Migratsiya agentligi ro‘yxatga olish va test sinovi bo‘yicha savollarga izoh berdi

© Foto: AGN «Moskva”GBU «Migratsionniy sentr”
GBU «Migratsionniy sentr” - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Agentlikning bildirishicha, savol-javob jarayoniga kiritilgan savollar 7-8-9-sinf adabiyotlaridan olinganligiga qaramay mazkur savollarga javob bera olmaganligi natijasida ko‘plab fuqarolar ro‘yxatdan o‘ta olmagan

TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Koreyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni koreys tilidan test sinovida ishtirok etish uchun bo‘lib o‘tgan ro‘yxatga olish jarayoni bo‘yicha sharh e’lon qildi.

Unda aytilishicha, Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarga koreys tilidan test sinovida ishtirok etish uchun bo‘lib o‘tgan ro‘yxatga olish jarayoni bo‘yicha fuqarolardan ko‘plab savollar kelib tushgan.

"Koreya Respublikasi vakolatli idoralari, ish beruvchilari yurtimizdan borayotgan ayrim fuqarolarning bilim saviyasi pastligidan, shartnoma tuzilgan ish joyidan boshqa joyga sababsiz ko‘chib o‘tishidan, nolegal holatga tushishidan norozilik bildirganlar va bu O‘zbekiston Respublikasiga ajratiladigan kvotalarning qisqartirilishiga ham olib keldi. Bu holatlar bartaraf qilinmagan taqdirda kvotalarning umuman tugatilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini Koreya tomoni ma’lum qilgan.

Toshkentlik xakerlar tashqi mehnat migratsiyasi agentligi saytiga hujum uyushtirishdi

Koreya Respublikasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuboriladigan fuqarolar ayrim fuqarolar tushunchasidagi "qora ishchi" emas, balki xizmat ko‘rsatish va servis hamda ishlab chiqarish yo‘nalishiga ishga joylashtiriladi.

Shu sababli Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarga koreys tilidan test sinovida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatga olish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Ro‘yxatga olish jarayonida fuqarolarning bilim saviyasini sinovdan o‘tkazish uchun savol-javob tariqasida savollar berildi", deyiladi agentlik sharhida.

Sharhda bildirilishicha, tuzilgan savollar o‘rta ta’lim maktablarining 7-8-9 sinflari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga mo‘ljallangan adabiyotlaridan olingan.

"Fuqarolarning ko‘plab murojaatiga sabab bo‘lgan "Halima enam allalari" she’riy to‘plami muallifi kim? Bu to‘plam muallifi O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bo‘lib, mazkur mavzu 8-sinf uchun mo‘ljallangan adabiyot darsligida keltirilgan.

Mo‘g‘ul xoni Xitoyda qachon va qaysi sulolaga asos solganligi haqidagi savol 7-sinf uchun mo‘ljallangan tarix fani mavzusiga oiddir.

1934 yilda Tunisda tuzilgan "Yangi dastur" partiyasi rahbari aslida qanday kasb egasi bo‘lgan? Bu savol Jahon tarixi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘llanmasidan olingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Qo‘llanma mualliflari U.Jo‘rayev, M.Lafasov", — deya savollarning manbasi keltiriladi sharhda.

Janubiy Koreya, Seul - Sputnik O‘zbekiston
Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun onlayn anketa to‘ldirish davom etmoqda - Mehnat vazirligi

Agentlikning ma’lum qilishicha, fuqarolar tomonidan bildirilgan "Yer yuzida qancha qum zarrasi bor?", "Sirdaryoda necha xil baliq turi mavjud?", "Ahmad qachon vafot etgan?"kabi savollar ro‘yxatga o‘tish jarayoniga qo‘yilmagan bo‘lib, bu savollar g‘arazli maqsadlarni ko‘zlovchi ayrim nopok shaxslarning uydirmalari mahsuli va Fotoshop dasturidan foydalanilgan holda qalbakilashtirilgan.

Sharhga ko‘ra, ro‘yxatga olish jarayonida berilgan savollar kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarining bitirish jarayonida topshirilishi majburiy bo‘lgan yakuniy imtihonlar uchun tuzilgan hamda oxirgi yillar davomida rasmiy ta’lim portali hisoblangan ZIYONET.UZ saytida joylashtirilgan test savollaridan yig‘ma tarzda olingan.

Agentlikning bildirishicha, savol-javob jarayoniga kiritilgan savollar 7-8-9-sinf adabiyotlaridan olinganligiga qaramay mazkur savollarga javob bera olmaganligi natijasida ko‘plab fuqarolar ro‘yxatdan o‘ta olmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sinov jarayoni 3-aprel kuni Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining eps.go.kr saytidan 2015-yil test sinoviga kiritilgan savollar asosida qayta o‘tkazildi.

Ayrim fuqarolar sinovda qatnashish uchun login-parolni kiritganlarida "login va parol noto‘g‘ri" ekanligi haqida ma’lumot chiqqanligidan noroziliklarini bildirishgandi.

Mazkur holat bo‘yicha agentlikning aytishicha, "2-bosqichda qatnashish uchun kiritilishi lozim bo‘lgan login va parollar noto‘g‘riligi ro‘yxatga olish jarayonida ma’lumotlarni noto‘g‘ri kiritish natijasida yuzaga keladi.

Ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganda loginga fuqaroning pasport seriyasi va raqami, parolga ro‘yxatga o‘tish jarayonida kiritgan telefon raqami berilgan".

MXX Koreyaga ishga jo‘natish uchun pul undiradigan tovlamachilarni qo‘lga oldi

2015 yilga qadar ro‘yxatdan o‘tish jarayoni stadionlarda bevosita fuqarolarning ishtirokida o‘tkazib kelingan. Koreyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarning ko‘pligi sababli ommaviy tartibsizliklar va ruxsatnomalarni soxtalashtirish holatlari yuzaga kelib, fuqarolar jarohat olishlari ham kuzatilgan.

2015 yil noyabr oyidan fuqarolar sarsongarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik, bevosita o‘z hududida turgan holda ro‘yxatdan o‘tish, ularni ortiqcha yo‘l xarajatlaridan saqlash, zamonaviy informatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida internet tarmog‘i orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi 2017-yilning 27-28-29-30 mart kunlari Koreyada ishlashni istagan fuqarolarni ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayoni o‘tkazilishini e’lon qilgan, biroq ushbu jarayonni o‘tkazishda qator muammolar paydo bo‘lgandi.

Yangiliklar lentasi
0