21:32 26 Iyul 2017
Efir
Kitayskiy i uzbekskiy flagi

Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida 20ta hujjat imzolanadi

AFP / ANTONY DICKSON
Jamiyat
Havola olish
63360

Oʻzbekiston yetakchisining Xitoyga tashrifi davlat tashrifi maqomiga ega boʻlib, tashrif davomida tomonlarning savdo va investitsiya sohasidagi munosabatlari muhokama qilinadi

TOSHKENT, 21 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidentining shu yilning may oyi oʻrtalarida Xitoyga amalga oshirilishi moʻljallangan tashrifi davomida 20ta hujjat imzolanishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri tashqi ishlar vaziri Javlon Vahobovning soʻzlariga tayanib.

Tashqi siyosat mahkamasi vakilining soʻzlariga koʻra, tashrif davlat tashrifi maqomiga ega boʻlib, tashrif davomida tomonlarning savdo va investitsiya sohasidagi munosabatlari muhokama qilinadi. Shuningdek, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohadagi masalalarga ham eʼtibor qaratiladi.

"Hujjatlar 20ta atrofida boʻladi. Ular orasidan bizning va Xitoy tomonining xoʻjalik yurituvchi subʼyektlari, korxonalari oʻrtasida tuziladigan koʻplab tijorat shartnoma va kelishuvlari oʻrin olgan. Dasturda XXR raisi, Davlat kengashi aʼzolari hamda yetakchi davlat korxonalari, yirik moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar rahbarlari bilan yuqori darajadagi muzokaralar oʻtkazish koʻzda tutilgan", — dedi u.

Uchrashuv va muzokaralardan tashqari Oʻzbekiston prezidentining "Bir kamar — bir yoʻl" anjumanida ishtirok etishi rejalashtirilgan. XXR rahbariyati tomonidan olgʻa surilgan ushbu tamoyil, ayniqsa, Buyuk Ipak yoʻli iqtisodiy kamarini yaratish gʻoyasi Oʻzbekiston tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlangan, deb taʼkidladi Vahobov.

"Biz nimani moʻljallamoqdamiz? Asosiy maqsadimiz —savdoni rivojlantirish, Xitoyga va bir kamar yoʻnalishida joylashgan mamlakatlarga yuqori qoʻshilgan qiymatdagi oʻzbek mahsulotlarini yetkazib berishda XXRning salohiyati, resurs va imkoniyatlaridan foydalanish. Biz shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsion vositalarini ishga solmoqchimiz, gap 100 milliard dollar haqida bormoqda hamda nizom jamgʻarmasi 40 milliard dollarni tashkil etuvchi Ipak yoʻli fondi ham mavjud", — dedi u.

Vahobovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyotning asosiy sohalarini rivojlantirishni moliyalashtirish uchun yangi kredit yoʻnalishlarini ochish, imtiyozli investitsiyalarni jalb etishni moʻljallamoqda, bular orasida infratuzilma, sanoatni rivojlantirish, respublikani mintaqada amalga oshirilayotgan transport-kommunikatsiya loyihalariga faol jalb etish muhim oʻrin tutadi.

"Asosiysi, tashrif yakunlariga koʻra Oʻzbek-Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochish, XXR bilan ikki yil ilgari oʻrnatilgan har tomonlama strategik hamkorlik yangi darajaga olib chiqilishiga erishmoqchimiz", — dedi Javlon Vahobov.

Asosiy mavzular