05:21 25 Noyabr 2017
Efir
Serfing na planshete

Oʻzbekistonda internet nashrlari pullik boʻlgani yaxshidir...

© Sputnik/ collage/Vladimir Trefilov
Jamiyat
Havola olish
18521

Mushtariy, oʻziga yoqqan nashrga obuna boʻlib, sifatli maqolalarni reklamasiz oʻqigani maʼqulmi, yoki boshqa saytlardan koʻchirib olingan, arzigan-arzimagan xabarlarni, oʻnlab reklama bannerlari orasidan topib oʻqigani maʼqulmi?

TOSHKENT, 4 may — Sputnik. Bugungi kunda Oʻzbekistonda  bir necha oʻnlab internet nashrlari  faoliyat yuritib kelmoqda. Ularda bor-yoʻgʻi 3-4 kishi ishlasa-da,  bir kunda yuzlab maqolalar chop etishi mumkin.  Qanday qilib deysizmi?

Bu juda oson, internetni kavlashtirib, koʻziga yoqqan hamma narsani koʻchirib olaverish kerak. Mualliflik  huquqlari, nashrning oʻziga xosligi, jurnalist nigohi va — vijon kabi "arzimagan" tushunchalar unutib qoʻyilsa boʻldi.   

Aynan shu sababli bugun Oʻzbekistonda qaysi internet nashrini oʻqishning umuman farqi qolmadi. Hamma joyda bir xil sarlavha, bir xil ibora va bir xil fotosuratlar. Oʻzi material tayyorlaydigan, muhim voqealar boʻlayotgan joylarga oʻz muxbirlarini yuborayotgan nashrlar sanoqli.

Oʻzbekistondagi aksariyat internet-OAVlarida na oʻziga xoslik, na tahririyat siyosati  seziladi. Ular nima ish qilayotganini oʻzlari ham tushunmasa kerak.

Bularning hammasi bir kun kelib talabchan oʻquvchining joniga tegadi va  u onlayn nashrlardan butunlay voz kechib, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarga oʻtib ketishi mumkin.

Vaholanki, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida oʻziga ishongan va layoqatli mushtariylarga ega boʻlgan OAVlar, reklama va koʻchirilgan xabarlardan toʻliq voz kechib, pullik obunaga tizimiga oʻtmoqda. Bu chop etilayotgan maqolalar sifatiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ular "Klik" jamlashga qaratilgan, "musor" xabarlardan voz kechib, faqat sifatli va qiziq maqolalar tayyorlamoqda.

Statistika maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda AQShda 600 ta pullik nashr, Yevropada 100ga yaqin va Rossiyada 10dan ortiq ana shunday nashrlar bor. Ayrim OAVlar yangiliklar boʻlimini bepul qoldirib, tahliliy maqolalar, intervyu va reportajlar boʻlimini pullik qilishgan.

Times, Financial Times, Le Figaro, The Wall Street Journal, Newsday kabi dunyoning eng ommaviy nashrlarini oʻqish — pullik obuna asosida amalga oshiriladi. Rossiyada ham pullik nashrlar soni kun sayin ortib bormoqda: Vedomosti, Avtorevyu, Dojd, Snob kabi nashrlar bugungi kunda obuna taklif qilmoqda.

Yana bir fakt, MDH mamlakatlarida ham foydalanuvchilarning mualliflik huquqlariga boʻlgan hurmati kun sayin ortib bormoqda. Litsenziyasiz mahsulotdan foydalanish imkoni boʻlganlar, ham bunday qilmayapti. Masalan, 10-15 yil avval Rossiyada hamma litsenziyasiz kinolarni tomosha qilar va noqonuniy sotib olingan oʻyinlar va dasturlar har bir kompyuterga oʻrnatilgan edi. Bugun kompyuter oʻyinlari va dasturlarning oʻrtacha 60% litsenziyalangan. OAV sohasida esa, birovning maqolasini toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirib qoʻyish tajribasi — umuman yoʻq boʻlgan.

Balkim Oʻzbekistonda ham internet nashrlariga pullik obuna tizimi boʻlgani yaxshidir?

Balkim oʻshanda jurnalistlar rerayt, kopipast va tarjima emas, oʻzlarining haqiqiy vazifasi bilan mashgʻul boʻladi. Balkim ushanda ular har kuni yangi reportajlar, intervyular  tayyorlashadi. Balkim oʻshanda internet nashrlari "klik"lar soni uchun emas, mushtariy koʻngli, mushtariy ishonchi va layoqati uchun kurashadi.

Mushtariy esa, oʻz navbatida sifatli va mazmunli kontent uchun pul toʻlashga rozi boʻladi. Oʻzbekiston aholisi hozir bunday oʻzgarishlarga tayyor boʻlmasada, kelajakda bunday kunlar kelishi aniq, chunki dunyo shunday yoʻldan bormoqda.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular