21:44 27 Aprel 2017
Efir
Parijdagi musor qutilari. Arxiv surat

Qishloqda ham chiqindi tashlash joyi zarur

© Sputnik/ Irina Kalashnikova
Jamiyat
Havola olish
27021

Qishloqda chiqindixona boʻlmasa, aholi musorni qayerga tashlaydi? - Yoʻl chetiga, soyga, ariqqa va boshqa joylarga. Oqibatida iflosgarchilik va turli kasalliklar kelib chiqadi. Atrof-muhit ekologiyasm va insonlar madaniyati buziladi.

TOSHKENT, 17 mar — Sputnik. Oʻzbekistonning koʻplab qishloqlarida chiqindi tashlaydigan maxsus joy va chiqindilarni olib ketish xizmatlari tashkil qilinmagan. Buning oqibatida qishloqlarda nafaqat ekologik vaziyat, balkim odamlar orasidagi munosabatlar ham yomonlashmoqda.

Zarafshon nashri muallifi Anvar Mustafoqulov yozishiga qaraganda, Samarqand viloyatiing Urgut tumanidagi Moʻminobod mahallasida yaqinda aynan chiqindi sabab uch-toʻrt oila oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Gap shundaki, xonadonlarda toʻplangan chiqindilar shu hududni kesib oʻtgan soyga tashlanarkan. Mahallaning quyi qismida yashovchilar esa bahor kelib, qorlar eriy boshlagach, shu soydan oqadigan suvdan foydalanishadi.

Keyinroq, ikki oʻrtada yuzaga kelgan vaziyat chiqindini boshqa soyga tashlashga kelishuv bilan nihoyasiga yetdi, lekin muammo haligacha oxirigacha hal qilingani yoʻq.

Mahalla vakillari aytishiga qaraganda soy suvidan yaqin-yaqingacha hatto isteʼmol uchun foydalanish mumkin boʻlgan. Mahallaga soʻnggi marta besh yil oldin  chiqindi tashlash masalasida tuman obodonlashtirish boʻlimi vakillari kelgan. Ammo hech qanday oʻzgarish boʻlmagan. Shundan buyogʻiga yana barcha oʻz bilganicha ish tutmoqda. Atrof-muhit ifloslanmoqda, ekologik vaziyat yomonlashmoqda. Bu holat esa hozircha na tuman obodonlashtirish boʻlimini, na tuman davlat sanitariya-epidemiologiya markazini va na tabiatni muhofaza qilish inspektsiyasini tashvishga solayotgani yoʻq.

Vazirlar Mahkamasining "Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatdan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish" toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilinganiga uch yildan oshdi. Unga koʻra, har bir aholi punktida, jumladan, qishloq hududlarida chiqindi tashlash joylari tashkil etish, mavjud chiqindilarni belgilangan vaqtda tashib ketish yoʻlga qoʻyilishi lozim edi. Toʻgʻri, mazkur huquqiy hujjat asosida Urgut tuman obodonlashtirish boʻlimida sanitar tozalash uchastkasi tashkil etildi, grafik asosida har bir mahalladan haftada uch marta chiqindini tashib ketish belgilandi. Ammo amalda bugun chiqindi toʻplash va tashish tuman markazi va ayrim qishloqlardagina yoʻlga qoʻyilgan. Unda ham chiqindi haftada ikki marta tashib ketiladi.

Afsuski, tuman markazining barcha mahallalarida ham chiqindi tashish yoʻlga qoʻyilmagan. 

– Hovlimizda bir yarim oydan beri toʻplangan qattiq chiqindilar bitta xonamizni toʻldirib turibdi, – deydi Doʻstlik mahallasida yashovchi Munavvara aya. – Oʻtgan yillari chiqindini tashib ketish uchun oyda ikki marta mashinalar kelib turardi. Ammo keyingi vaqtda shu ham yoʻqoldi. 

2016 yilda tuman markazida 8x10 metrli alohida chiqindi tashlash joylari tashkil etildi, uchta chiqindi toʻplash poligonlari tartibga keltirildi, maxsus avtotarozi oʻrtatildi. Undan tashqari 2014-2015 yillar davomida 20 dona maxsus chiqindi tashish mashinasi olib kelindi. Tumandagi barcha chiqindilarni olib chiqish va koʻmib tashlash uchun "Ilonsoy" chiqindixonasi tashkil etildi.

Shunga qaramay, bugun aksariyat qishloqlarda na maxsus chiqindi tashlash joylari va na uni tashib ketish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa aholi turmush madaniyati, atrof-muhit musaffoligi, obodonlashtirish borasidagi ishlarga soya solib turibdi.

 

Asosiy mavzular