06:35 20 Oktyabr 2017
Efir
Gul tutayotgan erkak

Qoʻshxotinlik haqida oʻzbekistonliklar fikri va nomaʼlum ayolning Mirziyoyevga murojaati

© Foto: Wallpapers Sraft
Jamiyat
Havola olish
6525172

Shavkat Mirziyoyev diniy ulamolar bilan uchrashuvda oʻzbekistonliklar orasida qonuniy nikohdan oʻtmay turib, yashirincha, sharʼiy nikoh oʻqitish holatlari keyingi vaqtlarda juda avjiga chiqayotganini taʼkidladi

TOSHKENT, 18 iyun — Sutnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev diniy ulamolar bilan uchrashuvda  koʻplab dolzarb muammolar qatorida, oilalardagi nosogʻlom muhit haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekiston rahbari ayollar orasida oʻz joniga qasd qilishdek bir ayanchli holat barham topmayotganini alohida taʼkidladi.

"Afsus bilan aytmoqchiman, oilalarda nosogʻlom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin oʻrtasida janjallar, xotin-qizlarimiz orasida oʻz joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga qoʻyadi. Sizlar yaxshi bilasizlar, Qurʼoni Karimda "oʻzingizni nohaq oʻldirmangiz" deb buyurilgan. Muborak Hadisda oʻz joniga qasd qilganlar hech qachon Jannatga tushmaganligi ham bayon qilinadi. Bunga qaramasdan ayollarimiz orasida oʻz joniga qasd qilishdek holat barham topmayapti", dedi Mirziyoyev.

"Biz avvalo buning sabablarini bartaraf etish haqida har tomonlama oʻylashimiz, jumladan, aholimiz, ayollarimiz oʻrtasida dinimizning bu koʻrsatmalarini tushuntirishimiz lozim", deb uqtirdi davlat rahbari.

"Shu bilan yana bir nozik masalalarga toʻxtalib oʻtmoqchiman", davom etdi prezident.

"Baʼzan, hayotda ZAGSdan oʻtmasdan turib, pul evaziga, yashirincha sharʼiy nikoh oʻqitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsus koʻp uchrab turibdi. Oxirgi vaqtlarda bu illat juda avjiga olyapti. Bilmayman, qayerdan paydo boʻldi, Toshkent shahri birinchi oʻrinda… (…) Bir paytlar hayotning oʻzi rad etgan kundoshlik, qoʻshxotinlik — qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy "Oʻtkan kunlar" romanida kundoshlik tufayli butun bir boshli oila boshiga tushgan fojialarni juda taʼsirchan tasvirlab bergani, nahot-ki saboq boʻlmagan boʻlsa?!", savol berdi prezident.

Axir tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tugʻilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima boʻladi? Tabiiyki, davlat qonunlari boʻyicha ular koʻpgina huquqlardan mahrum boʻladi, xususan, otalikni belgilash, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olish, meros huquqi, oʻsib ulgʻaygandan keyin, bogʻchaga, taʼlim muassasasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo boʻladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh boʻlib, turli maʼnaviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular oʻzini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiman, deb his etolmaydi", — kuyinib gapirdi minbardan prezident va imom xatiblarga yuzlandi.

"Hurmatli imom-xatiblar, sizlar ZAGS hujjatini koʻrmasdan turib, turli boyvachchalarga sharʼiy nikoh oʻqib berayotganingizda, mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo (keltirishini) loaqal tasavvur qilasizlarmi oʻzi?

Va mana shu gapdan soʻng Mirziyoyev hozirgi kunda jamiyatda ana shunday yaramas, xunuk holatlarga chek qoʻyish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi.

"Har kun janjal qiguncha, har kun qaymoq yesangchi"

"Qoʻshxotinlik" masalasi… Bu — prezident yuqorida taʼkidlaganidek, oʻta nozik masala.

"Ikki xotin olguncha, Ekta sigir olsangchi. Har kun janjal qiguncha, har kun qaymoq yesangchi", deb kuylagan Zokir Ochildiyevning gapida ham qanchalar jon borligini inkor eta olmaymiz.

Qoʻshxotinlik singari illatni yoʻqotish uchun qonun qabul qilinayotgan bir paytda, oʻzbekistonliklar bu borada qanday fikrda?

Erkaklar fikrini bilish uchun yuqoridagi savolni ijtimoiy tarmoqda eʼlon qildik.

"Qoʻshxotinlik" uchun ovoz berganlar fikri

"Ilohiy qoidami, demak insoniyat uchun foydali. Agar zarar boʻlganida, Yaratgan egamiz izn bermagan boʻlardi", deb fikr bildirgan Muzaffar Han.

"Qani edi, xotinlarimiz ruxsat berganda, 4-5tasiga uylangan boʻlardik", — deb orzu qilgan Jahongir Rahmatov.

Shu bilan birga, oʻzbekistonlik erkaklar bu bir nechta farzandlari bilan qarovsiz qolayotgan bevalar haqida qaygʻurishning bir yoʻli, degan fikrni bildirganlar.

Misol uchun Rustamjon Teshabayev shunday yozib qoldirgan:

"…Koʻpxotinlik deganda faqat xotin ustiga qiz olish tushunilmasin. Koʻpxotinlik deganda bizni birinchi oʻylantiradigan masala, bir-ikki nafar bolasi bilan beva qolgan xotinlar va boshqa muhtoj ayollarni mushkulini oson qilish uchunam koʻpxotinlikka barham berib boʻlmaydi…"

"Shaxsan men bu masalani butunlay qoralash yoki oqlash fikridan yiroqman. Buni hayot deydilar! Hayotda har xil vaziyat, holat roʻy berishi mumkin. Shundayin hodisalar ham oʻz-oʻzidan roʻy bermas. Boy odamlarning-ku nafs ilinjida uylanishini oqlab boʻlmas, biroq bir suyanchiqqa, umr yoʻldoshga muhtoj yolgʻiz ayollar istagini ham hisobga olish kerak menimcha", deb yozgan Fayzullo Elshod.

"Bu qarordan koʻproq ayollar jabr koʻradi, chunkiy yurtimizda xotini yoʻq erkakka nisbatan, eri yoʻq xotinlar ming barobar koʻp! Bu qarorni menimcha yana boshqa koʻrib chiqishsa kerak, aks holda koʻchada fohishalar battaroq koʻpaya boshlaydi, hozirgi fohishaxonalar hech gap boʻlmay qoladi! Endi prezident aytdiyu, lekin qonunchilarimiz, sal farosatini  ishlatibroq hayotga tadbiq etishadi deb umid qilamiz! Mana rahbarimiz doʻppisini olib kel dedilar, qani koʻramiz, qonunchilarimiz rostdanam doʻppisini olib kelisharmikan, yoki doʻppini kallasi bilan birga olib kelisharmikan!", deb yogan Obidjon Hasanov.

"Endi farmon chiqmasdan xotinlarimizning ortiqchasiga javob berib yuborarkinmiz? Shu savol oʻylantiryapti", deb yozgan Yassur Qayumov.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Press-slujba prezidenta RUz
"Bu oʻta nozik, yechimi qiyin muammolardan biri. Bu muammoni qonun qolipiga solib, bir tomonlama yechim chiqarib boʻlmaydi. Mening katta otalarimning 4-5 tadan ayollari boʻlgan. Oilalari soniga qarab boʻlsa kerak, beliga oʻshancha chorsi boylab yurishgan ekan. Bu 1930- yillardagi voqea. Otalarimiz hayot vaqtida ayollar ittifoq yashashgan. Otalarimizdan keyin kundoshlar boylikka ega boʻlish maqsadida hatto qotillikkacha borishgan ekan… Qoʻshxotinlik masalasida tarixni ham oʻrganish kerakka oʻxshaydi. Hozirgi zamonga kelib bitta ayolning yoki bitta oilaning kam-koʻstini toʻgʻrilash uchun erkaklar jon olib, jon berishiga toʻgʻri kelyapti. Boylar bundan mustasno. Xamma ham boy emas. Ammo har bir ayol kishi bu yorugʻ dunyoga kelibdiki, oila kqurishga, baxtli ona boʻlishga haqli. Agar bir erkakka bir ayol boʻlishi kerak, degan qonun chiqarib qoʻysak, qolgan ayollarni baxtsiz qilib qoʻymaymizmi? Menimcha, qoʻshxotinlikka ruxsat birilishi kerak. Faqat xotin olib, xotin qoʻyuvchi erdan chiqib, erga teguvchi erkak va ayollarning oila, farzandlar oldidagi burchlarini aniq koʻrsatuvchi qonunlar majmuini yaratish kerak va bu muammo kishilarning oʻz ixtiyorlariga topshirilishi kerak degan fikrdaman", deb yozgan Muxamedjan Alimjanov.

"Koʻpxotinlikni eplash qiyin — biz qarshimiz"

"Koʻp xotinlikni eplash juda qiyin masala. Erkalar asosan nafs ustunligidan kelib chiqib xotinni koʻpaytirishadi. Xotini tugʻib, koʻrinishi oʻzgarib qolsa, ajrashib tashlab ketish koʻpayib ketdi. Ayollar orasida yolgʻiz ona boʻilb qolish holatlari juda koʻp. Qisqasi, oʻzbeklarga koʻpxotinlikka ruxsat berish mumkinmas", deb koʻpxotinlikni qoralagan Jasur Nurdinov.

"Men hayronman, Ollohim xamma narsani jufti bilan yaratadiyu, nega AYOL koʻp deb dodlaymiz. Balki fohisha koʻpayishi, ahmoqlar, orsizlar, iymonsizlar koʻpayishi kimgadir foyda keltirayetgandir, keltirayapti ham", deb fikr bildirgan Hushvaq Joʻrayev.

"Prezidentimiz ham shu tashlab ketilayotgan ayollarni oʻylab shu fikrlarni aytdilar", deb yozgan El Kommersant.

Don Vito: "Koʻpxotinlikning foydasi 100%dan 1%ga teng. Hali koʻpxotinlikdan hech kim yutmagan. Amir Temurday odam yutqazganda…"

Abu Mubashhir Ibn Ahmad esa: "Agar "adolat qila olsalaringiz". Bu juda muhim masala. Bitta xotinga adolat qila olmagan odamga yoʻl boʻlsin", deya fikr bildirgan.

"Qoʻshxotinlikni qoʻyinglar, akalar. Oʻzi 1tasini bollar bilan boqamiz deb, sochimiz toʻkilib ketyaptiku, qolganiyam oqarishni boshladi, yana uylansam, doʻppim ham oqarib ketmasin", — deya qoʻshxotinlik kerakmas degan fikrni bildirgan Shamshod Rivojov.

Muallifdan:  Materialni yozib tugatish arafasida, bir ayoldan maktub oldim. U ismini eʼlon qilmasligimni soʻragan holda qoʻshxotinlikni yoqlayotgan erkaklarga va prezidentga murojaat qilgan edi.

"Qoʻshxotinli boʻlish istagidagi erkaklarning aksariyati, "beva ayollar taqdiri"dan havotir olishdi, "bolasi bor ayolga uylanish savob" degan gaplar bilan oʻzlarini oqlashga harakat qilishdi, "yeyishga ovqati, kiyishga kiyimi yoʻq ayollar qingʻir yoʻlga kirib ketishi mumkin" degan vajlarni keltirishdi. Nahotki, biz bugun akalik burchimizni unutgan boʻlsak? Axir oʻsha yolgʻiz ayol ham kimningdir singlisi emasmi?

Qoʻshxotinlikka ruxsat berilishi kerak, deya sal qolsa qichqirayozgan erkaklar, sizlarda singil, qiz yoʻqmi?

Nahot oʻzingizga yaqin ayollarga shunday taqdirni ravo koʻrsangiz?.

Ikkinchi xotin boʻlgan opa-singillarim haqida gapirmayman. Ishonchim komilki, ular oʻzlari uchun hech qachon bunday taqdirni soʻramagan…

Shundan soʻng ayol Oʻzbekiston preziyentiga murojaat qilgan.

"Muhtaram prezident, qoʻshxotinlikka qarshi qonun ishlab chiqilyapti, dedingiz. Jamiyatimizda, oʻzi shuni xohlamagan holda biron bir sabab bilan yolgʻiz ayolga aylangan, beva ayollar ham koʻp. Ularni moddiy qoʻllab-quvvatlovchi qonunchilik loyihasi ishlab chiqishning nahotki iloji boʻlmasa? Men ham beshta farzandi bilan beva qolgan bir ayol farzandiman. Boshimizdan qancha qiyinchiliklar oʻtgani uchun sizga shunday taklif bilan chiqyapman, meni eshitasiz degan umiddaman", deb maktubiga yakun yasagan ayol.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Teglar:
qoʻshxotinlik, qonun

Asosiy mavzular