20:10 23 Noyabr 2017
Efir
Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi eʼlon qilindi

© Sputnik/ Aleksey Nikolskiy
Jamiyat
Havola olish
4057165

Mazkur dasturda Oʻzbekistondagi hayotning barcha jabhalarini qamrab oluvchi muammolar yechimi boʻyicha takliflar ilgari surilgan

TOSHKENT, 1 noya — Sputnik. Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi saytida Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi eʼlon qilindi.

Dasturga koʻra, davlat hokimiyati tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini taʼminlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi barcha boʻgʻinlardagi hokimiyatlarning vazifa va vakolatlar tizimi takomillashtiriladi.

Hokimlik idoralarining moddiy-texnik taʼminoti va xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimi tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda "Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish rejalashtirilgan.

Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqishda davlat xizmatchilari tomonidan sansalorlik va masʼuliyatsizlik holatlariga butunlay barham berish uchun qatʼiy kurash olib boriladi. Davlat muassasalari xodimlarining masʼuliyatini oshirish va shuningdek, ularning huquqlari kafolatlarini mustahkamlash maqsadida "Davlat xizmati toʻgʻrisida"gi qonun qabul qilinadi.

"Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari" kontseptsiyasini amalga oshirishni davom ettirish ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Bu maqsadda jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini rivojlantirish, mahalla tuzilmasining jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish va shuningdek, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari koʻriladi.

Ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish sohasida ularning iqtisodiy asoslari va moddiy bazasini yanada mustahkamlash, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.

Sud-huquq sohasidagi islohotlarning bosh vazifasi – bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini taʼminlashdan iborat. Shu munosabat bilan sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, adolatli qarorlar qabul qilishga qodir, mustahkam irodali, yuksak maʼnaviy va kasbiy fazilatlarga ega boʻlgan sudyalar korpusini shakllantirish, sud-tergov faoliyatiga ilgʻor ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Davlat idoralarida yuridik xizmat samaradorligini taʼminlash maqsadida yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalasi dolzarb vazifa hisoblanadi.

Jinoiy jazolarni liberallashtirish siyosatini, ayrim jinoyat turlarini ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar toifasiga oʻtkazish, yarashuv institutini qoʻllash imkoniyatlarini yanada kengaytirish siyosati davom ettiriladi.

Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalardan biri boʻlib qoladi.

Asosiy va muhim vazifa – 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod koʻpaytirish, iqtisodiyot tarkibida sanoat ulushini 40 foizga yetkazish boʻyicha aniq maqsadli dasturlar amalga oshiriladi. Shu maqsadda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xomashyosi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan 8 ta maxsus dastur qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Yaqin besh yilda umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar boʻlgan 657 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu choralar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar koʻpaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻlgan toʻqimachilik sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha dasturni ishlab chiqish yakuniga yetkazildi. Qiymati 2 milliard 300 million dollar boʻlgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish vazifasi turibdi. Natijada tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Yana bir muhim vazifa farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirishdan iborat. 67 ta hududiy loyihalarning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi. Ayni vaqtda, davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi taʼminlanadi.

Xorijiy investitsiyalar va zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni jalb etish maqsadida Navoiy va Jizzax viloyatlari hamda Angren shahrida erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Urgut va Gʻijduvon tumanlarida, Qoʻqon shahrida ham erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2017 yilda Yangi ish oʻrinlari tashkil etish dasturi doirasida 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xoʻjaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik hisobidan ish bilan taʼminlash choralari koʻriladi.

2017–2020 yillarga moʻljallangan Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish dasturi qabul qilinib, uning doirasida ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta ekishni bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi mavjud. Xususiy mulk va tadbirkorlik rivojiga xalaqit beradigan barcha toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish zarur.

Mamlakat iqtisodiyotining oʻsishida katta ahamiyatga ega boʻlgan 2017–2021 yillarda turizm sohasini jadal rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilishni rejalashtirilmoqda.

Dasturda Tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratishni koʻzda tutadigan yangi tahrirdagi "Turizm toʻgʻrisida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surishni, shuningdek, "Oʻzbekturizm" milliy kompaniyasi faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqish zarurligi aytib oʻtilgan.

2017–2021 yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi. Natijada subventsiya oladigan 81 ta tuman moliyaviy jihatdan oʻzini oʻzi toʻliq taʼminlaydigan hududga aylanadi, shuningdek, 41 ta tuman va shahar boʻyicha subventsiya darajasi sezilarli ravishda kamayadi. Toshkent shahri uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan yirik dastur – Sirgʻali tumanida yaqin kelgusida 500 ta koʻp qavatli zamonaviy uy-joy barpo etish loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu esa qariyb 30 ming oilani, birinchi navbatda kam taʼminlangan oilalarni yangi uy-joy bilan taʼminlash imkonini beradi.

Qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini hisobga olib, Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi. Unga binoan, 2017 yilda ehtiyojmand oilalar uchun boshlangʻich toʻlov hajmi ikki barobar kamaytirilib, toʻrt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish moʻljallanmoqda.

Bundan tashqari, 2017–2020 yillarda shahar joylarda 945 ta koʻp qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga koʻra, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari va yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun koʻp qavatli arzon uylar quriladi.

Kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruktsiya qilinadi. Bu esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3 million 200 ming aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va respublikada ushbu koʻrsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi.

Mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yoʻllarni hamda yoʻl-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish dasturi doirasida umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruktsiya qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, aholi uchun oʻta muhim boʻlgan 10 ming 400 kilometrlik xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlash moʻljallanmoqda.

Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturiga asosan 74 ta avtovokzal va avtostantsiya rekonstruktsiya qilinadi va yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilib, ularning xavfsizligini taʼminlash choralari koʻriladi. Yangi 3 mingta zamonaviy avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yoʻnalishlari ochiladi va mavjud yoʻnalishlardagi eskirgan  avtobuslar yangilanadi.

Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etish bilan bir qatorda Buxoro – Miskin temir yoʻl tarmogʻi qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi – Termiz, Pop – Namangan – Andijon – Qoʻqon temir yoʻllarini elektrlashtirish ishlari ham nazarda tutilmoqda. Aholiga koʻmir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sunʼiy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Maktabgacha taʼlim-tarbiya tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash eʼtibor markazida boʻladi.

Hamshira ishi. Arxiv surat
© Sputnik/ Vladimir Vyatkin

Sogʻliqni saqlash sohasini yanada isloh etish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam xizmati, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash hamda xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish boʻyicha aniq choralar koʻriladi.

Ayollarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi. 

Yoshi ulugʻ insonlar, yolgʻiz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha alohida dastur qabul qilish rejalashtirilmoqda. "Nuroniy" jamgʻarmasining maqomi va mavqeini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi.

Maʼnaviy-maʼrifiy sohada eng muhim va dolzarb vazifa – yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini yuksaltirish, ular qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirishdan iborat.

Bu boradagi siyosat yangi qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida"gi qonun talablari asosida qatʼiy davom ettiriladi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlar intiladigan, ularning qobiliyat va iqtidorini roʻyobga chiqaradigan va manfaatlarini haqiqiy himoya qiladigan tashkilotga aylantirilishi zarur.

"Mamlakatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmaydi, boshqa davlatlarning harbiy baza va obʼyektlari Oʻzbekiston hududida joylashtirilishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi", — deyiladi dasturda.

Mazkur maqsad va vazifalarni hayotga toʻliq tatbiq etish uchun 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha Harakat strategiyasi loyihasi ishlab chiqilgan.

Asosiy mavzular