03:17 17 Dekabr 2017
Efir
Motamsaro ona haykali, Toshkent

Eksklyuziv: Ilhom Jabborov "Motamsaro ona" timsolida kimni tasvirlagan edi?

© Nicola e Pina
Jamiyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
9 May - muqaddas Xotira va buyuk Gʻalaba kuni (34)
1651120

"Prezident "Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambar qoʻydi" yoki haykal poyiga gulchambar qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi, degan xabarlarga bot-bot koʻzingiz tushadi. Internet sahifalarida "Mangu motam tutishga mahkum ona - "Motamsaro ona" degan fikrlar ham uchrab qoladi. Aslida, bu Ona - kim?

TOSHKENT, 9 may — Sputnik. Motamsaro ona haykali timsolini haykaltarosh kimdan namuna olib yaratgan ekan, degan masala sizni hech qiynaganmi? Men bu borada oʻzimga juda koʻp savol berganman.

"Oʻzbek onasi timsolini yaratgan Ilhom Jabborov kimdan namuna koʻchirgan edi? Obrazni yaratayotgan ijodkor oʻz oldiga qanday maqsad qoʻygan edi?" kabi savollarni…

Oldindan aytib qoʻyishim kerak, kuni kecha, "Shomahmudovlar oilasidan kimlar hayot" materialini tayyorlash chogʻida, jurnalist Fozil Farhoddan eshitgan navbatdagi hikoya tufayli men bugun sizlarga Ilhom Jabborov bilan boʻlgan qisqa suhbatni havola etyapman.

"Yaqinda "Tahlilnoma"da bir lavha tayyorladik — urushga ketib, Germaniyada qolib ketgan Usmonjon Sodiqov haqida, — deb qoldi suhbatimiz davomida Fozil. — Sharh tayyorlash uchun Usmonjon akaning jiyanlarining uyiga bordik. Ayol buvisi Usmon akani bir umr kutganini aytdi. Oʻgʻlim keladi, deb hatto qoraxat kelganiga qaramay, ayol kutishdan toʻxtamagan ekan…". Fozil Usmon akaning onalari rasmi borligini, rasmda mushtipar ona xuddi "Motamsaro ona"dek, qoʻllarini tizzasiga qoʻyib, kutib oʻtirgani aks ettirilganini qoʻshimcha qildi.

…Ilhom Jabborovga qoʻngʻiroq qilib tushish oson ish emas, deb ogohlantirishganlariga qaramay, haykaltarosh raqamini terdim. Goʻshakni Ilhom Jabborovning oʻzlari koʻtardilar.

Salom-alikdan soʻng: "Aytingchi, "Motamsaro ona" haykalini kimdan namuna olib yasagansiz? Yoki bu obrazni yaratish chogʻida onalar haqida materiallarni oʻrgangandirsiz?", — deya savol berdim.

Haykaltarosh javob avvalida ona toʻgʻrisida material oʻrganishning keragi yoʻqligini, ona timsolining oʻzi tayyor material ekanini taʼkidladilar.

Soʻng, "Men oʻzimning onamdan namuna olganman, boshqacha boʻlishi mumkin ham emasdi… Onam menga oʻxshagan farzanddan oʻntasini dunyoga keltirgan. Hammamizni urushdan oldingi qiyinchilik paytlarida oyoqqa turgʻazgan. Toʻngʻich farzandini 16-17 yoshida urushga olib ketishgan. U bedarak ketgan. Shunaqa…", — deya hikoya qildi haykaltarosh.

Va ona toʻgʻrisida yozish oson ish emasligini qoʻshimcha qildilar.

"Koʻp narsalar chiqqan boʻlsa keragu, lekin ona toʻgʻrisida yozish juda qiyin…", deb, kutilmaganda mendan farzandim bor-yoʻqligi haqida soʻradilar.

Ikki farzandning onasi ekanligimni aytdim.

"Ana, ertalabdan kechgacha, "Qayerda ekan? Nima qildi ekan?", deb, hatto hozirgi tinchlik zamonida ham kutib oʻtirasiz, yuragingizni changallab, toʻgʻrimi?", savol berdi menga Ilhom aka.

Albatta, shunday. (Onalar meni tushunadi.)

"Bu ona — faqat urushdagi farzandini kutgan onamas, bu ona — umumiy ONA obrazining yigʻindisi. Hayot davom etyaptiki — ona oʻz farzandini kutgan. Koʻchada oʻynab yurgan boʻlsa ham kutib oʻtirgan, yoki ishga ketsa ham kutgan. Farzandi armiyaga ketsa ham kutgan, institutga ketsa ham kutib oʻtirgan. Ona faqat kutadi! Masalan, meni 50 yoshimda ham "Ilhom qayerda ekan? Nima boʻldi ekan", deb kutib oʻtirardi. Oʻsha obraz bu", — deb suhbatga yakun yasadi Ilhom Jabborov.

…Urush davrida oʻz farzandlariga ham ona, ham ota boʻlgan — Ona timsolini yaratish ham oson kechmaganiga ishonchim komil.

"Millat kelajagi onalar qoʻlida", degan gap bejizga aytilmagan. Bugungi yutuqlarimiz uchun ojizaligiga qaramay, oʻzini fido qilishdan qoʻrqmagan, mushtipar ONAlarimiz oldida ham bosh egamiz.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Mavzu:
9 May - muqaddas Xotira va buyuk Gʻalaba kuni (34)
Teglar:
Ilhom Jabborov, Motamsaro ona

Asosiy mavzular