02:23 22 Oktyabr 2017
Efir
Uzbekskiye studentы v posolstve RUz v Moskve

2021 yilgacha Oʻzbekiston oliygohlariga talabalar qabul qilish 18%ga oshiriladi

© Sputnik/
Jamiyat
Havola olish
Abituriyent-2017: oʻzgarish va yangiliklar (30)
47430

Oliy taʼlim tizimini 2017-2021 yillarga moʻljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 1,7 trillion soʻm yoʻnaltiriladi

TOSHKENT, 21 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidentining "Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga koʻra, oʻquv yurtlariga qabul qilishning umumiy koʻrsatkichlari 2021 yilgacha 18 foizgacha oshiriladi.

Hujjatda taʼkidlanishicha, 2011-2016 yillarda oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida 25 ta oliy taʼlim muassasasining 202 ta obʼyektida yangi qurilish, kapital taʼmirlash va rekonstruktsiya ishlari bajarilgan.

Muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yoʻnalishlari va ixtisosliklari boʻyicha oʻqishga qabul qilish, uning umumiy soniga nisbatan 23 foizdan 33,2 foizga oshdi. Oliy taʼlim sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha yangilangan davlat oliy taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari joriy qilindi.

Biroq Oʻzbekiston prezidentining farmoyishi bilan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan oliy taʼlim tizimidagi holatni oʻrganish natijalariga koʻra, bir qator oliy taʼlim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, taʼlim jarayonlarini axborot-uslubiy va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.

"Oliy taʼlim tizimida oʻz yoʻnalishlari boʻyicha dunyoning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatish, oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayapti", — deyiladi hujjatda.

2017-2021 yillarda Oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta koʻrish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlashga qaratilgan.

Dasturga muvofiq, 2017-2021 yillarda 48 ta oliy taʼlim muassasasida jami 180 ta oʻquv, ilmiy-laboratoriya binosi, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalari obʼyektlarida qurilish, rekonstruktsiya va kapital taʼmirlash ishlari olib boriladi. 53 ta oliy taʼlim muassasasida 400 ta oʻquv laboratoriyasi bosqichma-bosqich eng zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi, 7 ta oliy taʼlim muassasasida barcha oliy taʼlim muassasalari oʻzaro hamkorlikda foydalanadigan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi.

Prezident har bir oliy oʻquv yurtini rivojlantirish boʻycha manzilli dasturlarni tasdiqladi. Dasturlarda aniq parametr va koʻrsatkichlar koʻzda tutilgan. Masalan, bakalavriat va magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy koʻrsatkichlari 2021 yilgacha bosqichma-bosqich ravishda 18 foizgacha oshiriladi.
Mamlakatning har bir oliy taʼlim muassasasi AQSH, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va shu kabi boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarining oʻrnatilgani oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda har yili 350 nafardan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimlarni mamlakat oliy oʻquv yurtlariga oʻquv jarayoniga jalb etish koʻzda tutilmoqda.

Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligiga uch oy muddatda oliy oʻquv yurtlari pedagog xodimlariga ularning kasb mahorati, faoliyatidagi yuqori natijadorlik va tarbiyaviy sohadagi samarali ishtirokini inobatga olib, ustama haq toʻlashni belgilash tizimi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi topshirildi.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda iqtidorli yosh pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining "Isteʼdod" jamgʻarmasi faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar koʻzda tutilgan takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha bajariladigan amaliy, innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari boʻyicha yuridik shaxslarning daromad soligʻi, yagona soliq toʻlovi, qoʻshimcha qiymat soligʻi va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlardan ozod etildi.

Taʼlim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻyicha davlat inspektsiyasi tashkil etiladi.

Oliy taʼlim tizimini 2017-2021 yillarga moʻljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan moliyaviy mablagʻlar 1,7 trillion soʻmdan ziyod boʻlib, ulardan 1,2 trillion soʻmi oʻquv-laboratoriya binolari, sport zallari va talabalar turar-joylarini rekonstruktsiya qilish va kapital taʼmirlashga, 500 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ esa oʻquv-laboratoriya uskunalari, mebel va inventar bilan taʼminlash, umumiy tartibda foydalanishga moʻljallangan, barcha taʼlim muassasalariga xizmat koʻrsatadigan laboratoriya komplekslarini tashkil etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.

Mavzu:
Abituriyent-2017: oʻzgarish va yangiliklar (30)

Asosiy mavzular