Muhammad Ismoil: Yevtushenko buyuk rus shoiri edi, ammo Rossiyaning maddohi emasdi

© Sputnik / Vladimir Vatkin / Mediabankka o‘tishYevgeniy Yevtushenko
Yevgeniy Yevtushenko - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
"Yevgeniy Yevtushenko kim edi? U insoniyatning bugungi kundagi eng buyuk shoirlaridan biri edi. Agar bunday shoirlar to‘rtta bo‘lsa to‘rttaning eng birinchisi, ikkita bo‘lsa, ikkitaning bittasi edi"

TOShKENT, 2 apr – Sputnik. Bugun erta tongdan barcha OAVlar Rossiyaning buyuk shoiri vafoti haqidagi xabarlarni tarqatdi: Yevgeniy Yevtushenko 85 yoshida AQShda yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. 

Ushbu qayg‘uli voqea yuzasidan, Muhammad Ismoil o‘zining facebookdagi sahifasida Yevtushenko xotirasiga bag‘ishlangan satrlarni yozib qoldirdi. Quyida shoirning so‘zlarini to‘laligicha keltiramiz.

Shoir Muhammad Ismoil - Sputnik O‘zbekiston
Muhammad Ismoil: "Matbuot faol ishlaganda, virtual qabulxonaga hojat yo‘q edi"

“Ulug‘larimizdan mana birma-bir ajralib qolayapmiz. Yuragimizni huvillatib Erkin Vohidov olamdan o‘tdilar… Keyin keng dunyoni qorong‘u qilib Abdulla akam vafot etdi. Mana bugun Yevgeniy Yevtushenko qazo qilibdi.

Yevtushenko bilan uchrashishni bir umr orzu qilardim. Orzuim orzuligicha qolib ketdi. Dastlab u Toshkentga kelaman dedi. Uni kutdim. Men o‘zim borishga shaylandim. U uchrashuvimizni bahorga qoldirdi. Xullas, nasib qilmadi. Endi armon qilib o‘tiribman.

Aytmoqchimanki, sevgan odamlaringizni bir bora bo‘lsada ko‘rishga, ko‘rib qolishga, diydorlashishga shoshiling ekan. Keyin ko‘zingizda yosh bilan qayg‘uga botmas ekansiz.

Yevgeniy Yevtushenko kim edi? U insoniyatning bugungi kundagi eng buyuk shoirlaridan biri edi. Agar bunday shoirlar to‘rtta bo‘lsa to‘rttaning eng birinchisi, ikkita bo‘lsa, ikkitaning bittasi edi.

Abdulla Oripov - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov vafot etdi

U erkni, ozodlikni, inson ulug‘ligining eng yorqin nomoyondasi edi. U o‘zbeklarni sevardi, O‘zbekistonni sevardi. U millatparvar shoir edi. Hamma millatlarni birday e’zozlardi. U butun Yer yuzining shoiri edi. Aslo mahalliychi emasdi. O‘z millati bilan aslo cheklanib qolmagan edi. U butun Yer yuziga taaluqli daholardan edi. O‘z fikrlari bilan, she’rlari, dostonlari, dunyoqarashi, tutgan yo‘li bilan insoniyatni ahillikka, do‘stlikka, haqiqiy inson bo‘lib yashashga chorlardi. Yovuzlikka qarshi kurashardi, zulmga, tutqunlikka, insonni inson tomonidan, davlatni davlat tomonidan, saltanatni saltanat tomonidan, dinni din tomonidan mahf etilishiga, bosqinchilikka qarshi matonat va jasorat bilan kurashardi.

U buyuk shoir edi, ammo aslo maddoh emas edi. U buyuk rus shoiri edi, ammo Rossiyaning maddohi emas edi. U Rossiyaning manfaatlari bilan chegaralanib qolmagan edi. U rus manfaatini qanchalik ulug‘lasa, gruzin, o‘zbek, fransuz, ingliz, amerika manfaatini ham shunchalik ulug‘lardi. U biror millat, biror davlat, biror din kuychisi emas, inson kuychisi edi. Inson erki, inson buyukligi, inson muhabbati kuychisi edi.

Yevtushenko singari shoirlar borligi uchun Yer shari go‘zal, Yer sayyorasi ulug‘ edi. Yer sharida adolat, adabiyot, umuminsoniy qadriyatlar xukmron edi. Yevtushenko bugungi kunning Bill Geyts, Mark Sukerberg, Jeyms Kemeron singari daholaridan biri edi.

Insoniyat bugun o‘z daholaridan biri bilan vidolashmoqda. Millatimiz, dinimizdan qat’iy nazar insoniyatga yaxshilik, halollik, poklik, ezgulik urug‘ini sochgan har bir inson oldida ta’zim bajo keltirishimiz, har birimizning insoniy burchimiz. Kelinglar azizlar, butun insoniyatni sevgan, butun umr insoniyat manfaatlari uchun kurashgan, azob chekkan, qayg‘urgan,hayotini baxshida qilgan, shu jumladan o‘zbekni sevgan, qadrlagan, e’zozlagan buyuk shoir oldida bosh egaylik, uning haqqiga duo qilaylik, nomini yaxshi so‘zlar bilan yod etaylik, butun insoniyat qayg‘usiga sherik bo‘laylik. Qabringiz nurga to‘lsin Jenya og‘a!"

Yangiliklar lentasi
0