21:25 26 Iyul 2017
Efir
Oʻzbekiston koʻchalari

Namnews: "Ozodlik"ning xurmacha qiliqlari sabr kosamizni toshirib yubormoqda

Sputnik / Stringer
Jamiyat
Havola olish
495480

Ota goʻri qozixonami, muhtaram "Ozodlik"chilar? Bozorchi xotin bir dumalab bosh shifokor, chevar ayol maktabga direktor boʻlsa, aqlga sigʻadigan gapmi, bu?, - degan savol bilan yuzlanmoqda Namnews nashri

TOSHKENT, 16 iyul — Sputnik. Namnews nashri ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari kirdikorlarini fosh qiluvchi maqolani eʼlon qildi.

"Keyingi vaqtlarda davlatimiz tomonidan sogʻliqni saqlash tizimiga berilayotgan alohida eʼtibor tufayli ushbu soha jadal rivojlanib bormoqda. Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligi chekka-chekka hududlarda ham yuksalib borayotgani barchaga ayon haqiqat.

Ammo bugungi kunda tibbiyot tizimidagi bunday shiddatli islohotlarni koʻrib turib koʻrmaslikka, bilib turib bilmaslikka olayotgan yoki tan olishni istamayotgan, kimlarningdir aravasiga chiqib olib, "katta ogʻa"larining qoʻshigʻini kuylab, nogʻorasiga oʻynayotgan ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalarining xurmacha qiliqlari sabr kosasini toshirib yubormoqda.

Ha, yana oʻsha "Ozodlik" radiosi, yana oʻsha gʻarazgoʻylik, yana oʻsha aljirashlar…",- deyiladi maqolada.

Aytilishicha, "Ozodlik"ning bu galgi nishoni — Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi, aniqrogʻi, uning rahbari Muharram Qobulova boʻlgan.

"Ozodlik"ning ismi-sharifi notayin "manba"sining xabar berishicha, bosh shifokorning tibbiyot sohasiga umuman aloqasi yoʻq, u bozorda sotuvchilik qilib yurgan savdogar emish.

Beixtiyor kulging qistaydi. Bozorchi xotin bir dumalab bosh shifokorga aylanib qolsa, tikuvchi ayol maktabga direktor boʻlsa, dehqon ayol yana katta bir muassasaga rahbar boʻlsa, aqlga sigʻadigan gapmi, bu?!

Ehtimol, London tomonlarda shunaqadir, lekin Oʻzbekistonda olib borilayotgan kadrlar siyosati bunday bemazagarchilikka aslo yoʻl qoʻymasligi bor gap.

Eng kulgilisi esa, "Ozodlik" oʻzining bu iddaosini oʻzi inkor etib, Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining bir necha yillar mobaynida VKK komissiyasi raisi (taʼkid "Ozodlik"niki, aslida tuman vrachlar nazorat komissiyasining raisi) boʻlib ishlagani, pora bilan qoʻlga tushib, boʻshab ketganini "oshkor" qiladi. Qiziq, pora olgan odam jinoiy javobgarlikka tortilmasdan osongina ishdan boʻshab ketaverishiga qonun yoʻl qoʻyib berar ekan-da? Kim, qayerda koʻrgan, bunaqasini?

— "Ozodlik"da taʼkidlanganidek, tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori VKK komissiyasi raisi boʻlib ishlaganida pora olib ishdan boʻshab ketgani gʻirt yolgʻon, tuhmat va boʻhtondan boshqa narsa emas, — deydi hamshira Komila Turdiyeva. — Buni qatʼiy ishonch bilan aytayotganimning sababi, men oʻsha vaqtlarda opa bilan birga ishlaganman. Bir rahbar ayolga asossiz tosh otish bilmadim, bu radio xodimlariga nima uchun kerak, bundan koʻzlagan maqsadlari nima, ularning? Mayli, yolgʻonning umri qisqa, nima boʻlgandayam "Ozodlik"chilarga insof va tavfiq bersin.

Radioning ushbu xabarida yana "Shifoxonada muhit juda yomon. Shunga juda koʻp shifokorlarimiz boshqa joylarga ishga ketib qolyapti. Oldinroq yettita shifokor sanatoriyaga ishga oʻtib ketdi, yaqinda yana uchta shifokor ketdi. Bir necha oyda jaʼmi oʻnta shifokor ketganini nima bilan izohlaysiz", degan taʼkidni uchratasiz.

— Men tuman tibbiyot birlashmasida 1999 yildan 2016 yilgacha ishladim, — deydi "Ozodlik" taʼkidlagan "juda yomon muhit"dan "qochib" ketib, hozir sanatoriyada ishlayotgan shifokor Zulxumor Toʻxtaboyeva. — Mavridi kelib qolgandi, uyimga yaqin, oʻzimga qulay joydan ish chiqib qoldi, oʻz xohishim bilan oʻtib ketdim. Bosh shifokor boshqa joyda ishlashimga qattiq qarshi boʻldi, ruxsat bermasligini aytdi. Lekin qarorim qatʼiyligini koʻrgach, noiloj rozilik berdi.

Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi kadrlar boʻlimi boshligʻi Maʼrufxon Saidmamatovning bizga maʼlum qilishicha, oʻn nafar emas, uch nafar shifokor oʻz xohishi bilan bu yerdan boʻshab, oʻziga maqbul joylarda faoliyatini davom ettirayotgan ekan.

Ikki ming nafarga yaqin xodim mehnat qilayotgan jamoa uchun nainki oʻn, balki, yuz nafar shifokorning ishdan boʻshab, ishga qabul qilinishi tabiiy jarayon emasmi? Shunga ota goʻri qozixonami, endi muhtaram "Ozodlik"chilar?

Biz tuman tibbiyot birlashmasidagi juda koʻplab shifokor va hamshiralar, turli vazifalarda ishlayotgan xodimlar bilan suhbatlashdik. Shavkat Ismonov, Salima Ismatullayeva, Umida Qirgʻizova, Komila Turdiyeva, Nargiza Qambarova, Jamila Egamberdiyeva (bu roʻyxatimizni yana uzundan uzoq davom ettirishimiz mumkin) shular jumlasidan. Ularning barchasi "Ozordlik" radiosi tarqatgan axborotga noxolis, oʻrganilmagan, bir tomonlama, igʻvo, gʻiybat deya baho berishdi.

- Bular qanaqa jurnalist oʻzi?— dedi jumladan Jamila Egamberdiyeva. — Butun ommaga bir xabarni tarqatishdan oldin uning haqiqatga qanchalik mos ekanligini tekshirib koʻrish ularning burchi va masʼuliyati emasmi? Mard boʻlishsa, kelishsin, koʻrishsin, keyin xulosa qilishsin, uzunquloq mish-mishlarga tayanavermasdan. Bir fuqaro, yana rahbar shaxsning shaʼniga magʻzava agʻdarishga haqqi yoʻq-ku, hech kimning. 27 yildan buyon shu maskanda ishlayman. Opa rahbar boʻlib keldi-yu, koʻpgina muammolarimiz barham topdi. Birinchi navbatda oziq-ovqat masalasini ijobiy hal qildi, koʻrib turibsiz, binolarimizni mana shunday chiroyli holatga keltirib, taʼmirlatdi, xullas bemorlar uchun shart-sharoitlarni kun sayin yaxshilash niyatida yelib-yugurib, kuyib-pishib ishlamoqda. Toʻgʻri, rahbar sifatida qattiqqoʻl, xodimlaridan intizom, ish, masʼuliyat talab qiladi. Bu talabchanlik hammaga ham yoqavermaydi, albatta. Ammo bir-ikki kishiningfikri katta bir jamoa aʼzolarining fikrini ifodalamasligi maʼlum haqiqat-ku?!

Xolis aytamiz, biz suhbatlashgan chortoqlik tibbiyotchilar orasida birgina hamshira boʻlib ishlagan Nilufar Ubaydullayeva bosh shifokordan keskin norozi. Sababi, rahbari uni patronajxizmatigatayinlagan. Ammou astma kasaliborliginiaytib, buni rad etgan. Bosh shifokor esa, oʻz navbatida, bu kasallik patronaj xizmatida ishlashga monelik qilmasligini aytgan.

N. Ubaydullayeva bilan suhbatlashganimizda, u bosh shifokor Muharram Qobulovadan butun Chortoq ahli (!) norozi ekani, u ishdan boʻshasa hamma xursand boʻlishini bizga maʼlum qildi. Uning bu fikridan xulosa qilish har kimning oʻziga havola. Biroq, shifoxonada davolanayotgan bemorlar, ularning yaqinlaribu yerdagi sharoitlar, tibbiyot xodimlarining munosabati-yu muomalasidan xursand va rozi ekanliklarini qayta-qayta eʼtirof etishdi.

Tibbiyot birlashmasidan chiqib, koʻcha aylandik. Odamlarning shifoxona haqidagi fikrlari bilan qiziqdik. Ittifoqo, tibbiyot fidoyisi, uzoq yillar Chortoq Tibbiyot kollejini boshqargan, Oliy Majlis Senati aʼzosi ham boʻlgan Muhabbat opa Boltaboyevani uchratib qoldik.

— Ilk faoliyatimni xuddi shu dargohda akusher-ginekolog boʻlib boshlaganman, — dedilar opa bizning muddaomizni eshitgach. — U paytdagi shifoxona bilan hozirgisining farqi yeru osmoncha. Tibbiyot birlashmasining bugungi holatini koʻrib, koʻzingiz quvnaydi, dilingiz ravshan tortadi. Bu ishlarda tabiiyki, hozirgi bosh shifokorning hissasi katta. Shu ayolning mehnati singdi. Eng muhimi, xalq rozi, bu saʼy-harakatlardan. Shifokorlarni duo qilyapti, sidqidildan rahmat aytyapti. Shuning oʻzi kifoya, boshqasi chikora…

80 yoshli mehnat faxriysi Turgʻunpoʻlat domla Usmonov esa, bu ayol rahbar boʻlib kelgach, shifoxona faqat yaxshi tarafga oʻzgarganini, bundan hamma faqat rozi, faqat xursand ekaniga eʼtibor qaratdilar. Bu kabi fikr-mulohazalarni biz suhbatlashgan chortoqlik hamyurtlarimizning hammalari bayon etishdi.

Endi insof bilan ayting, kim haq, kim nohaq? Oldi-qochdi, fakt va dalillarga asoslanmagan xabarlari bilan shundoq ham kun sayin odamlarning hafsalasini pir qilayotgan, choʻkib borayotgan "Ozodlik" xasga yopishmayaptimi, bu taxlit xatti-harakatlari bilan? Bizningcha, shunday. Bu achchiq haqiqatni xorijdagi hamkasblarimizning oʻzlari ham anglab, his etib turishibdi. Ammo…

Shuhrat DEHQONOV, Doniyor YUSUFJONOV, jurnalistlar.

Asosiy mavzular