13:49 28 Iyun 2017
Efir
Studentы v meditsinskom vuze

Sogʻliqni saqlash vazirligi Borovskiy kollejiga qabul toʻxtatilganligini rasman tasdiqladi

Sputnik / Aleksandr Kondratyuk
Jamiyat
Havola olish
72822

Sogʻliqni saqlash vazirligi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kolleji faoliyatini tahlil qilib chiqdi. Tahlil ushbu kollej faoliyatida jiddiy kamchiliklar va muammolar mavjudligini koʻrsatdi

TOSHKENT, 19 iyun — Sputnik. Toshkent shahridagi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017-2018 oʻquv yili uchun qabul toʻxtatilishi yuzasidan takliflar tayyorlandi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kolleji faoliyatini tahlil qilib chiqdi. Tahlil ushbu kollej faoliyatida jiddiy kamchiliklar va muammolar mavjudligini koʻrsatdi.

Jumladan, kollejda 2 ming real oʻquvchi oʻrni mavjud boʻlsa-da, bugungi kunda 3 ming 94 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Kollejda oʻquvchilar soni uning quvvatiga nisbatan 1,5 barobar koʻpligi, guruhlarda oʻquvchilar soni oʻrtacha 36-38 nafarni tashkil etishi, oʻquv xonalari yetishmasligi darslar 2 smenada tashkil etilishiga sabab boʻlgan. Bu esa oʻquvchilarning darsdan boʻsh vaqtlarida toʻgarak mashgʻulotlariga jalb etilishini cheklab qoʻygan, yaʼni qoʻshimcha mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun boʻsh auditoriyalarga juda katta ehtiyoj sezilgan.

Qolaversa, oʻquvchilar sonining koʻpligi jismoniy tarbiya darslarini sport zallarida tashkil etishda oʻquvchilarni toʻliq qamrab olish imkonini bermaydi. Yaʼni, ayrim guruhlarga jismoniy tarbiya darslarini oʻtish imkoni boʻlmagan.

Bundan tashqari, kollejning faollar zali ham yoʻq. Bu holat oʻquvchilar oʻrtasida maʼnaviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ota-onalar yigʻilishlarini oʻtkazish imkonini bermaydi. Ustiga-ustak, uch ming nafardan ortiq oʻquvchi tahsil oladigan ushbu kollejning Axborot resurs markazi oʻquv zali bor yoʻgʻi 34 oʻquvchiga moʻljallangan, xolos.

Umuman, darslarning 2 smenada tashkil etilganligi, oʻquv xonalarining barchasi bandligi, taʼlim muassasasida oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlashi, ota-onalar bilan ishlash, darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, psixologik xizmat koʻrsatish, maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahridagi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017-2018 oʻquv yili uchun qabul toʻxtatilishi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etildi.

Mazkur vakolatli organlar tomonidan taʼlim muassasasining kelgusi faoliyati bilan bogʻliq tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

 

Asosiy mavzular