17:18 24 Iyun 2017
Efir
Uzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. Arxiv surat

Shavkat Mirziyoyev xalqni Navroʻz bilan tabrikladi

© Press-slujba prezidenta RUz
Jamiyat
Havola olish
17411

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqni kirib kelayotgan sharqona yangi yil, Navroʻz bayrami bilan tabrikladi.

TOSHKENT, 20 mar — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqni sharqona yangi yil — Navroʻz bayrami bilan tabrikladi.

Prezidentning “Oʻzbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan nutqida quyidagi soʻzlar aytildi:

Aziz vatandoshlar!

Ona diyorimizga, barchamiz orziqib kutgan, goʻzal va dilbar fasl – Navroʻzi olam kirib kelmoqda.

Ana shu ulugʻ ayyom – sharqona yangi yil bilan, kattayu kichik barcha yurtdoshlarimizni, chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlugʻ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Muhtaram doʻstlar!

Bu yilgi Navroʻz bayrami, barcha shahar va qishloqlarimizda, umumxalq sayillari tarzida oʻtayotgani, unga oʻzgacha fayz va shukuh bagʻishlamoqda.

Navroʻz ruhi va falsafasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning gʻoya va maqsadlari bilan uygʻun va hamohang ravishda namoyon boʻlmoqda.

El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bogʻ va maydonlarda Navroʻz bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor neʼmatlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.

Oʻzaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat koʻrsatish, tabarruk keksalarimizni yoʻqlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar oʻtkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navroʻzning fayziga yanada fayz qoʻshmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugun fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu-umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularni chin dildan tabriklab, yilimiz qutlugʻ kelsin, hosilimiz moʻl boʻlsin, deb eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

Navroʻzi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir.

Bugun biz yurtimizda mana shunday qutlugʻ bayramni nishonlash barobarida, butun dunyoda tinchlik va xotirjamlik boʻlishini, uzoq va yaqin barcha davlatlarning xalqlariga taraqqiyot, farovonlik hamda ravnaq tilaymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni Navroʻz ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, oʻzimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Navroʻzi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!

Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, toʻy-tomoshalar koʻp boʻlsin!

Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin!

Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Navroʻz bayrami, barchamizga muborak boʻlsin!"

Asosiy mavzular