14:33 24 Oktyabr 2017
Efir
Narkotik taʼsirga ega tabletkalar

Oʻzbekistonda tabletka giyohvandligiga ruju qoʻyganlar koʻpaymoqda

© Flickr/ Alex Dodd
Jamiyat
Havola olish
59151

Narkotiklar - toʻgʻri jarlik sari eltadigan yoʻlligi hech kimga sir emas. Yovuz qaramlikning oʻtkir changali insonni ajal ogʻushida mahkam ushlab turadi. Ammo giyohvand shaxslar qatori yangi tuygʻular "ovchilari" bilan kengayib bormoqda. Nima qilmoq kerak? Ota-onalar nimadan sergak tortishlari lozim? Vrach-narkolog bilan suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz

TOSHKENT, 1 mar — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bir oy oldin yoshlar orasida giyohvand vositalar tarqatilishiga qarshi kurashish oyligi bugun yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot markazi xabariga koʻra, oylik davomida Oʻzbekistondagi barcha taʼlim maskanlari, yoshlar faoliyat koʻrsatayotgan korxona va tashkilotlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirildi.

Bugun respublikada giyohvandlik holati qay darajada, ota-onalar nimalardan sergak tortishlari kerak va boshqa savollar bilan Respublika narkologiya markazi rahbar oʻrinbosari, narkolog-vrach Yoqubjon Sarikovga murojaat qildik.

- Yoqubjon Hamroqulovich, aytingchi, Oʻzbekistondagi oʻquv maskanlarida tushuntirishlar qay tarzda olib borildi? Narkotik modda isteʼmol qilinishini holatini aniqlash uchun oʻquv dargohlarida testdan oʻtkazish choralari qoʻllaniladimi?

— Yoʻq, aslo, biz testdan oʻtkazmaymiz. Chunki test oʻtkazish har bir shaxs xohishi bilan amalga oshiriladi. Majburiy tarzda kimnidir testdan oʻtkazishga haqqimiz yoʻq. Tushuntirish ishlari haqida gapiradigan boʻlsak, ular oliy dargohlar, kollej va litseylarda olib borildi. Shu ish bilan shugʻullanadigan xodimlarimiz borib maʼruza oʻqishdi, tushuntirish ishlari olib borishdi. Oldindan ishlangan videolavhalarimiz bor, yoshlarga shularni qoʻyib beramiz. Jarayon davomida qanaqadir savollar tugʻilsa, savollarga javob beramiz.

- Yoshlarda narkotik moddalar qabul qilinishi belgilarini qay tarzda aniqlash mumkin? Ota-onalar birinchi galda nimadan sergak tortishlari lozim?

— Birinchi belgi bu — "giyohvand shaxs" paydo boʻlishi — yaʼni yolgʻonchilik, keyin avtoritetlarning yoʻqolishi. Yaʼni har bir bola uchun avtoritet bu ota-ona, ustozi, qarindosh-urugʻ avtoritet(hurmatga sazovor inson) hisoblanadi. Narkotik isteʼmol qiladigan yoshlarda bu narsa yoʻqoladi. Shuningdek, ota-onaga boʻlgan hurmat ham yoʻqoladi. Giyohvand shaxs uchun uning oʻz atrofidagi giyohvand moddani isteʼmol qiladigan oʻrtoqlari, sheriklari u uchun "avtoritet shaxs"ga aylanadi. Aytish joizki, giyohvand isteʼmol qiladigan oʻsmirlarda agressivlik belgilari yuqori kechayapti va juda qisqa muddat ichida yaqqol namoyon boʻlyapti. Sababi ular — oʻsmir, yoshlar.

Yoshlarimizni himoya qilish uchun nima qilishimiz kerak? Birinchi navbatda bola maktabda oʻqiyotgan boʻlsa besabab dars qoldirishlari, besabab dars vaqtida yoʻq boʻlib qolishi — deylik ertalab darsga kelib darslar oraligʻida bir-ikki soatga "yoʻqolib" qolishi va yana dars oxirida paydo boʻlishi — bolaning oʻzini tutishi, kiyinishi, muomalasiga juda eʼtiborli boʻlishimiz kerak.

Oʻqishdan keyin farzandni ota-onalar nazoratga olishlari kerak. Deylik, maktabdan chiqqan boʻlsa, nega uyga vaqtida kelmagani, mana shunday holatlarni kuzatish kerak. Keyin har bir ota-ona oʻz bolasi bilan savol-javob, yaʼni muloqot qilishi lozim.

Bola oʻzgarib qolgan, masalan xarakterida oʻzgarish yuz bergan boʻlsa, buning sababini(nega bunaqa boʻlyapti) surishtirishi kerak. Bizlar koʻpincha mana shunday oddiy narsalarga amal qilmayapmiz. "Balogʻat yoshida", "oʻtish davri-da" deymizda, bunga eʼtibor bermaymiz. Oʻtish davri bilan narkotik modda isteʼmol qilishdagi oʻzgarish katta farqqa ega.

Harakatda qoʻpolliklar paydo boʻlishi, oʻqishga qiziqishi yoʻqolishi, oʻsmir tobora odamovi boʻlib qolgani, atrofda yuz berayotgan hodisalarga befarqligi — mana shularga oʻta eʼtiborli boʻlish kerak.

- Bugungi kunda Oʻzbekistonda giyohvand moddalarning eng keng tarqalgan turi qaysi?

— Hozir giyohvandlikning yangi turi — tabletka giyohvandligi paydo boʻlgan.

Tarkibida narkotik saqlovchi tabletkalar kuchli qaramlikka olib keladi. Keyin spays moddasi paydo boʻlgan — bu chekish orqali isteʼmol qilinadi. Bundan tashqari, bulochkalarni ustiga bezak berishda, yaʼni oziq-ovqatda ishlatiladigan madaniylashtirilgan koʻknor(mak) urugʻi deyiladi, shundan kimyoviy yoʻl bilan narkotik tayyorlab isteʼmol qiladiganlar ham uchrab turibdi.

- Oʻzbekistonda giyohvandlik holati oʻtgan yillarga nisbatan qay darajada?

- Geroin va qora dorilarni oladigan boʻlsak, ularni isteʼmol qiladigan bemorlar soni keskin kamaygan. Lekin tabletka koʻrinishida — oʻsish tendentsiyasi kuzatilmoqda.

Asosan kollej va litseylarda oʻqiydigan yoshlar orasida koʻp uchrayapti.

- Oʻz farzandida giyohvandlik asoratlarini payqagan ota-onalar qayerga murojaat qilishlari lozim?

— Bunday holatlarda ota-onalar narkolog vrachlarga murojaat qilishlari kerak. Har bir tuman poliklinikasida narkolog kabineti bor. Davolanishga keladigan boʻlsak — buning uchun narkologiya dispanseri bor. Kelib bemalol murojaat qilib, yotib davolanishlari mumkin.

Ota-onalar havotir olmasligi kerak, chunki barcha murojaatlarda maxfiylik saqlanadi.

Teglar:
giyohvand moddalar, narkotik

Asosiy mavzular