14:39 24 May 2017
Efir
Migrantlar Moskvaga kelmoqda. Arxiv surat

Amnistiya: Tojikistonlik migrantlarga bir oy muhlat berildi

© Sputnik/ Ilya Pitalev
Jamiyat
Havola olish
56010

Qoununbuzarlik uchun Rossiya hududiga kirishiga taʼqiq qoʻyilgan, Tojikistonlik migrantlarga qonun oldida yana "toza" boʻlish uchun bir oy muhlat berildi.

TOSHKENT, 27 mar — Sputnik, Ruben Garsiya. Oʻtgan shanba 25 mart kunidan boshlab Rossiyada Tojikiston fuqarolariga nisbatan amnistiya kuchga kirdi. Oldin qoida buzib Rossiya qonunchiligi oldida aybdorga aylangan, Tojikiston fuqarolari ushbu amnistiyadan foydalanib qolishi uchun bir oy — 2017 yilning 24 apreligacha muhlat berildi.

Sputnik Tojikiston muxbiri ushbu masalani Rossiya Migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojenov bilan muhokama qildi.

Amnistiya kimlarga taaluqli?

"Ushbu amnistiya uch toifa fuqarolar uchun amal qiladi. Birinchisi — bu Rossiya hududiga kirib, hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan yurgan fuqarolar. Hujjatlar muddati allaqachon  oʻtib ketgan, lekin ular politsiya qoʻliga tushmagan va ularga nisbatan Maʼmuriy kodeksning 18.8 bandiga koʻra, mamlakatdan majburiy chiqarib yuborish chorasi qoʻllanilmagan. Ular yashirinib yurgan kishilar", — dedi Kojenov.

Mana shunday fuqarolar uchun Rossiyada vaqtincha boʻlish muddati yana 90 kunga uzaytiriladi.

 "Ikkinchisi — bular Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani, yaʼni Rossiya hududida qonuniy boʻlish muddatini buzgani tufayli mamlakat hududiga kirish taʼqiqlangan fuqarolar.

Uchinchisi esa — Rossiya hududida boʻlgan vaqti uch yil davomida ikki yoki undan koʻp marotaba maʼmuriy huquqbuzarlik amalga oshirganligi tufayli mamlakat hududiga kirishi cheklangan fuqarolardir.

Ushbu sabablarga koʻra Rossiyaga kirishi taʼqiqlangan Tojikiston fuqarosi, kerakli hujjatlarni topshirgan zahoti — avtomatik ravishda Rossiyaga kirishga ruxsat oladi", — dedi Kojenov.

Migrantlar federatsiyasi prezidenti aytishiga qaraganda, faqat Maʼmuriy qonunbuzarlikning 3 boʻlim 27 bandida qayd etilgan fuqarolar amnistiyadan umid qilmasligi kerak. Bular Rossiya hududida jiddiy jinoyat sodir etib, sud hukmini toʻliq ado etmagan fuqarolar, sud hukmiga koʻra allaqachon deportatsiya qilingan yoki majburiy chiqarib yuborilgan (vыdvoreniye) fuqarolar, ayni damda Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash maxsus joyida boʻlgan fuqarolardir.   

Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun qayerga borish kerak? Amnistiya olish tartibi qanday?

"Fuqarolar Politsiya navbatchilik boʻlimiga kelishlari kerak. U yerda ularga belgilangan koʻrinishdagi ariza beriladi. Ular ariza toʻldiradi, suratga tushadi va barmoq izlari topshirishadi", — dedi Kojenov. Kojenov fikriga koʻra, birinchi bosqich albatta politsiya boʻlimida oʻtishi kerak.

Ikkinchi navbatda fuqarolar oʻzlariga yaqin boʻlgan Migratsiya boʻlimiga borishlari kerak. U yerda ular yo yangi migratsion karta, yoki pasportlariga pechat olishlari kerak boʻladi. Shundan keyin ular qonun oldida 90 kunga "toza" boʻlishadi.  

Ushbu vaqt davomida ular migratsiya hisobiga kirishlari va Rossiyada boʻlish uchun qonuniy asos yaratishlari kerak boʻladi.

Moskva shahar IIB dastlabki xabariga koʻra, shaharda ayni damda jiddiy qonunbuzarlik amalga oshirmagan 20 ming kishi ana shu amnistiyadan foydalanib qolishi mumkin. Poytaxt politsiyasi xabariga koʻra, ular yana "qonundan yashirinib" yurgan 75 ming kishini kutishmoqda.

Eslatib oʻtamiz, fevral oyining oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oʻrta Osiyo mamalkatlari boʻylab diplomatik sayohat uyushtirgan edi. Prezidentning Tojikistonga boʻlgan safaridan keyin, Rossiya Bosh vaziri oʻrinbosari Igor Shuvalov muzokaralar natijasida 200 mingga yaqin migrantlarga Rossiyaga kirish imkoniyati tiklanganini xabar qilgan edi.

Tojikiston hukumati kirish taʼqiqlangan 400 ming kishini avf etishni soʻragan boʻlsada, ularning yarmiga ruxsat berilgani diplomatik korpusning katta muvaffaqiyati deb hisoblamoqda ekspertlar.

"Kirish taʼqiqlangan 400 ming kishidan, 200 minggiga ruxsat berilgani — bu katta muvaffaqiyat. Undan tashqari kirish taʼqiqlanishiga nafaqat qonunbuzarlik, balkim epidemiologik kasallik ham sabab boʻlishi mumkinligini esdan chiqarmasligimiz kerak", — degan edi Yuriy Moskovskiy "Dobrososedstvo" fondi rahbari bu borada.

Moskovskiying fikriga koʻra, endi asosiysi Tojikistondan kelayotgan migrantlar qaytadan "taʼqiq" ostiga tushib qolmasligi kerak, chunki ikkinchi amnistiya qachon boʻlishi, yoki  umuman, boʻlish-boʻlmasligi  nomaʼlum.

Asosiy mavzular