09:38 21 Noyabr 2017
Efir
Oʻzbek soʻmi

Xalq banki pensiya toʻlovi haqida batafsil maʼlumot berdi

© Flickr/ Mr Hicks46
Jamiyat
Havola olish
73010

Xalq banki filiallaridan maxsus kassalarga naqd pullarni oʻz vaqtida va uzluksiz yetkazib berish uchun 590 ta "Damas" rusumli avtomashinalar sotib olinib, filiallarga yetkazib berildi

TOSHKENT, 17 iyul — Sputnik. Joriy yilning 1-iyulidan boshlab Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida (195 ta) pensiya toʻlovlarini Xalq bankiing 2 mingta sayyor kassalari tomonidan toʻlanishi toʻliq joriy qilindi, deb xabar berdi Xalq banki matbuot-xizmati.

Xabarga koʻra, endilikda pensionerlar har oylik pensiya mablagʻlarini jadvalga muvofiq posyolka, qishloq, ovul va mahallalardagi fuqarolar yigʻinlarida olishadi. Jadvalda belgilangan vaqtda pensiyani olishga ulgura olmagan shaxslar esa oʻz pullarini boshqa kunlarda olishlari mumkin.

"Xalq banki filiallaridan maxsus kassalarga naqd pullarni oʻz vaqtida va uzluksiz yetkazib berish uchun 590 ta "Damas" rusumli avtomashinalar sotib olinib, filiallarga yetkazib berildi va kelgusida joylardagi filiallarning ehtiyojlariga qarab qoʻshimcha avtomashinalar sotib olinadi", — deb qoʻshimcha qilingan xabarda.

Shuningdek, pensiya mablagʻini uyiga olib kelib beriladigan shaxslar roʻyxati ham tuzib chiqilib, pensiya va nafaqalarning maxsus kassalari joylashishida qandaydir oʻzgarishlar boʻlsa, pensiya oluvchilar bank, shuningdek qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan xabardor etilishi belgilab qoʻyildi.

Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tomonidan Xalq banki bilan birgalikda pensiya va nafaqalar toʻlanishini onlayn rejimda SMS-xabardor etish tizimi amalga tatbiq etildi.

Bankning barcha tuman va shahar filiallarida pensiya va nafaqa toʻlovlari boʻlimi tashkil qilinib, malakali mutaxassislar bilan butlandi.

Kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 4 mingga yaqin oʻgʻil-qizlar kassir va buxgalter nazoratchi lavozimlariga ishga olinib, ularning bandliklari taʼminlandi.

Xalq banki tizimida pensiya va nafaqa toʻlovlarini tarqatish boʻyicha barcha maʼsul xodimlarga oʻquv seminarlari tashkil qilinib, ularning tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishlari, mijozlarga muomala madaniyati boʻyicha bilim va malakalar hamda tavsiyalar berib borilmoqda.

Xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida bankning markaziy apparatidan malakali bank xodimlari biriktirilib, ular filiallarga va joylardagi kassalargacha borib, pensiya mablagʻlarini toʻlab berishda amaliy yordam berishmoqda.

Pensionerlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida har bir mahalla fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosida bank tomonidan maxsus stendlar tayyorlanib, fuqarolar uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar bilan taʼminlangan holda koʻrinadigan joyga joylashtirildi.

Pensiya mablagʻlarini tarqatilishi jarayonida yuzaga keladigan muammo va shikoyatlarni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish boʻyicha "1106" qisqa raqamli "ishonch telefoni" tashkil etildi.

Oʻrganishlar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, oʻzbekistonliklarning aksariyati belgilangan grafiklarda pensionerlarning ism-shariflari chiqmay qolishi holatlaridan shikoyat qilishgan. "Bugungi kunda bu kabi masalalar deyarli bartaraf etilgan boʻlib, yuzaga kelayotgan vaziyatlar Xalq bankining "1106" qisqa raqamli "ishonch telefoni" orqali tezkor hal etilib kelinmoqda", — deyilgan Xalq banki xabarida.

Teglar:
pensiya, Xalq banki

Asosiy mavzular