18:15 23 Oktyabr 2017
Efir
Jamoat transporti

Oʻzbekistonda yoʻlkirani plastik kartochka orqali toʻlash joriy etiladi

© Flickr / Post Truck
Jamiyat
Havola olish
74454

Hujjatda yana bir ogʻriqli muammo - yoʻl haqini naqd pulsiz toʻlash muammosini ham hal etish koʻzda tutilgan

TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Dasturni tasdiqladi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.

Hujjat doirasida besh yil davomida 303ta yangi yoʻlovchi tashish yoʻnalishi, ulardan 240tasini shahar atrofida va qishloq joylardan oʻtadigan shaharlararo qatnovlarda ochish nazarda tutilgan. Yangi yoʻnalishlar ochish bilan birgalikda avtobuslar yetishmovchiligi sababli qatnov toʻxtatilgan yoʻnalishlar tiklanadi.

Shuningdek, kelgusi besh yil mobaynida 8,6 ming dona yoʻlovchi tashish avtomobili, jumladan, 5,7 ming dona qulay mikroavtobuslar sotib olinadi.

Avtostantsiyalar, toʻxtash bekatlari yengil konstruktsiyalardan va asosan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan arzon materiallardan (metall konstruktsiyalar, sendvich panellar va shu kabilardan) foydalangan holda namunaviy loyihalar boʻyicha quriladi.

Yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida avtobus va mikroavtobuslarning ishini GPS-trekerlar orqali masofadan onlayn rejimida kuzatish joriy etiladi.

Hujjatda yana bir ogʻriqli muammo — yoʻl haqini naqd pulsiz toʻlash muammosini ham hal etish koʻzda tutilgan. Davlat rahbarining qaroriga koʻra, 2018 yilning 1 iyul sanasiga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarida shahar yoʻlovchilar transportida yoʻl haqini plastik kartochkasida naqd pulsiz toʻlash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Dasturni moliyalashtirishga kelgusi besh yil davomida 840 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bu asosan "Oʻzavtosanoat-lizing" va boshqa lizing kompaniyalarining mablagʻlari, tijorat banklari kreditlari, xususiy investorlarning oʻz mablagʻlari, shuningdek, mahalliy byudjetlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.

Dasturning samarali amalga oshirilishi maqsadida davlat rahbari bir qator imtiyoz va chegirmalarni joriy etdi. Xususan, lizing kompaniyalari va tashuvchilarning oʻzlari yangi sotib oladigan mikroavtobuslar uchun Respublika yoʻl jamgʻarmasiga toʻlanadigan yigʻim toʻlovidan ozod qilinadilar.

Shuningdek, chetdan keltiriladigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, avtobuslar va mikroavtobuslarning ishini onlayn rejimida muntazam tarzda masofadan kuzatib borishni, yoʻlkirani naqd pulsiz toʻlash tizimini joriy etish uchun moʻljallangan barcha materiallar, asbob-uskunalar, detallar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, yuridik shaxslar shahar atrofidagi va viloyatlar ichidagi shaharlararo yoʻnalishlarda (qishloq joylarda) avtobuslarda yoʻlovchilar tashish hajmi boʻyicha yagona soliq toʻlovidan ozod qilinadi.

Dastur bajarilishini nazorat qilish uchun maxsus ishchi guruh tashkil etiladi. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — "Oʻzbekiston temir yoʻllari" aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Achilboy Ramatov zimmasiga yuklandi.

Asosiy mavzular