvchilik, qotillik, butun-butun xalqlarning hayotini barbod etishdan iborat boʻlgan bu manfur toʻdalarga islom dunyosi nomidan gapirishga kim huquq berdi?

Ishonchim komilki, iymoni butun, irodasi baquvvat, buyuk ajdodlarimiz ruhidan kuch va madad olib yashaydigan xalqimiz terrorchi guruhlarga qarshi dunyodagi barcha sof niyatli kuchlar bilan birlashib, oʻzining azmu shijoati va qatʼiyatini namoyon etib, terrorizm degan jirkanch illatni dunyo xalqlari hayotidan butunlay oʻchirib tashlash ishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi".

"Men faqatgina bugun emas, oldindan ham — davlat rahbari boʻlganimdan beri hamyurtlarimizga qarata, ey, vatandoshlarim, ogoh boʻlinglar, terrorizm xatari, bu qora kuch boshimizda balo-qazo boʻlib, oʻzining manfur niyatlariga yetish uchun qurol va kuch toʻplab, xanjarini ishga solishga har lahzada shay turibdi, deb daʼvat etib kelganimni, bu dahshatli kuch ostonamiz oldida turganini bugun ham takror-takror aytishni oʻz burchim deb bilaman.

Hech shubhasiz, biz avvalo, oʻz kuchimizga, oʻz Qurolli Kuchlarimizga, xalqimizning iymon-eʼtiqodi va qatʼiyatiga suyanishimiz darkor".

"Eng muhimi, qalbimizda gʻururimiz, bilagimizda kuchimiz bor ekan, biz tinchlikni himoya qilishga, unga xavf solayotgan kuchlarga qarshi kurashishga, qaddimizni tik tutib, boshimizni baland koʻtarib yashashga qodirmiz.
Bizni qoʻrqitmoqchi boʻlayotgan gʻalamislar shuni bilib qoʻysinki, biz hech kimga bosh egmaganmiz va hech qachon bosh egmaymiz".

Oʻzbekistonning pirovard maqsadi haqida

"Bizning endigi vazifamiz — mana shu yoʻldan ogʻishmay, boshlangan islohotlarni yanada chuqurlashtirib, pirovard natijaga yetkazish va "Biz dunyoda hech kimdan kam boʻlmaymiz!" degan shiorni amalda roʻyobga chiqarishdan iborat.

Bugun mana shunday buyuk maqsadlarni oʻz oldimizga qoʻyar ekanmiz, yana bir masalaga alohida eʼtiboringizni tortmoqchiman.

Biz yangi hayot, yangi jamiyat barpo etish yoʻlidagi islohotlarimizni, oʻzgarishlarni kimlargadir yaxshi koʻrinish, kimlarningdir homiyligiga erishish, shu tariqa kimlardandir sadaqa undirish uchun emas, balki bu ishlarni, avvalo xalqimiz manfaatlariga toʻla javob bergani uchun amalga oshirmoqdamiz va kelajakda ham bunday qarash va intilishlardan qaytmaymiz".

Asosiy mavzular