11:23 21 Avgust 2017
Efir
Oʻzbek chegarachisi

Oʻzbek-qirgʻiz chegarasidagi gap: soxta telegramma ortida qanday maqsad bor?

AP Photo / Anvar Ilyasov
Jamiyat
Havola olish
175340

Baʼzi shaxslar arzimagan pul evaziga soxta telegramma yordamida mamlakatimiz hududiga gʻaraz maqsadlarda kirib kelayotganlarga imkon yaratishmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari tomonidan bir qator ana shunday holatlar aniqlandi

TOSHKENT, 17 may — Sputnik. Maʼlumki, qoʻshni mamlakatlarga oʻtish va u yerdan bu tomonga kirib kelishning oʻz tartib-qoidalari bor. Chegaralar hamisha daxlsiz hisoblanadi.

Xuddi shunday qonuniy kirish-chiqishlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari bilan yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2004 yil 24 iyulda Bishkek shahrida imzolangan davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari haqidagi Bitim hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 28 dekabrda "Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida" qarori qabul qilingan.

Oʻzbek-qirgʻiz xalqlari azaldan quda-anda, qarindosh boʻlib, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Toʻyu-maʼrakalarida ham ular doimo birga boʻlib kelishmoqda. Albatta chegaradan oʻtishda dafn marosimi yoki toʻyga chaqirilgan telegramma-taklifnomani taqdim etish lozim. Koʻpchilik ana shular asosida yurtimizda, qoʻshni davlatda boʻlib, aziz insonlari bilan diydorlashmoqda.

Afsuski, xalqimizda guruch kurmaksiz boʻlmaydi, degan naql bejiz aytilmagan ekan. Baʼzilar arzimagan pul evaziga soxta telegramma yordamida mamlakatimiz hududiga gʻaraz maqsadlarda kirib kelayotganlarga imkon yaratishmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari tomonidan bir qator ana shunday holatlar aniqlandi.

Keyingi paytda Qirgʻiziston Respublikasi "Kirgыztelekom" aloqa boshqarmasi Oʻsh viloyat Novqat boʻlimida ishlovchi xodimlar tomonidan qalbaki telegrammalarning tarqalish holatlari koʻp uchramoqda.

Joriy yilning 24 mart kuni davlat chegarasining "Vodil" chegara nazorat oʻtkazish maskanida Oʻzbekistonga oʻtayotgan Saidolimxon Umurzaqovning taqdim etgan hujjatlari chegarachilarimizda shubha uygʻotgan. Savol-javob qilingan chogʻida soxta telegrammaning "siri" ochilib qoldi. Aniqlanishicha, mamlakatimizga oʻtish uchun qalbaki tayyorlanayotgan telegrammalarning narxi 800 soʻm qirgʻiz pulini tashkil qiladi.

Bu soxta telegrammalar Novqat tumanidagi aloqa boʻlimida telegrafistka boʻlib ishlovchi N. Turaxodjayeva tomonidan tayyorlab berilgan. Nafsning quli boʻlgan aloqa xodimi bu bilan ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarga putur yetkazayotganini his etarmikin?! Shuningdek, Qirgʻizistonga borib, noqonuniy migratsiyada ishlayotganlar ham davlat chegaralaridan oʻtayotganda qalbaki hujjatlarni taqdim etish holatlari ham bor.

Achinarlisi, esa yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar ham baʼzida ularga sherik boʻlib qolmoqda. Shu oʻrinda viloyatimizdagi ayrim fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mutasaddilari ham oʻz vakolatlarini baʼzida arzimagan mablagʻ evaziga buzayotganliklarini taʼkidlash zarur.

Qirgʻiziston chegarasidagi harbiy xizmatchi
© Sputnik/ Tabыldы Kadыrbekov
Ular mahallasida yashovchi fuqarolarga qoʻshni davlatdan qarindoshlarini chaqirish paytida tayyorlanishi lozim boʻlgan hujjatlarni soxtalashtirishda koʻmak berayotganini qanday tushunish mumkin? Mahalla jamiyatimizning muhim boʻgʻini boʻlib, u adolat, halollik va ezgu qadriyatlar qaror topgan maskandir. Kimlargadir hamtovoq boʻlib, nafsning yoʻrigʻiga tushib, vatanimiz sarhadlariga yomon niyat bilan kirib kelayotganlarga sharoit yaratib berish mahalla mutasaddilariga aslo yarashmaydi.

Bu vatan barchamiz uchun aziz. Yurtimizga gʻarazli maqsadda kelayotganlarga qarshi kurashish esa hammamizning burchimizdir. Zero, oʻz uyingni oʻzing asra, degan gapni aslo yoddan chiqarmaylik.

Masrur Moʻminov, Fargʻona.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular