13:41 28 Iyun 2017
Efir
Oʻzbek militsionerlari

Oʻzbek militsiyasining kechasi va buguni

© Flickr/ Digital Aesthetica
Jamiyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
168333518

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasining "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonuni qabul qilindi - shu bilan oʻzbek militsiyasi oʻzining yangi bosqichiga qadam qoʻydi

TOSHKENT, 27 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Darvoqe, "oʻzbek militsiyasi" deyishning oʻzi gʻalati. Bugun "militsiya" soʻzi ishlatilmaydi, rasmiy muomaladan chiqarilgan. Qayd etib oʻtilgan qonunda ham u haqda hech qanday soʻz aytilmagan. Uning oʻrniga "ichki ishlar organi" iborasi qoʻllaniladi. Bu biroz kengroq va hajmliroq boʻlgan ibora "militsiya" soʻzining toʻliq funktsiyasini berolmaydi, lekin shunday qabul qilingandan keyin, nima ham derdik.

Darvoqe, "militsiya" soʻzi haqida: qadimgi Rimda qurollangan koʻngilli, xalq drujinachilari "militsiya", deb atalganmish. Politsiya esa oʻz navbatida shaharda tartib-qoidalarni himoyalaydigan boʻlinmalar boʻlgan.

Sobiq Ittifoqda militsiya xizmati paydo boʻlishi tarixi

Oktyabr toʻntarishidan keyin, yangi sovet hukumati oʻzini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash (kim-kim, lekin toʻpolonchi bolsheviklar tartib haqida maʼlum tushunchaga ega boʻlgan) maqsadida huquq-tartibot himoyasi organini tuzish muammosi bilan duch keladi. Va davlat asoschisi Leninning taʼlimotiga koʻra, huquq-tartibotni saqlash uchun oʻqimishli, professionallardan tashkil topgan organ boʻlishi lozim ham emasdi.

Shunday qilib, 1917 yilning 10 noyabrida (yangi tavqim boʻyicha) koʻngilli, qurollangan shaxslardan iborat militsiya tuziladi. Nomi ham shunga yarasha boʻladi. Shu tarzda havaskorlardan iborat ichki ishlar organi tashkil topgan va biz koʻrib chiqayotgan nomga asos solingan edi. Dastlabki yillarda ushbu tashkilotda buyuk yumoristlar M.Zoshchenko va YE.Petrovlar ham bir muddat faoliyat koʻrsatganida qandaydir ramziylik borga oʻxshaydi.

Aytish lozim, sovet hukumati, garchi militsiya organlari uchun xodimlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtlari tashkil etgan, minglab mutaxassislar tayyorlagan boʻlsa-da, oxirigacha oʻz tamoyiliga sodiq qoldi – militsiya organlariga fuqarolik oʻquv yurtlarini bitirgan oliy maʼlumotli mutaxassislar xizmatga olinaverdi, partiya va komsomoldan yoʻllanma bilan kelgan rahbarlar ularga rahbarlik qildi. Qaysidir maʼnoda militsiya oxirigacha koʻngilli qurollangan tashkilotligicha qoldi.

Oʻzbek militsiyasi ham aynan shu yillarda shakllangan boʻlsa-da, mustaqillik davrida oʻziga xos yoʻlni bosib oʻtib, maʼlum tajribaga ega boʻldi.

Mustaqillikdan oldin jamiyatdagi vaziyat haqida ikki ogʻiz soʻz

Oʻtgan asrning 80-yillari oʻrtasida boshlangan evrilishlar sekin-astalik bilan, lekin qatʼiy ravishda mamlakatda amaldagi qonunchilikni yerparchin qilib bordi. Davlatdan putur ketishi bilan bir vaqtda jamiyatda u tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalari ham obroʻsizlanib bordi. Natijada jamiyatda sekin-asta qamoqxonalarda mahkumlar tomonidan oʻylab topilgan tartib-qoidalar asosiy oʻringa chiqa boshladi. 90-yillarning boshiga kelib, qamoqda oʻtirib chiqqanlar jamiyatda obroʻli kishilar safiga kirib, oʻqimishli, ziyoli, qonunlarni hurmat qiladigan fuqarolar masxara obʼyektiga aylandi. Jamiyatda jinoyatchilik avj oldi.

Xuddi shunday sharoitda Oʻzbekistoning birinchi Prezidenti Islom Karimov jamiyatda huquq-tartibotni mustahkamlashga astoydil kirishdi. 1990 yilda Jinoyat Kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilib, militsiya xodimini oʻldirganlik, unga jarohat yetkazganlik uchun javobgarlik oshirildi. 1991 yilning 25 oktyabrida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan shu paytga qadar bevosita sobiq SSSR IIV tasarrufida boʻlgan Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston hukumati ixtiyoriga oʻtkazildi.

1992 yili ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasini oshirish borasida tegishli qaror qabul qilindi.

1993 yildan boshlab esa jamiyatga uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash ishlari jonlantirildi. Shu maqsadda ichki ishlar organlari tizimlari bosqichma bosqich oʻzgartirilib, qayta tashkil etib borildi.

Ichki ishlar organlari tizimlari bosqichma bosqich professional tizimga oʻtkazildi.

Xususan, muqaddam, sovet tuzumi davrida har qanday militsioner sekin-astalik bilan unvoni oshib borgan, "starshina" unvonigacha yetib, qandaydir lavozimni egallagan boʻlsa, 2000 yillardan boshlab, oʻzbek militsiyasida  hatto "kichik serjant" unvonini olish uchun ham maʼlum muddat Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tanlov asosida, kirish imtihonlarini topshirib, oʻqishi belgilab qoʻyildi. Yana bir qiziq jihati, Akademiyada serjantlikka oʻqish uchun hujjat topshirish uchun ham kamida kasb-hunar kollejining yoki litseyning diplomiga ega boʻlish lozim. Asosan esa fuqarolik oliy oʻquv yurtlarini tugatib kelgan oliy maʼlumotlilar qabul qilinadi.

Militsiyani professional oʻzakka oʻtkazish maqsadida mustaqillikning dastlabki yillari Toshkent Oliy militsiya maktabi IIV Akademiyasi sifatida qayta tashkil etildi. Akademiya va Yongʻin xavfsizligi Oliy texnika maktabi safiga yangi oliy oʻquv yurti – Toshkent oliy-harbiy texnika bilim yurti qoʻshildi.

Shunday qilib, IIV tizimlari uchun Akademiya – huquqshunoslar, turli yoʻnalishlar uchun serjantlar, Toshkent oliy-harbiy texnika bilim yurti komandirlar, texnik xodimlar, iqtisodchilar tayyorlab beradigan boʻldi.

2000-yillarning boshiga kelib, IIV tizimlarining bir qator xizmatlarida tub islohotlar amalga oshirildi. Bunda asosiy eʼtibor jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning profilaktikasi, jamoat tartibi va xavfsizligi yoʻnalishlari bosh masala qilib qoʻyildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida oʻzbek militsiyasi shakllanib professional darajaga yetdi. Bularning hosilasi sifatida yaqinda dunyoning 142 ta mamlakatida oʻtkazilgan soʻrovlarga koʻra Oʻzbekiston dunyo mamlakatlari orasida eng tinch va xotirjam davlatlar qatorida ikkinchi oʻrinni egalladi.

Oʻzbekistonda militsiya xodimlarining mavqei qanday?

Aytish kerak, Oʻzbekistonda militsiya faoliyatining kuchli targʻiboti mavjud emas. Uning ishlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar kam, filmlar deyarli ishlanmaydi, badiiy asarlarni esa onda-sonda uchratish mumkin.

Rossiya IIVda boʻlgani kabi, ommaviy axborot vositalari orasida tanlovlar oʻtkazilmaydi. Shunga qaramay,  xalq militsiyani hurmat qiladi. Albatta, bu hurmatni cheksiz-chegarasiz deb boʻlmaydi. Biroz shubhalanishga oʻxshash tuygʻular ham bor. Albatta-da, ichki ishlar organlari xayriya tashkiloti emas. Mamlakat ichida tartib-qoidani taʼminlaydi, uni buzganlarni tartibga chaqiradi. Shunday ekan, militsiyani hammaning birday sevishi va hurmat qilishi mumkin va, umuman, shart ham emas. Ishonchning oʻzi bas!

Oʻrni kelganda, aytish lozim, ichki ishlar organlarida ishlashning ogʻir jihatlari koʻp. Muntazam jamiyatning eng betartib, qaysar va urishqoq qismi bilan muomalada boʻlishga, ularga choralar koʻrishga majbur. Buning uchun birovdan rahmat eshitishni xayolga ham keltirish ogʻir.

Shuning uchun boʻlsa kerak, qadimgi Rimda fuqarolar politsiyada ishlashni or bilishgan. Ular politsiyada ishlamaslik uchun oʻzlarini qullar hibsga olishga ham rozi boʻlganlar.

Albatta, hozir bu darajada emas. Yuqorida qayd etib oʻtilgan qonunda ichki ishlar organi xodimlari zimmasidagi vazifaning qanchalar murakkabligi, bu vazifani bajarish oqibati nafaqat uning oʻziga, balki oila aʼzolariga ham maʼlum muammolarni ketirib chiqarishi mumkinligi eʼtiborga olingan.

Xususan, xodimning oila aʼzolariga boquvchisini yoʻqotganlikda pensiya taʼminoti, xodim, uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holatda yetkazilgan zararning oʻrnini davlat byudjetidan qoplash, xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning farzandlarini oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul qilishda imtiyozlar berilishi mumkinligi shular jumlasidan.

Militsionerlar tomonidan qurol qoʻllanilishi xususida ikki ogʻiz soʻz

Yana bir holat toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtish lozim. Bu bizning jamiyatimiz uchun oʻta nozik boʻlgan qurol qoʻllash masalasi.
Albatta, AQSH bilan solishtirish biroz oʻngʻaysiz, lekin ommaviy axborot vositalariga koʻra AQShda shu yilning dastlabki 6 oyida fuqarolarga nisbatan 500 marta qurol qoʻllanilgan. Oʻzbekistonda esa shu davrda militsiya tomonidan fuqarolarga nisbatan umuman qurol qoʻllanmagan.

Fuqarolar qoʻlida millionlab qurollar saqlanayotgan, oʻqotar qurol olish muammo boʻlmagan AQShda shunchalar qattiqqoʻllik qilinmasa ham boʻlmas balki. Lekin kishini quvontiradigani, oʻzbek militsiyasi, hatto qonun qurol qoʻllashga ruxsat berib, shunday huquq bilan taʼminlagan hollarda ham undan foydalanmaslikka harakat qiladi.

Buning sababini nafaqat huquq va qonunlardan, balki, milliy mentalitetdan ham qidirishga toʻgʻri keladi.

Yana bir jihati, oʻzbek militsiyasi oʻz faoliyatini tahlillar asosida tashkillashtirishda ancha ilgarilab ketgan. Bunda nafaqat oʻz xatolari, balki oʻzgalarning kamchiliklaridan ham tegishli xulosalar qilishga jiddiy eʼtibor beradi.

Shunisi bilan oʻzbek militsiyasi dunyoning ilgʻor huquq-tartibot idoralari qatoriga kirsa kerak.

Deylik, Frantsiya va Belgiyada sodir etilgan terrorchilik va qoʻporuvchiliklardan keyin, Nitstsada, mustaqillik bayrami vaqtida sayrga chiqqan fuqarolarni terroristning ixtiyoriga topshirib qoʻyilishini qanday tushunsa boʻladi?

Albatta, Frantsiya politsiyasini ayblash fikridan yiroqmiz, lekin uning vazifasi nima oʻzi? Hech boʻlmasa bayram kuni hushyor boʻlish kerak emasmi? Xalq soliq toʻlayapti, "shu davlat, shu politsiya meni himoya qiladi", deb ishonib, bola-chaqasi bilan sayrga chiqqan… Uni esa…

Alaqanday tadbir vaqtida Frantsiya prezidenti qoʻl uzatganda bir politsiya xodimi nomayishkorona tarzda u bilan koʻrishishdan bosh tortdi. Bu politsiyaning nochor ahvolidan noroziligi emish.

Politsiya xodimi norozilik bildirishi?! U yo burchni bajarishi yoki arizasini yozib, boʻshab ketishi kerak, tamom! Axir, hatto "Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt"da ham politsiya xodimlariga kasaba uyushmalariga birlashish, ish tashlash taqiqlanishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Shunday ekan, xalqning shunchalar jabr chekishiga sabab boʻlib turgan bir paytda, politsiya xodimining norozilik bildirishga maʼnaviy haqqi bormi?

Politsiya oʻzini shunchalar kamsitilgan hisoblayotgani sababli ham, balki terrorchilik oʻzini emin-erkin his etayotgandir? Mayli, bu Frantsiyaning muammosi va oʻzlari hal qilib oladi.

Aytmoqchi boʻlganim, oʻzbek militsiyasi norozilik bildirgani, shikoyat qilganini shaxsan men eshitmaganman. Bu ularda hammasi silliq, tekis degani emas, albatta. Muammo har yerda ham boʻladi, ularni xalqningg tinchligi va xavfsizligiga daxl qilmagan, xalaqit bermagan holda hal qilishga harakat qilinadi. Bu oʻzbek militsiyasining burchga sadoqati anchayin mustahkamligini koʻrsatadi.

Yangi qabul qilingan qonunda ham milliy mentalitetdan, sharoit-sharoitlardan kelib chiqqan holda, qurol qoʻllash tartiblari belgilab qoʻyilgan. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlariga faqat hujum, aniq jinoyatlar jarayonida qurol qoʻllash ruxsat berilgan. Shunda ham tasodifiy shaxslar jabrlanishi ehtimoli mavjud boʻlsa har qanday holatda, shuningdek, ayollarga, nogironlarga va bolalarga nisbatan qurol qoʻllash mumkin emas.

Demak, oʻzbek militsiyasi oʻz anʼanalariga sodiq qoladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab davlat siyosatiga aylangan tamoyil – inson hayoti eng muqaddas omil.

Shu oʻrinda yana bir gap. Yangi qonunda "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi"ga (27-modda) xilof ravishda ichki ishlar organlari xodimlariga badiiy ijod bilan shugʻullanish, aniqrogʻi, ushbu faoliyat uchun moddiy manfaatdor boʻlish taqiqlab qoʻyilgan. Buyam korruptsiyaga qarshi kurashning bir yoʻli boʻlsa kerak-da(!).

Mamlakatning birinchi Prezidenti I.Karimov vafot etganda Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasiga bir yosh ayol kelib, "Men bolalarimni shu insonga ishonib, Oʻzbekistonga tashlab kelgan edim, endi nima qilaman?" deb uvvos solib yigʻlagan edi.

Ishonamanki, oʻzbek militsiyasi bundan keyin ham farzandlarimizni hech kimga xor-zor qilib qoʻymaydi!

Oʻzbekiston ichki ishlar organlari xodimlarini, sal ertaroq boʻlsa-da, kirib kelayotgan bayramlari bilan samimiy qutlayman!

Asosiy mavzular