11:27 21 Yanvar 2017
Efir
Arxeologik ishlar

Oʻzbekiston va Xitoy arxeologlari tarixiy kashfiyot qilishdi

© Sputnik/ Vsevolod Tarasevich
Jamiyat
Havola olish
69240

Qazuv ishlari vaqtida ustaxona xarobalari, ichki shaharning gʻarbiy darvozasi qoldiqlari va tashqi shahar sharqiy devori yonidan qabriston topilgan

TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik. Xitoy va Oʻzbekiston arxeologlari guruhi Fargʻona vodiysida joylashgan qadimiy Mingtepa shahridagi qazuv ishlari chogʻida muhim kashfiyot qilishdi. Bu haqda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasiga tayanib Sinxua agentligi xabar bermoqda.

Ikki mamlakat arxeologlari 2012 yildan buyon mazkur qadimiy shaharda besh marta qazuv ishlarini oʻtkazishdi. Qazuv natijalaridan maʼlum boʻlishicha, bundan 2000 yil avval Mingtepa nafaqat askarlar qoʻrgʻoni, balki Fargʻona vodiysidagi eng yirik qalʼa-shahar boʻlgan.

Qazuv ishlari vaqtida shuningdek, ustaxona xarobalari, ichki shaharning gʻarbiy darvozasi qoldiqlari va tashqi shahar sharqiy devori yonidan qabriston topilgan.

Xitoy arxeologiya instituti vakili Chju Yanshining aytishicha, qazuv ishlarida "Loyan belkuragi" deb nomlanuvchi xitoy arxeologik asbobi, ilgʻor oʻlchov va kompyuter texnologiyalaridan foydalanildi.

Uning soʻzlariga koʻra, oʻzbek arxeologlari qadimiy shaharning yerusti qismini yaxshi oʻrganishgan, xitoylik arxeologlar esa uning yerostki qismini oʻrganishda katta tajribaga ega. Shu bois tomonlar qazuv ishlarida yuqori natijaga erishdilar.

Andijon shahridan uncha uzoq boʻlmagan Marhamat tumani hududida joylashgan Mingtepa shahri qadimiy Dovon mamlakatining poytaxti boʻlgan.

Maʼlum qilinishicha, Mingtepani oʻrganish uzoq muddatli loyiha boʻlib, arxeologlar endi qazuv ishlari davomida olingan maʼlumotlar asosida Mingtepaga oid voqelar solnomasini tuzishadi.

Asosiy mavzular